Jahon | 02:25 / 26.07.2018
17230
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning Turkiston viloyati tumani rahbari hibsga olindi

Foto: zakon.kz

Qozog‘istonning Turkiston viloyati O‘rdabasi tumani rahbari Rashid Kaypjanov hibsga olindi.  

Aksilkorrupsiya xizmatida Kaypjanov nimada gumon qilinayotganiga aniqlik kiritilmagan. U 2017 yil avgustda tuman rahbari etib tayinlangan.

Shu bilan birga Turkiston viloyati amaldorlari tomonidan yer qonunchiligining buzilishi holatlari aniqlangan. Viloyat rahbari ishtirokida viloyat prokuraturasi hay'atining yer qonunchiligiga amal qilinishi tekshiruvi natijalari bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

“Akimatlarning yer munosabatlari sohasidagi ishi tegishli darajada amalga oshirilmayapti, yer maydonlarini berishda ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, Sayram tumani akimati tomonidan yer qonunchiligi talablariga amal qilinmagan holda 50 gektar yerning xususiy turar joylar uchun soxta hujjatlar bo‘yicha 400 ta maydonga taqsimlanishiga yo‘l qo‘yilgan. Turkistonda yer maydonlarining tanlov va auksionlar orqali taqdim qilingani haqidagi komissiyaning soxta bayonnomalari asosida 100 gektarlik 130 dan ko‘proq yer maydoni noqonuniy rasmiylashtirilgan”, deb aytilgan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, ushbu qonunbuzarliklar oqibatida davlatga 700 mln tengedan ko‘proq ziyon yetkazilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha sudgacha tergov ishlari olib borilmoqda.

“Shu bilan birga yerlarning davlat mulkiga qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Joriy yilning 6 oyi natijalariga ko‘ra prokurorlar tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 73 kishi turli darajadagi javobgarlikka tortilgan, davlatga 1 mlrd tengelik 19 ming gektardan ko‘proq yer qaytarilgan”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Mavzuga oid