O‘zbekiston | 19:21 / 27.07.2018
58535
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Bunday kayfiyat bilan ishlashga yo‘l qo‘ymayman»

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas'uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Navbatchilik qismlarining eskicha uslubda ish yuritayotgani jinoyat haqidagi xabarlarning ba'zan e'tiborsiz qolishiga yoki hisobdan yashirilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. 

Shu bois Ichki ishlar vazirligining Axborot markazini Bosh prokuratura tarkibiga o‘tkazish, navbatchilik qismlarini respublika bo‘yicha yagona axborot va boshqaruv tizimiga birlashtirish, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olishning elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Shuningdek, har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati reytingini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Reytingda yuqori o‘rin olgan rahbar va xodimlar mukofotlanadi, past o‘rin olganlar esa qat'iy jazolanadi.

“Har bir jinoyatning ildizigacha yetib borish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish kerak. Aks holda, jinoyatning oqibatlari bilan ovora bo‘lib yuraveramiz. Bunday kayfiyat bilan ishlashga yo‘l qo‘ymayman”, dedi Prezident.

Aholiga, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Har bir suitsidga “favqulodda holat” deb qarab, tezkor choralar ko‘rish, bunday xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqish, jonga qasd qilishning katta gunohligini ta'sirchan usullarda tushuntirish zarurligi ta'kidlandi. 

O‘g‘rilik, firibgarlik va bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyatlar tahlil qilinar ekan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatining mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgani tanqid qilindi. Joylarda qo‘riqlash xizmatidan foydalanish uchun yetarli sharoit yaratilmagani, shuningdek, ayrim odamlarning huquqiy ongi pastligi, ko‘chasi, mahallasidagi voqea-hodisalarga befarqligi jinoyatchilarga sharoit yaratib berayotgani aytib o‘tildi. 

Shu bois qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini yangi tizim asosida tashkil etish, axborot texnologiyalarini to‘liq joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida servis ko‘lamini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik holatlariga alohida e'tibor qaratildi. Joriy yilning 6 oyida yoshlar olti mingdan ziyod jinoyatga qo‘l urgani, ta'lim-tarbiya va bandlikni ta'minlash borasidagi muammolar bunga sabab bo‘layotgani qayd etildi. 

“Maktab va kollejlarni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirmagan yoshlar ertaga kim bo‘lishini chuqur o‘ylashimiz, ularga bugun munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Shu maqsadda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini qabul qildik va 800 milliard so‘m mablag‘ni yoshlar tadbirkorligi, bandligi uchun yo‘naltirdik. Bu mablag‘ni, kerak bo‘lsa, yana ko‘paytiramiz. Faqat endi uyma-uy yurib, har bir yosh bilan suhbatlashib, ushbu dasturning ijrosini ta'minlash lozim”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid