O‘zbekiston | 19:04 / 04.08.2018
19156
3 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlar test sinovlari o‘tkazilayotgan binoga qachon kirishi kerak?

4 avgust kuni ham O‘zbekistondagi oliygohlarga kirish imtihonlarining 3 kuni davom etmoqda. Kun.uz muxbirlari imtihon jarayonida bevosita ishtirok etayotgan abituriyentlar, nazoratchilar va kuzatuvchilarning fikriga tayanib, jarayonning turli jihatlari haqida xabar berib kelmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 3 avgust kuni o‘tkazilgan test sinovlarida 17ta oliy ta'lim muassasalarining 89ta ta'lim yo‘nalishida 58 ming 533 nafar abituriyent ishtirok etgan, turli sabablarga ko‘ra 1166 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan. Lekin test sinovlariga kelmagan abituriyentlarning barchasi rostan ham test o‘tkazilayotgan binoga kelmaganmi?

Farg‘onalik Qosimova E'tiborning ta'kidlashicha, u qizi Aliya bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish uchun test sinovlari o‘tkazilishi aytilgan binoga soat 7:45da yetib kelgan.

«Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida qolganmiz. To‘satdan kech tushganda, qizimning tobi qochdi. Keyinroq, uning ovqatdan zaharlangani ma'lum bo‘ldi. Ertalab testga yetib kelganimizda soat 7:45 edi, ammo bizni binoga qo‘yishmadi», deydi ona.

Test o‘tkazilayotgan binoda mas'ul etib tayinlangan DTM vakili Nosir Eshonqulov masalaga oydinlik kiritdi. Rasmiy vakilning ta'kidlashicha, joriy yilning 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

«​Qarorga ko‘ra, abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 qadar kelishi talab etiladi. Bundan keyin hech kim kiritilmaydi»​, deydi u.

Demak, «ayrim kelmagan» abituriyentlar ham shu toifadagi kechikkanlardan bo‘lishi mumkin. Ammo, ushbu talab imtihon o‘tkazilayotgan hududlarning barchasida birdek amalga oshirilmayapti. Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati binosida 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan imtihon jarayonlarida ayrim noodatiy xatti-harakatlar Kun.uz tasvirida namoyon bo‘ldi.

Unda, soat 08:26 bo‘lishiga qaramay, kechikib kelgan abituriyentlar susaytirilgan sharoitda nazoratdan o‘tkazildi va ularga imtihon binosiga borish yo‘li ko‘rsatildi. Boshqa bir nazoratchining harakati bevosita harbiy xizmatchiga qilingan ishorani eslatadi. Vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatgan Kun.uz muxbiri bino hududiga soat 8:00dan so‘ng kiritilgan abituriyentlar baribir binoga qo‘yilmaganini aniqladi.

Mavzuga oid