O‘zbekiston | 22:14 / 08.07.2018
64808
7 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi voqea ichki ishlar tizimida katta islohotlarni boshlab beradimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 3 iyun kuni Samarqand viloyat Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor xodimi San'at Umarov tomonidan do‘q va haqoratlar ostida qip-yalang‘och yechintirilgan N.T. voqeasi juda katta rezonans keltirib chiqardi.

Buning ortidan Bosh prokuratura bayonot berdi. Bosh vazir o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva kattaqo‘rg‘onlik ayolning tahqirlanishini qattiq qoralab chiqdi, sudda ayol sha'ni himoya qilinishiga va'da berdi

Bugun, 8 iyul kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva Kattaqo‘rg‘on tumanidagi N.T. istiqomat qiluvchi xonadonga kelib, shaxsan o‘zi uning holidan xabar oldi. Ayolga yupanch so‘zlarini bildirib ko‘nglini ko‘tarar ekan, Tanzila Norboyeva bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etdi:

— Prezidentimiz tomonidan huquq-tartibot organlari oldiga fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, shaffoflikni ta'minlash borasida juda katta vazifalarni qo‘ygan. Islohotlar boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ichki ishlar organlari tizimida ham bitta-yarimta o‘z kasbiga noloyiq, nopok xodimlar bor. Undaylardan batamom tozalanish uchun ham ma'lum bir vaqt kerak bo‘ladi. Ayni paytda ichki ishlar organlarida ham islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qayg‘uli voqea yuzasidan bayonot qilganimda, uning umumiy mazmuni kontekstidan kesib olib, so‘zlarimni boshqacha talqin qilganlar, meni tanqid qilganlar ham uchradi.

Bu kabi kamchiliklar hamma tizimda bor, ularni bartaraf qilish ustida ish olib borilmoqda.

San'at Umarov haqida gapiradigan bo‘lsam, mana shunday odamlar bilan ishlaydigan kasb sohalarida ichki ishlar, mahalla organlari xodimlari puxta psixologik tayyorgarlikdan o‘tishi kerakligi oydinlashayapti.

Ikkinchi masala — ayollarimizning ichki ishlar organlariga ishi tushishi. Albatta, gumonlanuvchi yoki jinoyatchi sifatida emas, biror o‘zining shaxsiy masalasida yo biror narsaga aniqlik kiritish uchun deylik. Ayol kishiga onasi, rafiqasi, opasi yo singlisidek munosabat qilishi kerak emasmi? Insonning, ayniqsa ayolning qadr-qimmatini poymol qilishga hech kimga ruxsat berilmagan. Prezidentimiz o‘zining chiqishlarida ham inson qadr-qimmati eng oliy qadriyat bo‘lishi kerakligini bot-bot takrorlab kelmoqda.

Men bu voqea oshkor bo‘lganida Xorazm viloyatida xizmat safarida edim. Menga xodimlarim kechasi bu haqda ma'lumot yuborishdi. Juda katta rezonanas kelib chiqdi, to‘xtovsiz telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘ldi. Ayollarimiz isyonga keldi. Men kechasi bilan mijja qoqmasdan chiqdim. Albatta, bunday xatti-harakatlarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi, qo‘mita raisi sifatida qonunchiligimizda belgilangan qat'iy choralar ko‘rilishini talab qilaman.

Hozir zamon o‘zgardi. N.xon hech kimdan qo‘rqmasligi kerak. Sizning xavfsizligingiz, osoyishtaligingiz, huquqlaringizga daxl qilgan har qanday kishilarning jazolanishiga davlatimiz kafolat beradi. Biz sudda sizning sha'ningizni oxirigacha turib himoya qilamiz. Jamoatchi qoralovchi sifatida sudda ishtirok etamiz. Ayni paytda tergov ketmoqda, biz aralashishga haqqimiz yo‘q, lekin biz barchasini kuzatib turibmiz. Hammasi adolatli bo‘lishiga ishonchim komil. Albatta, bunday insonlarga ichki ishlar organlarida o‘rin yo‘q deb hisoblaymiz.

Umuman, men ichki ishlar vazirligi oldiga ayollarimizning huquqlari ta'minlashi yuzasidan bir qator talablar qo‘yaman. Nafaqat ichki ishlar organlari, ayollarimizning ishi tushadigan idoralarda ayollarimizga bo‘lgan munosabatlarni bir tahlil qilish fursati yetib kelgan. Birinchi navbatda ichki ishlar organlarida. Bu yerda nafaqat so‘roq qilish, gumondor sifatida ushlash masalalarida. Jazoni ijro etish muassasalarida ayollarimiz bor. Bu yerda qanday ishlar bo‘layapti. Munosabat adolatdan bo‘layaptimi, ularning huquqlari kamsitilmayaptimi? Bizning ayollarga nisbatan o‘zbekona muomala me'yorlarimizga amal qilinayaptimi? Bularning hammasini tahlil qilishga qaror qilganmiz.

Yuqoridagi fikrimni davom ettirgan holda, mana shu tizimning rahbari sifatida ayollarni har jabhada himoya qilishim uchun ichki ishlar vazirligi rahbariyati oldiga ayrim vazifa va talablarni qo‘yaman. Masalan, ayollarimizni tergov qilinish jarayonida xotin-qizlar qo‘mitasi a'zolarining ishtirokini so‘ramoqchimiz. Ikkinchidan, sud jarayonlarida yuz foiz bizning vakillarimiz qatnashishiga erishmoqchimiz. Yana bir masala — huquq tartibot organlarida ayol kadrlarning ko‘paytirilishini ham so‘raymiz. Chunki, istaymizmi-yo‘qmi, turli vaziyatlar taqozosi bilan jinoyatga qo‘l urayotgan ayollarimiz bor. Prezidentimiz belgilab bergan siyosat natijasida ayollar jinoyatchiligini keskin kamaytirish ustida ish olib borilyapti. Aytish mumkinki, ijobiy natijalar qayd etilmoqda. Lekin baribir shunga ehtiyoj bor ekanmi, ayol tergovchi, ayol mutaxassis xotin-qizlarimiz bilan ishlashi kerak.

Yana bir rejadagi masalamiz — uni hali qog‘ozga ham tushirganim yo‘q, chunki tergov tugaganidan so‘ng ichki ishlar vaziri bilan alohida borib uchrashmoqchiman — ichki ishlar organlari xodimlari tayyorlaydigan o‘quv muassasalarida albatta inson huquqlari, etika, muloqot va madaniyat masalalarida ko‘proq dars soatlarini kiritib, ularga diplom berilayotganda inson huquq va qadriyatlarini toptamaslik haqida qandaydir tilxat yozdirib olish.

Ayollar tergov xonasida albatta kamera bo‘lishi, barcha jarayonlar s'yomka qilinishi lozimligi haqidagi talabimiz ham bor.

Hozir mutaxassislar, olimlar, huquqshunoslar va senatorlardan iborat ishchi guruh ish olib bormoqda. Ular ichki ishlar vazirligi tizimida nimalarni o‘zgartirish kerakligi borasida ish olib borishmoqda.

Ichki ishlar vaziri juda talabchan va qat'iyatli rahbar. U ham bo‘lib o‘tgan voqeani keskin qoralashini ham bilaman. Bobojonov tizimda katta tozalash ishlarini olib bormoqda. Kattaqo‘rg‘onda bo‘lib o‘tgan holat ichki ishlar tizimida mana shu jabhada juda katta islohotlarga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shuhrat Shokirjonov yozib oldi.

Mavzuga oid