O‘zbekiston | 17:51 / 28.07.2018
46171
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» rahbariyati aholi uchun suyultirilgan gaz narxi qanday shakllanishini ma'lum qildi

Foto: O‘zbekneftgaz

Birinchi avgustidan O‘zbekistonda suyultirilgan gazning aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan yagona qiymati etib bir kilogramm uchun 800 so‘m belgilanadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining chuqur qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Odil Temirov nimaga aynan shu qiymat tanlangani, u keyinchalik o‘sadimi, va aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash qanday kechishi haqida intervyu berdi.

- Keling, suhbatimizni suyultirilgan gazning maishiy miqyosdagi iste'molidan boshlaylik, ya'ni xonadonlarda ishlatishi. Gaz qiymatini «O‘zbekneftgaz»ning o‘zi belgilaydi. Bu gazning aholi sotib oladigan o‘rnatilgan narxi. Agar biz ushbu narxning o‘sishiga guvoh bo‘lsak, yoki davlat tomonidan belgilangan qiymat bir yoqda-yu, bizlarga boshqa narxlarni aytishsa, bunda biz, oddiy aholi qanday yo‘l tutishimiz zarur?

- Aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan suyultirilgan gaz qiymati Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilanadi. Hozirgi kunda 20-kilogrammlik gaz balloning hududga qarab qiymati 6500 14500 so‘mni tashkil etadi. Shu yilning birinchi avgustidan O‘zbekistonda suyultirilgan gazning aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan yagona qiymati etib, bir kilogramm uchun 800 so‘m belgilandi. Bizning respublika bo‘ylab gaz ta'minoti bo‘yicha hududiy bo‘linmalari mavjud, ularning har birida ishonch telefonlari mavjud. Iste'molchilar biror bir qonunbuzarliklarni payqagan holda, ushbu raqamlar orqali marojaaat qilishlari mumkin. Biz har bir murojaatni ko‘rib chiqamiz va kerakli chora ko‘ramiz.

- Iste'molchilarning ehtiyojidan tashqari suyultirilgan gaz eksportga ham chiqariladi, avtomobil gaz quyish shoxobchalariga jo‘natiladi.  Bilishimizcha, avtomobillar uchun mo‘ljallangan gaz qiymati tobora o‘sib bormoqda, va ayrim hududlarda esa uning narxi benzin narxidan ham oshib ketgan. Bu nima bilan bog‘liq?

- Haqiqatan, gaz iste'molchilarini uch yo‘nalishga ajratish mumkin: bu, eng avvalo, aholi (ovqat tayyorlash uchun), avtomobil gaz quyish shoxobchalari va suyultirilgan gazning qo‘shni davlatlarga eksporti. May – iyun oylarida ichki birja savdolarida suyultirilgan gaz qiymatining o‘sishi qayd qilingan edi. Bu o‘z o‘rnida yoqilg‘iga bo‘lgan narxning ko‘tarilishida aksini topmoqda.

O‘tgan yilga nisbatan «O‘zbekneftgaz» tomonidan ajratilayotgan gaz hajmi 26 foizga ortgan. Ya'ni, ushbu turdagi yoqilg‘i taqchilligi haqida gapirishga asos yo‘q. Shu bilan birga, 2017 yil bilan solishtirilganda, suyultirilgan gaz quyadigan mashinalar soni 11 ming donaga qisqargan. Shunga qaramay, biz tovar-xom ashyo birjasida narxlaring o‘sishini kuzatmoqdamiz.

Tushunish kerak, suyultirilgan gaz birja savdolariga ishlab chiqarish tannarxida bir tonna uchun 500 mingdan bir million so‘mgacha bo‘lgan qiymatda chiqariladi. Savdo vaqtida mijozlaring o‘zi narxlarni belgilashadi, va eng yaxshi taklif bergan mijoz gazni sotib oladi. Hozirgi kunda, biz, ishlab chiqaruvchilar va ta'minotchilar, tovar xom ashyo birjasidagi qiymat shakllanishini boshqarish imkoniga ega emasmiz, va o‘z o‘rnida, gaz quyish shoxobchalaridagi narxlarni ham.  

Eksport siyosati borasida shuni aytish kerakki, «O‘zbekneftgaz» AJ har yili eksport jadvalini tuzadi. Suyultirilgan gaz asosan qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi. Bu yili, biz ichki birja savdolariga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 ming tonna ko‘proq suyultirilgan gazni qo‘ydik, va bu suyultirilgan gaz quyadigan mashinalar soni ortmaganini inobatga olganda. Ishonch bilan aytamanki, respublika bo‘ylab gaz quyish shoxobchalarida katta navbatlar kuzatilmayapti. Bu yili biz benzin ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirdik. Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» oldiga suyuq yoqilg‘ining uch oylik zaxirasini ta'minlash vazifasi qo‘yilgan edi. Biz buni uddaladik.

- Siz suyultirilgan gaz quyadigan avtomobil texnikasi soni qisqargani haqida aytib o‘tdingiz, bu nima bilan bog‘liq?

- Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktabrdagi 815-sonli farmoniga muvofiq, suyultirilgan gaz bilan ishlaydigan yangi gaz quyish shoxobchalarini ochishga litsenziya berishi to‘xtatildi. Istiqbolda, suyultirilgan gazni avtomobil gaz quyish shoxobchalariga yetkazib berish ham to‘xtatiladi, deya taxmin qilish mumkin. Asosiy maqsad, aholi va boshkalar ehtiyojini qondirish. Hozirda avtomobil metan gazi to‘ldirish kompressor shoxobchalari soni tobora ortib bormoqda. Ular bemalol suyultirilgan gaz quyish shoxobchalarininig o‘rinini bosishlari mumkin. Ayni vaqtda bu turdagi shoxobchalar bir yilda 2 million tonna ekvivalenti miqdoridagi benzin yoqilg‘isi hajmini egallashdi. Shunday qilib, avtomobil egalarining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyoji teng taqsimlanmoqda. Bizda benzin yoqilg‘isi va suyultirilgan gaz yetarli darajada mavjud, va shu bilan birga, salmoqli hajmda siqilgan metan gaziga ham egamiz. U hozirda boshqa resurslardan qiymat omilida o‘zib ketadi.

- Odil Shukurovich, suyultirilgan gazni taqsimlash mexanizmi haqida gapirib bersangiz?

- Suyultirilgan gaz «O‘zneftgazqazibchiqarish» AJ gaz qazib olish va qayta ishlash korxonalari tomonidan qazib chiqariladi va qayta ishlanadi. Respublika bo‘ylab suyultirilgan gazga bo‘lgan talabni monitoring qilish asosida «O‘ztransgaz» AJning gaz ta'minoti bo‘yicha hududiy bo‘linmalariga buyurtma beriladi va shundan kelib chiqib suyultirilgan uglevodorod gazi ortiladi hamda gaz to‘ldirish stansiyalari va gaz to‘ldirish punktlariga transportirovka qilinadi. O‘tgan yilda aholiga 366 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bu yili ushbu ko‘rsatkichni 406 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Gaz ballonlarni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish «O‘zneftgazmash» AJ zavodlari – Chirchiq zavodi, Buxoro va Qo‘qon ta'mirlash-mexanika zavodlarida amalga oshiriladi. O‘tgan yili aholiga 750 ming donadan ortiq yangi suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan, bu yilgi reja esa 634 ming dona. Ta'kidlash kerakki, gaz ballonlari sotilmaydi, iste'molchilar faqat uning ichidagi gazni xarid qiladilar.

Mavzuga oid