O‘zbekiston | 17:17 / 24.07.2018
11417
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar ko‘p kvartirali uylarda yashash tartibini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekistonda 32,4 ming ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi 4 mingdan ortiq xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari mavjud bo‘lib, bugungi kunda yurtimizda uy-joylar qurilishi va rekonstruksiyasi tobora kengaymoqda. Aholining demografik o‘sish suratlariga qaramasdan ayni paytda ularni uy-joy bilan ta'minlash darajasi jon boshiga 15,2 kv.ni tashkil qilmoqda. Taqqoslash uchun yana bir raqam: 1991 yilda mazkur ko‘rsatkich 12,4 kv.m edi.

Bugungi kunda uy-joy qurilish sohasi faol rivojlanishi barobarida o‘z yechimini kutayotgan yangi masalalar ham paydo bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ularni hal etishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Ta'kidlash joiz, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va tartibga solish maqsadida "Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish ham belgilangan.

2018 yil 24 iyul kuni parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari ko‘mitasi O‘zLiDeP fraksiyasi bilan birgaliqda tashkil etgan muhokamalarda ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulki hamda turar va noturar joylardan foydalanish, ularni saqlash bo‘yicha mavjud muammolar e'tibor markazida bo‘ldi.

Tadbirda deputatlar tomonidan ko‘p kvartirali uylarda turar va noturar joylardan foydalanish, ularni saqlash sohasida sezilarli natijalarga erishish uchun joylarda haqiqiy ahvolni o‘rganish, amaliyotda uchraydigan dolzarb masalalarni va aholining bu boradagi fikrlari va takliflarini tahlil qilish asosida qonunchilikni takomillashtirish lozimligi ta'kidlandi.

Foto: parliament.gov.uz

Deputatlarning fikriga ko‘ra, uy-joy va kommunal sohada foydalanilmagan imkoniyatlar va kamchiliklar mavjud. Xususan, umumiy mulkdan foydalanish, ularni saqlab turish, uylarning tashqi fasad arxitekturasining buzilishi, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi texnikalari o‘tishiga xalaqit qiluvchi noqonuniy qurilishlar, ruxsat etilmagan joylarni o‘rab olish kabi masalalar bugun juda dolzarb.

Sohadagi muammolarning yechimiga ko‘maklashish maqsadida bevosita joylarga chiqib, aholi bilan bevosita muloqotlar natijasi o‘laroq Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ko‘p kvartirali uylarda turar va noturar joylardan, umumiy mulkdan foydalanish va ularni saqlash tartibi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va uning normalari qo‘mita a'zolari, O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari, soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida muhokama etildi.

Qonun loyihasida uy-joy mulkdorlarning huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda umumiy mulkni texnik va sanitar saqlash, joriy va mukammal ta'mirlash, injyener-muhandislik tizimlari saqlanuvchanligini ta'minlash, sanitar-epidemiologik va texnik talablarga rioya etilishi, uy-joyga tegishli hovli atrofini obodonlashtirish kabi masalalar aks ettirilmoqda.

Shu bilan birga, qo‘p kvartirali uyda ta'mirlash, qayta rejalashtirish va qayta jihozlash ishlarini o‘tkazishda belgilangan talablarga rioya etilishi, qurilish ishlarini o‘tkazishda shovqin darajasi ko‘rsatkichlariga rioya etilishi kabi normalar loyihada keltirilgan.

Qonun loyihasida ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini boshqarishda fuqarolarning, mulkdorlarning va umumiy mulkni ekspluatatsiya qilishni amalga oshiruvchi va boshqaruvchi tashkilotlar hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ham talablar qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid