Jahon | 19:07 / 23.07.2018
98927
12 daqiqa o‘qiladi

O‘xshash taqdirlar yoxud Janubiy Koreya prezidentlariga qarg‘ish tekkanmi?

Kuni kecha Janubiy Koreya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Pak Kin Xega budjetni o‘zlashtirgani va parlament faoliyatiga aralashgani uchun qo‘shimcha 8 yillik qamoq jazosi tayinladi. O‘tgan yili Seul markaziy sudi unga 24 yillik qamoq jazosini tayinlagandi.

Janubiy Koreya tarixiga nazar solinsa, bir holatga duch kelish mumkin: mamlakatning hech bir prezidenti faoliyatini «tinchgina» yakunlamagan. Yoki prezident yoki uning qarindoshlari panjara ortiga tushgan, yoxud prezident muddatidan oldin lavozimidan ketgan yoki eng achinarlisi, prezidentlik fojiaviy o‘lim bilan yakun topgan.

Keling, Koreya prezidentlari hayoti bilan yaqinroqdan tanishaylik.

Birinchi prezident va ilk iste'fo

Li Sin Man
Foto: Keystone Pictures 

Koreya yarim oroli yaponlar istilosidan ozod qilingach, mamlakat ikkiga – Janubiy va Shimoliy Koreyaga bo‘lindi, Li Sin Man Janubiy Koreyaning birinchi prezidenti bo‘ldi. U 1948 yilda lavozimga rasman kirishdi. Li Sin Man mamlakat tepasiga demokratiya shiori ostida kelgan bo‘lsa-da, zaruriyat tug‘ilganida muxolifat kuchlarini keskinlik bilan bosib turdi. U shu tarzda surunkasiga uch marta hokimiyat tepasida bo‘ldi. 1960 yilda u to‘rtinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surdi. Ammo saylovlardan so‘ng natijalar soxtalashtirilgani ortidan ommaviy noroziliklar boshlanib ketdi.

Namoyishlar vaqtida Masan shahrida bir talabaning halok bo‘lishi oqibatida butun mamlakatda Li Sin Manning iste'fosi talab qilingan namoyishlar boshlandi. Politsiya namoyishchilarga qarata o‘q uzdi, 100dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Ammo keyin politsiya va armiya xalqqa qarata o‘q uzishdan bosh tortdi. Oxir-oqibat Li Sin Man prezidentlik lavozimidan voz kechdi va harbiy samolyotda AQShga uchib ketib, 1965 yilda o‘sha yerda vafot etdi.

«Harbiy inqilob» qurboni

Yun Bo Son
Foto: pa.go.kr

1960 yil avgustda Yun Bo Son Janubiy Koreyaning ikkinchi prezidenti etib saylandi. 1961 yil 16 mayda general Pak Chjon Xi (Pak Kin Xening otasi) «harbiy inqilob» aniqrog‘i harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Yun 1962 yil martgacha rasman prezident bo‘lib qoldi, ammo baribir lavozimini tark etdi. Pak prezidentlikka nomzodini qo‘ydi va 1963 yilgi saylovlarda g‘alaba qozondi.

Do‘sti tomonidan otib o‘ldirilgan prezident

Pak Chjon Xi
Foto: North Korean Insight

Pak avvaliga bir kishi prezidentlik lavozimini qatorasiga ikki muddatdan ortiq egallamasligi borasidagi cheklovga amal qilishga va'da berdi, biroq keyin bu fikridan qaytdi. Uning qonunlarni o‘z manfaatiga mos tarzda o‘zgartirishlari noroziliklar uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. 1979 yil 26 oktyabrda Pak yaqin do‘stlaridan biri – Koreya MRBsining direktori Kim Chje Gyu tomonidan otib o‘ldirildi.

 

Sakkiz oylik prezident

Chxve Gyu Xa
Foto: Wikipedia

Pak Chjon Xining o‘limidan so‘ng, bosh vazir Chxve Gyu Xa prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Chxve mamlakatda demokratik islohotlar o‘tkazishga va'da berdi va 1979 yil dekabrda rasman prezident etib saylandi. Ammo u ham hukumat tepasida uzoq tura olmadi. Bir necha kundan so‘ng, 1979 yil 12 dekabrda general-mayor Chon Du Xvan harbiy to‘ntarish tashkil etdi va hukumatni amalda o‘z qo‘liga oldi. Chxve Gyu Xa biroz vaqt rasman prezident lavozimida qoldi, ammo avgustda iste'foga chiqarildi va parlament (o‘shanda prezidentni parlament saylardi) 1980 yil avgustda Chon Du Xvanni prezident etib sayladi.

 

Savollar ostida qolgan Chon Du Xvan

Chon Du Xvan
Foto: Reuters

Chon Du Xvanga uning prezidentligi qonuniyligi borasida savollar ko‘p edi. 1980 yil mayda Kvanchju shahrida demokratik isyonchilar harakati kuch bilan bostirildi. Koreya shaharlarida talabalar ishtirokidagi namoyishlar deyarli har kuni o‘ta boshladi. Talabalarga kasaba uyushmalari qo‘shildi. Chon Du Xvan mamlakatda yirik qo‘zg‘olon boshlanishi mumkinligini tushundi va keng miqyosdagi demokratik islohotlar o‘tkazishga va'da berdi. 1988 yil fevralda bo‘lib o‘tgan saylovlarda u Ro De Uga mag‘lub bo‘ldi.

General prezident, lekin qonuniy

Ro De U
Foto: Wikipedia

Ro ham o‘tmishda general bo‘lgan bo‘lsa-da, uning qonuniy prezident ekanligi borasida savollar yo‘q edi. Demokratik muxolifatning bir-biri bilan kelisha olmasligi uning g‘alabasini ta'minladi. Ro De U prezidentlik muddati yakunlangach, 1993 yil fevralda prezidentlik vakolatini demokratlar vakili Kim Yon Samga topshirdi. Kim mamlakatning 30 yil ichidagi harbiy to‘ntarishsiz kelgan birinchi prezidenti bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashgan prezidentning o‘g‘li korrupsiyachi bo‘lib chiqdi

Kim Yon Sam
Foto: AFP

Kim Yon Sam korrupsiyaga qarshi kurash boshladi. Shu zahoti Chon Du Xvan va Ro De U haqida eslab qolishdi. Parlament bosimi ostida tergov ishlari boshlandi va Chon Du Xvan hamda Ro De Uning korrupsion faoliyati oshkor bo‘ldi. Ish sudgacha yetib bordi va Chon «bir umr»ga, Ro esa 20 yildan ortiqroq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Biroz vaqtdan so‘ng jazo yengillashtirildi, bir necha yildan keyin ular qamoqdan ozod etilishdi, ammo ular haligacha ulkan jarimani to‘lab kelishmoqda.

Demokratik yo‘l bilan saylangan va korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashayotgan Kim Yon Sam lavozimini «muammosiz» tark etadigandek tuyulgandi. Ammo po‘lat quyuvchi yirik «Xanbo» konsernining inqirozi va uning ortidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda prezidentning kichik o‘g‘li Kim Xen Chxol tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani, shuningdek, Kim Yon Samning saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirishda qonun buzilishlari sodir etilgani aniqlandi. Oxir-oqibat prezidentning o‘g‘li uch yilga ozodlikdan mahrum etildi, prezident esa o‘g‘li va o‘zi uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

O‘g‘illari sababli nomiga qora dog‘ tushgan prezident

Kim De Chjun
Foto: David Ausserhofer

1998 yil fevralda inson huquqlari kurashchisi Kim De Chjun Koreyaning yangi prezidenti bo‘ldi. U 2000 yilda KXDR rahbari Kim Chen Ir bilan Koreyalararo sammitni tashkil qilgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgandi. Prezidentlik davrida Kim De Chjunning ham o‘g‘illari bilan muammo yuz berdi. Uning ikki o‘g‘li Kim Xon Op va Kim Xon Gol noqonuniy lobbizm, korrupsiya, xizmat lavozimini suiiste'mol qilish va vakolatlaridan chetga chiqishda ayblanib turi muddatlarga qamalishdi. Keyinchalik 2000 yildagi Koreyalararo sammit o‘tkazilishi uchun Kim De Chjun KXDRga yarim milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lganligi oshkor bo‘ldi. Natijada Kimning tarjimai holida o‘g‘illari va Shimoliy Koreya bilan muzokaralari sababli qora dog‘ paydo bo‘ldi.

 

Javobgarlikdan qochish uchun o‘zini jarlikka tashladi

No Mu Xe
Foto: Reuters

2003 yilda Kim De Chjun o‘rniga ishchilar huquqini himoya qilgan yurist No Mu Xen keldi. U ham korrupsiyaga qarshi kurashdi va 2007 yilda Koreyalararo sammitni o‘tkazdi. 2004 yilda parlament mamlakat tarixida ilk bor No Mu Xenga nisbatan impichment e'lon qildi. Ammo ayblovlar o‘ylab topilgani boshidanoq ma'lum edi, xalq esa prezident tomonida bo‘ldi. Natijada Konstitutsiyaviy sud impichmentni bekor qildi. Agar Kim Yon Sam va Kim De Chjunga o‘g‘illari pand bergan bo‘lsa, No Mu Xen akasi No Gon Pxen va do‘stlarining «qurboni»ga aylandi. Uning akasi va do‘stlari korrupsiyada ayblanib qamoqqa tushishdi. Prezidentlik muddati tugashi bilan No Mu Xenga nisbatan surishtiruv ishlari boshlandi, u olti million dollar pora olishda ayblandi. 2009 yil mayda u uyi oldidagi jarlikdan o‘zini pastga tashlab halok bo‘ldi. O‘limi oldidan yozgan xatida u u hech kimni ayblamaslikni «juda ko‘p insonlar hayotini qiyinlashtirganini» yozib qoldirdi.

 

«Sen o‘tirmasang, qarindoshlaring o‘tirishadi»

Li Men Bak
Foto: Epoch Times

2008 yilda prezidentlikni qo‘lga kiritgan yirik tadbirkor, keyinchalik Seul meri bo‘lgan Li Men Bak prezidentlikka qadar ham turli tergovlar nishoniga aylanib ulgurgandi. Lining siyosati birinchi yiliyoq ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Li yer sotish bilan bog‘liq firibgarliklarda gumon qilindi, ammo ish sudgacha yetib bormadi. Bu safar ham «sen o‘tirmasang, qarindoshlaring o‘tirishadi» tamoyili ishga tushdi. Li Men Bakning akasi Li San Dik korrupsiya, poraxo‘rlik va lavozimini suiiste'mol qilish ayblovlari bilan qamaldi. Prezidentning turmush o‘rtog‘ining jiyani ham qora kursiga o‘tirdi.

 

Ishonchni oqlay olmagan prezident xonim

Pak Kin Xe
Foto: Reuters

Endi esa maqolamiz boshiga qaytamiz. 2013 yilda Koreyaning birinchi ayol prezidenti Pak Kin Xe katta shov-shuvlar bilan hukumat tepasiga keldi. U Koreya prezidenti bo‘lgan Pak Chjon Xining qizi edi. Xalq unga katta umid bilan ko‘z tikkandi. Ammo bu ishonch oqlanmadi. 2016 yil 9 dekabrda parlament unga ishonchsizlik votumini bildirdi, 2017 yil 10 martda esa Konstitutsiyaviy sud uning hokimiyatdan chetlatilishini tasdiqladi. Pak Kin Xe o‘tgan yilning mart oyi oxirida qo‘lga olindi. Unga 18 band bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi, jumladan korrupsiya, poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, shuningdek, davlat ma'lumotini oshkor etish.

Shu yilning aprelida Seul markaziy sudi Pak Kin Xeni 24 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqardi. Kuni kecha esa yuqorida aytib o‘tilganidek, unga budjetni o‘zlashtirgani va parlament faoliyatiga aralashgani uchun qo‘shimcha 8 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Bularning barchasi go‘yoki Koreya prezidenti lavozimi qarg‘ish ostida qolgandek taassurot uyg‘otadi. Har safar yangi rahbar hukumat tepasiga kelganida barcha «bu noxush an'ana yakunlanishiga» umid qiladi, ammo hozircha shum taqdir Janubiy Koreya prezidentlari va ularning yaqinlarini ta'qib qilishda davom etmoqda.

Mavzuga oid