Jamiyat | 09:50 / 10.07.2018
65365
2 daqiqa o‘qiladi

«Malika» savdo majmuasida pichoqbozlik bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi, hujum qilgan xaridor 5 yilga qamalishi mumkin

8 iyul kuni internetda Toshkent shahri, Shayxontohur tumani hududidagi «Malika» savdo majmuasida pichoqbozlik ro‘y bergani haqida videoxabar tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB saytida bu haqda nisbatan batafsil axborot berildi.

Kecha, 8 iyul kuni, soat taxminan 17:30 da Shayxontohur tumani «Malika» savdo majmuasi hududida sotuvchi, 1988 yilda tug‘ilgan N.A. hamda xaridor, 1989 yilda tavallud topgan A.Sh. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Natijada muqaddam sudlangan A.Sh. sotuvchining ko‘krak qismiga tan jarohati yetkazadi va o‘zining Nexia avtomashinasida voqea joyidan qochib ketdi. Jarohat olgan sotuvchiga Yunusobod tumanidagi 7-shahar klinik shifoxonasida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Tezkor-surishtiruv ishlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi va boshqaruvida bo‘lgan avtomobil davlat raqami aniqlandi. Hozirda gumondor qo‘lga olingan.

Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro janjal sotuvchi va uning opasi o‘rtasida kelib chiqqan. Ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi («Bezorilik»), 2-qismi «v» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda bo‘yicha eng og‘ir jazo besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish hisoblanadi.

Mavzuga oid