Jamiyat | 13:40 / 20.07.2018
42139
2 daqiqa o‘qiladi

Bug‘doy o‘rimi mavsumida fuqaroni urgan IIB boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 9 iyul kuni Jizzax viloyatining Yangiobod tumani, Ziyokor ko‘chasida yashovchi fuqaro N.Tursunboyev Bosh prokuraturaning «Ishonch telefoni»ga murojaat qilib, Yangiobod tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonov o‘g‘li S.Qurbonboyevni urib tan jarohati yetkazganligini bildirib, I.Sulaymonovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida so‘ralgan fuqaro S.Qurbonboyev 2018 yil 7 iyul kuni soat 14:30 larda Yangiobod tumani IIB boshlig‘i I.Sulaymonov «Mustaqillikning 22 yilligi» suv iste'molchilari uyushmasi hududidagi «Pastkichaqir bulog‘i» fermer xo‘jaligi dalasiga kelgan vaqtda kombaynlar g‘alla o‘rmasdan turganligini vaj qilib, S.Qurbonboyevni mushti bilan burun qismiga urganligini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

JKning 206 moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan I.Sulaymonovning aybi sudda tasdiqlansa, u eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Mavzuga oid