Jahon | 10:56 / 25.07.2018
5682
1 daqiqa o‘qiladi

Laos fojiasi. To‘g‘on o‘pirilishi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi

Foto: REUTERS/ATTAPEU TODAY

Laosda to‘g‘on o‘pirilishi tufayli yuz bergan suv toshqinlari natijasida 40 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda jabrlanganlarga yordam yig‘ayotgan ko‘ngillilar guruhi bayonotida aytiladi.

Shuningdek, xabar qilinishicha, yana 200 dan ortiq inson bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda.

Sepian-Se GESining Nam Noy qo‘shimcha qurilayotgan to‘g‘oni o‘pirilgan, natijada Sanamsay tumanidagi 42 qishloqdan oltitasi suv ostida qoldi.

Laos bosh vaziri Txonglun Sisulit vazirlar mahkamasi muntazam majlisini ortga surdi va voqea ro‘y bergan joyga yo‘l oldi. U qidiruv-qutqaruv amaliyotini shaxsan nazorat qilmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Laosda to‘g‘on vayron bo‘lgani, yuzlab kishi bedarak ketgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid