Jahon | 17:00 / 17.07.2018
128903
5 daqiqa o‘qiladi

«Putinning oson g‘alabasi»: Amerika matbuoti Trampni yer bilan yakson qildi

Foto: Dmitriy Azarov / Kommersant'

Amerika nashrlari AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga nisbatan o‘ta keskin munosabat bildirmoqda. Jurnalistlar Amerika yetakchisini Putin qarshisida ojiz qolganlikda ayblashmoqda.  

Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga aralashuvi Putin va Tramp uchrashuvini tahlil qilgan g‘arb OAVi uchun asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. The Washington Post nashri Trampning razvedka xizmati ma'lumotlariga quloq solishni istamagani Xelsinkida «Putinning g‘alabasi» bo‘lganini yozdi. «Uchrashuv Rossiya prezidentining siyosatga nisbatan tajovuzkorona yondashuvda ekanligini tasdiqladi», — deyiladi maqolada.

Britaniyaning The Guardian nashri AQSh prezidenti Putinning Rossiya maxsus xizmatlari Amerikadagi siyosiy jarayonlarga aralashmagani haqidagi gaplariga ishonib, Vashingtonda «yangi olovli bo‘ron» paydo qilganini qayd etdi.

«Tanqidchilar bu AQSh prezidentining o‘ta zaif chiqishi deb baholashmoqda, — deyiladi gazetadagi maqolada. — Bu Tramp nima uchun Oq uyda doim Putin haqida gapirishdan qochishi haqidagi mish-mishlarni yanada kuchaytirdi». AQSh prezidenti yoqtirmaydigan CNN telekanali ham xuddi shunga o‘xshash fikrni bildirdi.

Putin birinchi o‘rinda 
The New York Times gazetasining yozishicha, «U AQShni tahdid solayotgan kuchlardan himoya qilish o‘rniga dushman davlat rahbarini ko‘klarga ko‘tarib o‘z fuqarolari va institutlariga hamla qildi».

Vanity Fair jurnali sharhlovchisi Ebigeyl Treysi ham Trampni Putinga yon bosishda aybladi. Uchrashuvga bag‘ishlangan maqola «Putin-Tramp sammiti boshlanmasdan turib tugadi» degan sarlavha ostida chiqdi. «Tramp uchrashuvni «barcha uchun juda yaxshi boshlanish» deb atadi. Ammo aftidan Putin unda birinchi o‘ringa ko‘tarildi», — deb hisoblaydi u.

New Yorker jurnali sammitni Putinning «yengil g‘alabasi» deb atadi. «Ukrainadagi singari Suriyada ham status-kvo to‘lig‘icha Putinga o‘tmoqda. Aniqrog‘i, hozirgi ishlarning borishi unga vaziyatni sifatli o‘zgartirish uchun xarajat qilgandan ko‘ra ma'qulroq».

Aktyor va Kaliforniyaning sobiq gubernatori Arnold Shvartsenegger ham sammitni tanqidiy baholadi. U tvitterda Donald Trampni tanqid qilgan videomurojaatini e'lon qildi.

«Prezident Tramp, hozirgina prezident Putin bilan o‘tkazgan matbuot anjumaningizni ko‘rdim va bu sharmandali ko‘rindi. Siz xuddi erigan makarondek, kichkina fanatdek ko‘rindingiz», — dedi Shvartsenegger.  

Tergovlar va Brauder
The Washington Post nashri Putinning xalqaro moliyachi Bill Brauder haqidagi so‘zlarini keltirgan. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Moskvadan Amerika saylovlariga aralashish ishi bo‘yicha Rossiya fuqarolarini so‘roq qilishga ruxsat olishi mumkin. Ammo Kreml AQSh Rossiya hududida tovlamachilik qilishda ayblanayotgan Brauderning amerikalik hamkorlarini so‘roq qilishga ruxsat berishini kutadi.

Hermitage Capital kompaniyasi rahbari Brauder «Magnitskiy ishi» bo‘yicha figurantlardan biri hisoblanadi. Brauderning o‘zi ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida Tramp Putin bilan umuman uchrashmasligi kerakligini aytgandi.

Suriya masalasi
G‘arb matbuoti Suriya masalasiga ham e'tibor qaratdi.

CNBC telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bo‘yicha ekspert Kristofer Grenvill sammit yakunlaridan kelib chiqib Suriya mojarosiga barham berilishi mumkinligini qayd etdi.

ABC telekompaniyasi esa Putin Suriya haqidagi savollardan so‘ng Trampga futbol to‘pini sovg‘a qilganiga e'tibor berdi: bu Suriya masalasini hal qilishda «to‘p uning tomonida» ekanligini anglatadi.

Rossiya prezidenti Suriya muammosining hal etilishi qochoqlar bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi mumkinligini bildirgandi. The Washington Post nashrining fikricha, Yevropa rahbarlari bu uchrashuvdan so‘ng transatlantik xavfsizlikdan xavotirlanishmoqda.

«AQSh zaifdek ko‘rindi va bu Putinni kuchaytirishi mumkin», — dedi nashrga bergan intervyusida NATOning yuqori martabali diplomatlaridan biri.

Mavzuga oid