O‘zbekiston | 08:31 / 30.06.2018
28700
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident soliq siyosati sohasidagi tizimli muammolarni belgilab berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni tezkor rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning muhim shartlari hisoblanadi.

Shu bilan birga, o‘rganishlar natijalari mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o‘sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligi zaruriy darajasini ta'minlashga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ko‘rsatgan, xususan:

birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni to‘lovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to‘laydigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi;

ikkinchidan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini undirishning samarasiz tizimi, soliq to‘lovchilarning aylanma mablag‘larini jalb qiladigan, shuningdek, iste'mol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan majburiy to‘lovlarning mavjudligi;

uchinchidan, soliq to‘lovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga haq to‘lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to‘lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;

to‘rtinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni soliq va bojxona, 
shu jumladan, individual xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlar hisobiga qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli amaliyoti, natijada sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi imtiyozlarning samaradorligini nazorat va monitoring qilish tizimining mavjud emasligi;

beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliqlar ma'muriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirishning shakl va uslublarining takomillashmaganligi;

oltinchidan, o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi va insofli tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga to‘sqinlik qiladigan nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yo‘qligi;

yettinchidan, mahalliy soliqlar va yig‘imlarning ma'muriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularni yig‘iluvchanlik darajasi yetarli emasligi, shuningdek, ko‘chmas mulk va yer uchastkalarini to‘liq hisobga olish va qiymatini obektiv aniqlashning mavjud emasligi.

Mavzuga oid