Jahon | 12:30 / 17.07.2018
53696
9 daqiqa o‘qiladi

Xelsinki sammiti: Putin va Tramp nimalar haqida gaplashdi?

Foto: Reuters

16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Xelsinkida Donald Tramp 2016 yilda AQSh prezidenti etib saylanganidan buyon ilk bor to‘liq shakldagi Rossiya-AQSh sammiti bo‘lib o‘tdi.

Bunga qadar Putin va Tramp ikki marta va faqatgina xalqaro tadbirlar «maydonida» – 2017 yil iyulda Hamburgda «Katta yigirmatalik» sammitida va o‘sha yil noyabrida Vetnamda OTIH (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) sammitida uchrashishgandi.

Mazkur uchrashuv dasturiga ko‘ra ikki davlat rahbarlari bir yarim soat yakkama-yakka suhbatlashishi va so‘ngra kengaytirilgan tarkibdagi Rossiya-Amerika muzokaralari o‘tkazilishi lozim edi. O‘zaro muloqotdan oldin Rossiya va AQSh prezidentlari qisqa salom-alik qilishdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytarishmadi.

Putin va Trampning yakkama-yakka uchrashuvi 55 daqiqa kech boshlandi va 2 soatu 10 daqiqa davom etdi.

Uchrashuv bahosi
Putin sammit yakunlari bo‘yicha Tramp bilan muzokaralar foydali bo‘lganini va ishchan ruhda o‘tganligini qayd etdi. «Muzokaralarni judayam muvaffaqiyatli va foydali deb hisoblayman», - dedi u.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Amerika rahbari bilan muzokaralar Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashni har ikki tomon ham xohlayotganini ko‘rsatdi. «Bugungi muzokaralar bizning prezident Tramp bilan ikki tomonlama munosabatlardagi salbiy vaziyatni o‘nglash, ilk qadamlarni tashlash, ishonchni tiklash va avvalgi darajadagi hamkorlikni qaytarish borasidagi istaklarimizni aks ettirdi», - dedi Putin.

Rossiya prezidenti Rossiya va AQSh munosabatlaridagi qiyinchilik va og‘ir muhit obektiv sabablarga ega emasligini bildirdi. «Sovuq urush» allaqachon tugagan, ikki davlatning keskin mafkuraviy qarama-qarshiligi uzoq o‘tmishda qolgan, dunyodagi vaziyat tubdan o‘zgargan», - dedi Putin. U «bugungi kunda Rossiya ham, AQSh ham butkul boshqacha chaqiriqlar oldida qolgani»ni va «bunga faqatgina kuchlarni birlashtirish orqali qarshi tura olish mumkinligi»ni ta'kidladi.

Tramp o‘z navbatida Moskva va Vashington munosabatlarining hozirgi holati haqida gapirar ekan, «yuzaga kelgan vaziyat uchun javobgarlik» har ikki tomon zimmasida ekanligini qayd etdi.

«AQSh o‘zini ahmoqona tutdi. Biz Rossiya bilan muloqotni allaqachon, men hokimiyatga kelmasimdan avval boshlashimiz kerak edi», - dedi Amerika yetakchisi.

«Men bunga hammamiz aybdormiz deb hisoblayman. Va hozirda AQSh Rossiya bilan birgalikda munosabatlarni tiklamoqda. Bizda hamkorlik qilish va eng muhim masala - yadroviy qurol tarqalishini to‘xtatish ustida ishlash imkoniyati mavjud», - dedi AQSh prezidenti.

AQShdagi saylovlarga aralashuv
Tramp Putin bilan muzokaralar chog‘ida Moskvaning Amerikadagi saylovlarga aralashishi haqidagi savolni berganligini aytdi. U prezidentlik saylovlari paytida uning saylovoldi shtabi va Moskva o‘rtasida kelishuv bo‘lganligi haqidagi gap-so‘zlarni yana bir bor rad etdi va «uning saylovoldi kampaniyasi sof bo‘lgani»ni bildirdi: «Biz shunchaki bu poygada g‘olib chiqdik».

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi prezidentlik sayloviga Rossiyaning ehtimoliy aralashuvini tekshirish «eng yirik yadroviy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir qilgan». AQSh prezidenti Rossiyaning AQShdagi saylovlarga ehtimoliy aralashuvini tekshirish borasidagi FQBning xatti-harakatlariga shubha bildirdi va Putin Moskvaga nisbatan ayblovlarni qat'iyan rad etganini qayd etdi. U Hillari Klintonning elektron maktublari bilan qanday hodisa ro‘y berganini tushunib olish kerakligini aytdi. «33 mingta elektron maktub shunchaki yo‘qolib qolgan. Bu sharmandalik. Biz bu 33 mingta elektron maktubni ko‘ra olmaymiz», - dedi u. Tramp shuningdek, AQShdagi saylovlarga aralashishda ayblangan 12 nafar rossiyalik josus saylov jarayonlariga mutlaqo aloqador emasligini bildirdi.

Putin o‘z navbatida Rossiya AQShning ichki ishlariga aralashmasligini va aralashish niyatida emasligini ta'kidladi. U Rossiya kiberxavfsizlik bo‘yicha guruh doirasida Amerikadagi saylovlarga aralashish haqidagi dalillarni AQSh bilan birgalikda ko‘rib chiqishga, agar dalillar taqdim etilsa, Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari Amerikadagi saylovlarga aralashishda ayblanganlarni so‘roq qilish va Vashingtonga javob yo‘llashga tayyorligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti mazkur so‘roq jarayonlarida AQSh rasmiy vakillarining ishtirok etishi mumkinligini, bunda Moskva ham Rossiya hududida noqonuniy harakatlar qilishda gumonlangan AQSh maxsus xizmati vakillarining rossiyalik tergovchilar ishtirokida so‘roq qilinishini talab qilishini bildirdi. Putin xususan, Rossiyada tovlamachiligi uchun sudlangan moliyachi Uilyam Brauderning Hermitage Capital fondi ishini eslatib o‘tdi.
Putin shuningdek, Rossiyaning «Konkord» firmasi AQShdagi saylovlarga aralashgani haqidagi ayblovlar Amerika sudida yo‘qqa chiqishini aytdi. Rossiya prezidenti «Konkord» xodimlari Rossiya davlatini tamsil etmasliklarini va maxsus xizmatlar emas, balki faqat sud Rossiyaning AQShdagi saylovlarga ehtimoliy aralashuvi borasida hukm  chiqarishi mumkinligini eslatdi.

Energetika masalalari
Putin Stokgolm arbitrajida Rossiya va Ukraina nizosi hal qilingan taqdirda Rossiya Yevropaga Ukraina orqali gaz yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. 

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Amerika tomoni Germaniyaning «Shimoliy oqim 2»da ishtirok etish qaroriga e'tiroz bildirmasligiga, ammo AQSh energiya resurslari bu quvur bilan raqobat qilishiga va'da berdi. «Biz quvur haqida gapirar ekanmiz, u bilan raqobatlashamiz. Bu Germaniya uchun manfaatli ekanligiga ishonchim komil emas. AQSh neft va gaz bo‘yicha eng yirik davlat bo‘ladi va bo‘ldi. Biz suyultirilgan gaz sotamiz va quvur bilan raqobat qilamiz», - dedi u.

Tramp bu masalani avvalroq GFR kansleri Angela Merkel bilan muhokama qilganligini aytdi: «Men Angela Merkel bilan buni keskin ko‘rinishda muhokama qildim. Ularning yaqin manbasi (Rossiya) bor».

Suriyadagi vaziyat
Matbuot anjumani davomida Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Suriyaga gumanitar yordam ko‘rsatish borasida kelishib olganini va Rossiya buning uchun samolyotlar ajratishga tayyorligini aytdi. Uning aytishicha, Suriyaga gumanitar yordam ko‘rsatish masalasi AQSh prezidenti bilan muzokaralarda ham muhokama qilingan. 

Putin matbuot anjumanida Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida «to‘p kim tomonida» ekanligini antiqa tarzda ifodaladi. U Trampga futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazish vakolatini Rossiyadan Qatarga berish marosimida namoyish etilgan to‘pni Trampga topshirdi.

Putin avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida to‘p Rossiya tomonida ekanligi haqidagi fikriga shu tarzda javob qaytardi. Tramp to‘pni o‘g‘li Baronga berishini aytdi: «Melaniya, to‘pni o‘g‘limizga olib qo‘y». U shu so‘zlarni aytib to‘pni birinchi qatorda o‘tirgan turmush o‘rtog‘iga uzatdi.

KXDRning qurolsizlanishi
«Shaxsan AQSh prezidentining ishtiroki tufayli Koreya yarimorolida vaziyat barqarorlashiga erishish mumkin bo‘ldi», dedi Putin.

«Koreya yarimorolidagi muammo hal bo‘lib borayotgani yaxshi. Bu asosan vaziyatni barqarorlashtirishga shaxsan prezident Trampning o‘zi kirishgani, qarama-qarshilik emas, hamkorlik ruhida muloqotni yo‘lga qo‘ygani evaziga yuz berdi», - dedi u.

Tramp o‘z navbatida KXDRni qurolsizlantirish masalasida Rossiya AQSh bilan hamkorlikka tayyorligini aytdi. «O‘tgan oyda Kim Chen In bilan Shimoliy Koreyaning qurolsizlanishi masalasini muhokama qildim va bugun prezident Putin va Rossiya ham bu muammoni hal qilish ustida ishlashga tayyorligiga ishonaman», - dedi AQSh prezidenti.

Mavzuga oid