Jamiyat | 10:35 / 21.07.2018
31981
3 daqiqa o‘qiladi

Nima sababdan ajralishlarning katta qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda?

Foto: Dreamstime

“Ma'rifatli jamiyat” shakllansagina, insonlarning hayot ne'matlarini qadrlash, umr mazmuni, tiriklikdan maqsad haqidagi qarashlari ham o‘zgaradi. O‘shanda to‘ylar ortiqcha dabdaba bilan o‘tkazilmaydi. To‘y qilaman, deb otalar yillab qarzga botmaydi. Oilaning qadri, mas'uliyati yuksaladi. Yolg‘iz onalar, yetim bolalar, mahallada zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan oilalar bo‘lmaydi.

“Xalq so‘zi” nashrining yozishicha, bir guruh deputatlar ishtirokida muhokama etilgan mavzu “Oilaviy tadbirlardagi me'yor: muammo va yechimlar”ga bag‘ishlandi. Parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari komissiyasi, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi muhokama qilindi.

Tadbirda aytilishicha, mamlakatda har yili o‘rta hisobda 300 mingta nikoh qayd etiladi. 2017 yilda respublika miqyosida 306 ming 200 ta nikoh va 31 ming 930 ta ajrim holati ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 8 foizga ko‘pdir. Ajrimlarning asosiy qismi, ya'ni 20-25 foizi Toshkent shahri aholisiga to‘g‘ri keladi. Ularning asl sabablari o‘rganilganda esa, ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik tufayli yuzaga kelgani aniqlandi. Tadbirda bu borada keng jamoatchilik, deputatlarning ham mas'uliyatini oshirish yuzasidan amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi.

— To‘g‘ri, mulk — bu inson ixtiyoridagi narsa, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyev. — To‘yga qancha sarf-xarajat qilish, kimlarni aytish — bu uning shaxsiy ishi. Bunga hech kim aralasha olmaydi. Faqat bu bilan boshqalarning huquqlari kamsitilmasligi kerak. Biz qonunchilik yo‘li bilan ma'lum bir tartib yoki doirani yaratib berishimiz kerakki, to‘ylar jamiyatning illatiga emas, ijtimoiy, ma'naviy bir qadriyatga aylanishi kerak. O‘ylaymanki, bu borada qiladigan ishlarimiz ko‘p. Avvalo, odamlarning ma'rifati, ma'naviyatini kuchaytiribgina bunga erishishimiz mumkin.

Mavzu yuzasidan turfa fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlikdagi sa'y-harakatlarini yanada kuchaytirish borasida tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid