O‘zbekiston | 10:40 / 05.07.2018
17341
3 daqiqa o‘qiladi

Sanoat korxonalari va avtomobil yuvish shoxobchalari uchun suvdan foydalanish solig‘i oshirildi

Foto: Kommersant.Uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2 iyul kuni imzolangan «Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3823-son qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilning 1 oktabridan boshlab yer usti va yer osti suv manbaalaridan foydalanish solig‘i oshirildi.

1 oktabrdan sanoat korxonalari va avtomobillarni yuvish shoxobchalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq oshadi. 

Jumladan, avtomobillarni yuvish shoxobchalari soliqlar yig‘ish tizimidan qat'i nazar (soliq yig‘ishning umumiy yoki soddalashtirilgan tartibi), hatto yagona soliqni to‘lagan bo‘lsa ham, ushbu soliqqa tortiladi.

Yuqoridagi farmonga ko‘ra, 1 oktabrdan suv resurslaridan foydalanganlik uchun quyidagicha soliq to‘lanadi:

Iqtisodiyotning barcha tarmoq korxonalari (2—6-bandlarda ko‘rsatilganlaridan tashqari), dehqon xo‘jaliklari (yuridik va jismoniy shaxslar), shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida suv resurslaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar — yerusti suv resurslari manbalari uchun 98,2 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 124,8 so‘m;

Sanoat korxonalari (3—6-bandlarda ko‘rsatilganlaridan tashqari) — yerusti suv resurslari manbalari uchun 300,3 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 360,0 so‘m;

Avtotransportlari yuvishga ixtisoslashtirilgan korxonalar — (Mazkur korxonalar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni soliq solish tizimidan (soliq solishning umumbelgilangan yoki soddalashtirilgan tartibi) qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda to‘laydi) — yerusti suv resurslari manbalari uchun 1000,0 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 1250,0 so‘m;

Elektr stansiyalari — yerusti suv resurslari manbalari uchun 28,4 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 42,2 so‘m;

Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari — yerusti suv resurslari manbalari uchun 53,9 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 69,7 so‘m;

Alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalar:
alkogolsiz ichimlik ishlab chiqarish uchun foydalangan suv hajmi uchun — yerusti suv resurslari manbalari uchun 15 870 so‘m, yerosti suv resurslari manbalari uchun 15870 so‘m;
boshqa maqsadlarda — yerusti suv resurslari manbalari uchun 98,2 so‘m, 124,8 so‘m.

Prezident tomonidan 2019 yilgi Davlat byudjyetini shakllantirishda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini tanqidiy ravishda qayta ko‘rib chiqish topshirildi. 1.10.2018 yilga qadar suv resurslaridan foydalanuvchilar xatlovdan o‘tkaziladi.