O‘zbekiston | 14:29 / 02.08.2018
59536
5 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimovda 3 nafar yangi o‘rinbosar, sobiqlar o‘rniga Zoyir Mirzayev davridagi amaldorlar qaytarildi

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning 2018 yil 1 avgustdagi qaroriga muvofiq viloyat hokimining yangi 3 nafar o‘rinbosari tayinlandi.

Shu paytgacha viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Kamoliddin Qurbonov o‘rniga Abdumajid Alibekovich Nurqulov hokim o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Qurbonov 2017 yildan buyon Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgandi. Uning o‘rniga kelgan Abdumajid Nurqulov Samarqand viloyatining 2010-2016 yillardagi hokimi, ayni vaqtda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Zoyir Toyirovich Mirzayev davrida ayni shu lavozimda ishlagandi.

1 avgustga qadar Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Munis Voseyev o‘rnida endilikda Botirjon O‘tkirovich Nurullayev faoliyat ko‘rsatadi. Voseyev 2016 yil 16 maydan buyon Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi. Botirjon Nurullayev 1969 yilda Toshkentda tug‘ilgan, 1990-1993 yillarda Samarqand shahridagi «Agroprombank»da turli lavozimlarda ishlagan, 1993 yilda «Paxta bank»ning Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan, 1995-2001 yillarda «Zamin» bankining Samarqand viloyati filiali boshlig‘i bo‘lgan, 2001 yildan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida ishlay boshlagan, 2003 yilda shu bankda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uning keyingi faoliyati haqida ma'lumotlar yo‘q.

Shuningdek, Samarqand viloyati sobiq hokimi ​​Turobjon Jo‘rayevga nisbatan ochilgan jinoiy ish ishtirokchilaridan biri, Samarqand viloyati hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev ishdan ketgan. U 13 iyul kuni yirik miqdordagi poraxo‘rlik ishi bo‘yicha qo‘lga olinganlar orasida bo‘lgan, 14 iyul kuni esa unga qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga o‘zgartirilgani munosabati bilan ishga qaytgandi.

Keyinroq O‘tkir Abdullayev baribir o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan. Endilikda, uning o‘rnida viloyat hokimning sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisi etib Akmal G‘ayratovich Shukurov tayinlangan. Akmal Shukurov Zoyir Mirzayev hokimligi davrida «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi Samarqand viloyati filialiga rahbarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyul kuni Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev mansab vakolatini suiiste'mol qilish va jinoiy harakatlarni amalga oshirganligi uchun vazifasidan ozod qilingandi. Hokimiyatda ko‘p kvartirali uylarni qurishga ruxsat berish va tadbirkorlarga turar joy obektlar qurilishi uchun yer maydonlarini ajratishda pora tizimi amalda bo‘lgan.

Viloyatga 13 iyul kuniyoq Surxondaryo viloyati hokimi sobiq hokimi Erkinjon Turdimov yangi rahbar etib tayinlandi.

Ayni vaqtda sobiq hokim davridagi o‘rinbosarlarning 5 nafari ishda qolmoqda. Bular Samarqand viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Shunqor Farmonovich Xudayberdiyev (2016 yil 4 noyabridan buyon lavozimda), Samarqand viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Otabek Burxanovich Babayev (2018 yil 1 fevralidan buyon lavozimda), Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari - Shuhrat Do‘smurodovich Qulmatov (2011 yildan buyon lavozimda), Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari - Rustam Rajabboyevich Qobilov (2018 yil aprelidan buyon lavozimda) hamda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi - Hamrotosh Normurodovna Shodiyeva (2018 yil 27 apreldan buyon lavozimda)dir.

Mavzuga oid