Jahon | 12:26 / 12.07.2018
29321
2 daqiqa o‘qiladi

Maykl Jyeksonning otasi o‘g‘lining ovozini kimyoviy bichganlikda ayblandi

Foto: REUTERS / Regis Duvignau

Marhum Maykl Jyeksonning shifokori Konrad Myurrey qo‘shiqchining otasi Jozef Jyekson o‘g‘lida baland ovozni saqlab qolish uchun uni ataylab kimyoviy bichganini ma'lum qildi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda. 

Myurreyning aytishicha, Jozef Jyekson o‘g‘liga 12 yoshida husnbuzarlarni davolash bahonasi ostida gormonlar inʼeksiyasini qila boshlagan. U shu yo‘l bilan Mayklning baland ovozini saqlab qolmoqchi bo‘lgan.

Shifokorning aytishicha, Jozef Jyekson o‘z farzandlariga nisbatan juda bag‘ritosh bo‘lgan. “U tarixdagi eng yomon otalardan biri bo‘lgan”, deb aytmoqda Myurrey.

Myurrey Maykl Jyeksonning kimyoviy bichilgani haqida birinchi marta ma'lum qilayotgani yo‘q, u avval bu haqda o‘z avtobiografiyasida eslab o‘tgan. Myurrey Jozef Jyeksonning o‘limidan keyin bu haqda ilk bor ochiqcha so‘zlashga qaror qildi.

Jozef Jyekson 25 iyunda 89 yoshida vafot etdi. Uning 10 farzandi bo‘lgan va ularning barchasi professional musiqachilar bo‘lib yetishishgan. 

1960-yillar boshida Jo Jyekson o‘g‘illaridan tashkil topgan Jackson 5 musiqiy guruhining menejyeri sifatida faoliyat yurita boshlagan. Maykl Jyekson o‘z xotiralarida otasi ularni doimo koyishi, repetitsiyalar vaqtida va chiqishlar oldidan kaltaklashi haqida eslab o‘tgan. Biroq shu bilan birga otasining qattiqqo‘lligi uning musiqiy faoliyatida o‘ziga xos rol o‘ynaganini tan olgan.  

Mavzuga oid