Jamiyat | 15:32 / 01.07.2018
32008
4 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘li va ayoli og‘ir xastaligi sabab chorasizlik ko‘chasiga tushgan Ota hikoyasi

Bu dunyoda hech bir inson yolg‘iz biror ishni uddalay olmaydi. Yolg‘izlik faqat Allohga xos. Haqiqiy mo‘'min banda qiyinchiliklar kelganda sabr qiladi, xayrli insonlar sabab sinovlarni yengib o‘tadi.

Kun.uz sayti xayriya aksiyalarini davom ettirib, Namangan shahriga tashrif buyurdi.

O‘g‘lining xastaligi tufayli yordamga muhtoj Majidxon aka xonadonida bo‘ldik. Ushbu mahalla guzarida elektr jihozlarini ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi Majidxon aka ikki farzandi va ayoli bilan yashab kelmoqda. Dard ustiga chipqon degandek, Majidxon akaning turmush o‘rtog‘i xam ayni kunda xasta. Jigar sirrozi kasalligining so‘nggi bosqichida azob chekmoqda. “O‘g‘lim Akmalxon operatsiyasi uchun taxminan 40-50 million so‘m ketishi mumkin ekan. Ayolimniyam bitta muolajasiga 3-4 million ketayapti. Bitta dorisini o‘zi 1 million atrofida. Uyimiz bir ahvolda, hamma narsani olib chiqib sotib bo‘ldik, sotadigan hech narsamiz qolmadi. Nochor holatga kelib qoldik” deya kuyunib gapirdi Majidxon aka.

Majidxon aka ikkinchi o‘g‘li Akmalxonning sog‘lig‘idan xavotirda. 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Akmalxonga shifokorlar tomonidan tug‘ma yurak nuqsoni tashxisi qo‘yilgan. Ya'ni, klapanlarining kirish va chiqish joylarida teshiklari mavjud bo‘lib, qonni yaxshi hayday olmayotgan ekan. Hozirgi kunda ushbu kasallik tufayli bolaning bo‘yi, qo‘l va oyoqlari yaxshi shakllanmagan. Yaxshi qon aylanmasligi natijasida chap tomon qo‘l va oyog‘i qotib qolgan.

«O‘g‘limni ko‘rsatmagan joyim qolmadi. Toshkentga ham olib bordim. Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti (eski SAMPI) shifokorlari tekshirishdi. Ular davosi faqat operatsiya deyishmoqda. Yuragidagi operatsiyani o‘tkazib olsak, nasib bo‘lsa bo‘yi, qo‘l-oyoqlari ham joyiga keladi. Kerakli gormonlar, dorilarni beramiz. Muhimi, operatsiya qilinishi kerak, deyishdi. 15 iyul kuni Hindistondan shifokorlar kelishadi. Ular bilan maslahatlashib shu yerning o‘zida yoki Hindistonda operatsiya amalga oshiriladi deyishdi. Hammasi moddiy tarafga borib taqalmoqda», deydi Majidxon aka.

Majidxon akaning katta o‘g‘li Malikxon bilan ham gaplashdik. U hozirgi kunda kollejning 3-kurs talabasi bo‘lib, ishlashga, otasiga qarashishga majbur.

Darddan aziyat chekayotganiga qaramay Akmalxon kelajakka ishonchini so‘ndirmagan. Uning kelajakdagi rejalari jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi, jamiyatga sodiq ichki ishlar xodimi bo‘lish ekan.

Qolaversa otasiga ro‘zg‘or ishlarida xam yordam bermoqda. Ekinlar parvarishi, dehqonchilik ishlarida ko‘makdosh. Ayni kunda Akmalxonga xam uning onasiga xam tibbiy muolaja va parvarish kerak. Oilaning iqtisodiy xolati nochor.

Ushbu oilaning boshdan o‘tkazayotgan sinovli kunlarida ko‘makdosh bo‘laylik. Xayrli amallarimizni savoblarimiz adadini ko‘paytiraylik. Shoyad jamiyatimiz yana bir sog‘lom va baxtli oilaga ko‘paysa.

Xayriya qilmoqchi bo‘lgan savobtalab insonlar uchun qo‘shimcha ma'lumotlar: 

Akmalxonning otasi Majidxon Sharipbayevning nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 0423 8930 9443

Telefon: (91) 366-03-71

Mavzuga oid