Jahon | 13:00 / 20.07.2018
9395
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda 9 milliondan ortiq yuk mashina haydovchilari ish tashlash e'lon qildi

Foto: liveinternet.ru

Hindistonda to‘qqiz milliondan ortiq yuk mashina haydovchilari dizel yoqilg‘isi narxini va federal trassalarda harakatlanish uchun to‘lov miqdorini pasaytirishni talab qilib ish tashlash e'lon qilishdi, deb xabar qildi PTI agentligi.

"Kecha transport vaziri Nitin Gadkari bilan uchrashuv o‘tkazdik, ammo bir qarorga kela olmadik. Shundan so‘ng moliya vaziri Piyush Goyal bilan uchrashdik", — dedi Hindiston yuk mashina haydovchilari kasaba uyushmasi yetakchilaridan biri Malkit Singx agentlikka.

U yaqin vaqt ichida hukumat bilan bu masalada murosaga erishish qiyinligini bildirdi.

O‘z navbatida Hindiston transport vazirligidagi manbaning bildirishicha, kasaba uyushmasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vazirlik vakillari ularning talablari darhol bajarilishi mumkin emasligini, ammo "hukumat har bir talabni diqqat bilan o‘rganib chiqayotganligini" bildirgan.

"Biz har bir muammoni o‘rganish uchun ochiqmiz va sog‘lom fikr ustun kelishiga umid qilamiz", — degan manba.

Mavzuga oid