Sport | 11:57 / 11.07.2018
16355
9 daqiqa o‘qiladi

Mushaklar xotirasi: ikkinchi finalchi Angliya bo‘lishi haqida nazariya

Foto: Matthias Schrader/AP

Yarimfinal qandaydir boshqacha, alohida bir turnirga o‘xshaydi. Bu yerda kamdan kam holatda syurprizlarni ko‘rish mumkin. Final ostonasi aslida juda kuchli tuyulgan uncha muncha terma jamoaning ham oyog‘ini qaltiratib qo‘yadi. Kecha Martines yarimhimoyaga Dembeleni ham qo‘shib, markazni zichlashtirib yuborganidan (natijada Braziliyaga qarshi o‘yindagi asosiy qurol – tezkorlik bilan hujumga chiqish qiyinlashdi, ortiqcha paslar ko‘paydi) tashqari, Fransiyani o‘yin paytida favoritga aylantirib qo‘ygan boshqa jihat ham borligiga ishongim keladi. Shu haqida gaplashaylik. 

So‘nggi davrlardagi Yevropa chempionatlari finalchilariga e'tibor qaratsak, bu ro‘yxatda Belgiya, Daniya, Chexiya, Gretsiya kabilarni ham ko‘ramiz. Qizig‘i, o‘xshash formatda va ko‘pincha ayni peshqadam jamoalar o‘rtasida kechadigan jahon chempionati finallarida pastroq statusdagi jamoalarni uchratmaymiz. Braziliya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya, Italiya, Argentina - mana sizlarga qariyb yarim asrlik davr mobaynida JCh finallarida o‘ynagan jamoalar. 

Aslida, o‘sha mundiallarni ham u qadar an'anaviy o‘tgan deb bo‘lmaydi, zero bu turnirlarda ham birdaniga portlab chiqqan jamoalar topiladi, masalan, so‘nggi yillarda Shvetsiya, Bolgariya, Xorvatiya, Koreya, Turkiya, Portugaliya, Urugvay kabi terma jamoalar shular jumlasidan. Ammo, bu jamoalar qanchalik yorqin o‘yin ko‘rsatishmasin, o‘z yurishlarini yarimfinalda to‘xtatishga majbur bo‘lishgan. 

Sizning, axir Argentina va Braziliya jamoalari qo‘shilib, shunday holatni yuzaga keltiryapti-ku, degan e'tirozingizga qo‘shilmayman. Braziliya o‘rniga 1998 yilda Niderlandiya, 2002 yilda Angliya chiqqan bo‘lardi, masalan. JCh-2014 finalchisi Argentina ham yarim finalda Niderlandiya ustidan g‘alaba qozongan, demak ularsiz ham noodatiy final ko‘rmasdik baribir. Yevro va JCh finalchilari o‘rtasidagi bu o‘ziga xos tafovutga boshqa tomondan sabab axtarib topsa bo‘ladi, menimcha. 

Misol uchun, mundiallarda bir terma jamoa finalga chiqishi uchun qatorasiga 6 o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkazishi lozim, to‘g‘rimi? Guruh bosqichida 3 o‘yin, pley-offda yana 3 o‘yin. Yevropada esa, Yevro-2016gacha yo‘l biroz qisqa bo‘lgan - guruh bosqichidan tashqari chorak final va yarim finalni, ya'ni 2 o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkaza olsangiz, kifoya, finaldasiz. 

Kuchli jamoalar uchun bu farq unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi, ular qatorasiga 10 o‘yinda ham g‘alaba qozonishlari mumkin, muammo yo‘q. Shuningdek, avvaldan oxirigacha borishni niyat qilgan termalar o‘ziga xos strategiya bilan tashrif buyuradilar - o‘yindan o‘yinga kuchayib borish, ma'lum reja asosidagi rotatsiya orqali kuch taqsimotini nazorat qilish. Aytaylik, guruhdagi dastlabki ikki o‘yinda masalani hal qilib, uchinchi o‘yinda «tin olish» yoki guruh o‘yinlarini «ekonom rejim»da o‘tkazish.

Lekin turnir davomida ishtahasi ochilgan jamoalar uchun bunday strategiya bo‘lmaydi - ular har o‘yinga bor kuchlarini beradilar, har o‘yinda mag‘lubiyatga tayyor turadilar, to‘g‘rimi? Bu holatda ketma-ket o‘yinlarni yutish oson emas.

Menimcha, an'anaviy favoritlar va oddiyroq jamoalarning final sari yo‘llaridagi farq shu yerda - finalgacha bo‘lgan o‘yinlar sonida kelib chiqadi. Aytmoqchimanki, qatorasiga 6 o‘yinda muvaffaqiyat qozonish bilan qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozonishning farqi katta. Demak, pley-offda 3 marta ketma-ket yutuqqa erishish bilan 2 pley-off o‘yinini muvaffaqiyatli yakunlash orasidagi farq katta. Mundial va Yevropa chempionati finalchilari orasidagi farq mana shu yerda namoyon bo‘lmoqda. Aslida har ikki turnirda ham o‘sha turnir uchun «portlay olgan», kutilmagan favoritlar mavjud bo‘lib kelgan, bu jamoalarni yuqorida sanab ham o‘tdik. Faqat bunday jamoalar uchun maksimal chegara 5 o‘yin bo‘lgani uchun Yevropada ular finalgacha yetib bora olishgan, mundialda esa, final uchun 6-o‘yinni ham yutishga to‘g‘ri kelib qolgan va yutqazishgan. (Tabiiyki, Daniya va Gretsiya 6-o‘yinni ham yutganini pesh qilishingiz mumkin, lekin finalga chiqib olgach, bir o‘yinda har qanday natija qayd etilishi mumkin. Yetmay qolishini aytayotganim kuch ham, motivatsiya ham topiladi) 

Bu fikrlar shunchaki, bir faraz xolos. 5 o‘yin bilan 6 o‘yin o‘tkazish farqini ilmiy tomondan asoslab bera olmayman. Qizig‘i shundaki, Yevro-2016dan boshlab, bu turnirda jamoalar soni 24 taga oshirildi, ya'ni endi guruhdan keyin 1/8 final ham bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi. Finalga chiqish uchun 6 o‘yini yutish talab etiladigan format yuzaga keldi. Finalchilarni qarang – Fransiya va Portugaliya. Favorit maqomidagi jamoalar. Juda yorqin o‘ynagan Uels yoki Islandiya yetib kela olmadi, qarang. Portugaliyani bu safar favoritga aylantirib olganimning ham sababi bor, rostan ham bu jamoaga raqib bo‘lgan Polsha, Xorvatiya, Uels kabi terma jamoalar status jihatidan Portugaliyadan pastroq bo‘lgandilar. Aytmoqchimanki, Yevropa ham finalgacha bo‘lgan yo‘lni 1 o‘yinga uzaytirgandi, bu yerda ham finalga faqat favoritlar chiqa boshladi. 

Bu formulani Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatiga qo‘llasak, Angliya terma jamoasi finalga chiqishi kerak. Yarim finalda o‘z vaqtida chempion bo‘lgan Angliya va Fransiya va hali biror marta finalda to‘p surmagan Belgiya va Xorvatiya chiqishganda, boyagi mulohozalardan kelib chiqib, Angliya – Fransiya finalini taxmin qilish qiyin emasdi. 

Xo‘p, Fransiya-ku tushunarli, so‘nggi yigirma yilda o‘zining beshinchi finalida o‘ynaydigan bo‘ldi, lekin Angliya oxirgi marta yirik turnir finalida o‘ynagan paytda tug‘ilgan chaqaloq yarim asrdan ko‘proq umr ko‘rishga ulgurdi-ku? O‘sha 1966 yilda chempion bo‘lgan Angliya bilan bugungi tajribasiz va yosh Angliyaning qanday umumiy jihati ham  bo‘lsin? Angliyani yana nimaning hisobiga Xorvatiyadan kuchli deya olamiz?

Bodibildingda «Muscle memory» (Mushak xotirasi) degan tushuncha bor. Agar mashg‘ulotlar yordamida ma'lum bir o‘lchamlar va darajaga chiqsangiz, bu butunlay bo‘ladi, ya'ni o‘sha o‘lchamlarni mushaklaringiz «xotira»sida saqlab qolar ekan. Keyinchalik o‘sha jismoniy holatni yo‘qotib, oradan ancha vaqt o‘tib ketsa ham, bir kun yana shug‘ullanishni boshlasangiz, o‘sha, bir paytlar chiqqan ko‘rsatkichlarga qaytish ancha oson bo‘lar ekan. Siz bilan birga boshlab, hech qachon o‘sha darajaga chiqmagan boshqa bir sportchidan ko‘ra, sizning o‘sha eski o‘lchamlarga chiqishingiz ancha kam vaqt talab etar ekan. 

Futbolda buni ilmiy asoslashning iloji yo‘q, albatta, lekin bilasizmi, kecha Fransiyaning ancha yosh tarkibi tajribaliroq va ko‘proq yulduzlarga ega Belgiyadan salobatliroq ko‘ringaniga qarab turib, shu narsa esga tushdi. Jamoa tarkibida qanday futbolchilar to‘p surmasin, o‘sha mamlakatdagi turnirga bo‘lgan munosabat, belgilanadigan planka, reja, ruhiyat, muxlislarning qarashi, muhit – bularning barchasi, menimcha, o‘z vaqtida chempionlik darajasiga chiqqan va doimiy favorit sifatida tilga olinadigan terma jamoalarda boshqacha bo‘ladi. Aynan mana shu jihatlar ularga final ostonasida qanot bo‘ladi, birdaniga kuchli va salobatli terma jamoaga aylantiradi, raqibni qo‘rqishga majbur qiladi. Menimcha shunday. 

Nazarimda, bu faqat bugungi yarimfinalga taalluqli gap emas. Bilmadim, balki «mushaklarimizda» jahon chempionatida qatnashish bilan bog‘liq xotiraning yo‘qligi bizga doim halaqit berayotgandir, vazifamizni qiyinlashtirayotgandir, Eron, Saudiya Arabistoni yoki Janubiy Koreyaga so‘nggi pallalarda yordam berayotgandir. Nima bo‘lgandayam, bir kun shu musobaqaga chiqish kerak, keyin oson bo‘ladi...

Qahramon Aslanov 

Mavzuga oid