Iqtisodiyot | 18:48 / 02.07.2018
35838
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston iqtisodiyoti «sovetcha unsurlar»dan voz kechayotganini aytdi

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida yangi davr boshlandi, deb aytish mumkin. Negaki, joriy yilning 29 iyun kuni qabul qilingan yangi soliq konseptsiyasi «sovetcha unsurlar»dan xoli.

«​Bu mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi bir davrni boshlab beradi. Sababi shuki, bugungi kunga qadar ham O‘zbekiston soliq tizimida „Sovet davri” unsurlari bor edi. Bu nimalarda ko‘rinadi, deb savol berilsa, soliqqa tortish hamma uchun barobar emasligi, bozor iqtisodiyotining bazaviy tamoyillarining inkor qilishini ko‘rsatish mumkin», deydi Jamshid Qo‘chqorov.

2 iyul kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan anjumanda ishtirok etgan Moliya vaziri Qo‘chqorov Shavkat Mirziyoyev imzolagan yangi farmon eng yomon illatlarni yo‘q qilishiga umid bog‘lagan.

«Yangi farmon bilan soliq tizimida mavjud bo‘lgan eng yomon illatlar yo‘q qilindi. Birinchidan, ilgari korxonalarning tovar aylanmasidan olinadigan 3,2 foizlik majburiy to‘lovlar mavjud edi. Korxona rahbari foyda ko‘radimi, ko‘rmaydimi, buni to‘lashga majbur edi. Endilikda aylanma mablag‘dan olinadigan soliq bekor qilindi.

Ikkinchi masala, aholi daromadlarini soliqqa tortish hisoblanadi. Bizda mehnatga layoqatli aholi soni 13 million bo‘lsa, ulardan bor-yo‘g‘i 4,6 million nafari soliq to‘laydi. Endi qancha odam pensiya oladi deb so‘ralsa, ular soni 3,3 millionni tashkil etadi. Demak, 4,6 million odam 3,3 million pensionerning pensiyasini ta'minlab berishi kerak. Qo‘pol qilib aytganda, 1,5 ishchi bir pensionerni boqishi kerak. Bu kabi raqamlar Yevropaning eng qarib borayotgan davlatlariga xos ko‘rsatkich. Biz yosh davlat bo‘lsak ham, vaziyat shunday. Shuning uchun ham Prezident farmoni bilan ish haqi jamg‘armasidan soliq olish keskin kamaytiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad ish beruvchining ham, ishchining ham mehnatini yashirmasligini ta'minlash”, deydi u.

Mavzuga oid