Sayyohlarga hujumni ID niqobi ostida Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi a'zolari amalga oshirgan – Tojikiston bosh prokuraturasi
Tojikiston bosh prokuraturasi saytida berilgan bayonotga ko‘ra, Dang‘ara tumanida xorijlik sayyohlarga hujumni avvaldan ishlab chiqilgan reja asosida «Islom davlati» niqobi ostida «Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi» ekstremistik-terrorchi tashkiloti a'zolari amalga oshirishgan.
Tergovda aniqlanishicha, teraktni xorijda ishlab chiqilgan reja asosida Islom uyg‘onish partiyasi ekstremistik-terrorchi tashkiloti a'zolari - Panj tumanida yashagan Husayn Abdusamadov, Asomidin Majidov, Zafar Safarov va Nurak shahrida yashagan Asliddin va Jafar Yusupovlar amalga oshirishgan.
Ular 29 iyul kuni Dang‘ara tumanining Safobaxsh qishlog‘ida velosipedda ketayotgan xorijlik sayyohlar ustiga mashinada bostirib borishadi, so‘ngra pichoq va boltalar bilan sayyohlarga og‘ir tan jarohatlari yetkazishadi va qochib ketishadi. Hujum oqibatida to‘rt nafar xorijlik: ikki nafar AQSh hamda Niderlandiya va Shveytsariya fuqarolari halok bo‘lgan. Yana ikki nafar Shveytsariya fuqarosi kasalxonaga keltirilgan.
29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi jinoyatchilarning yashiringan joyi aniqlangan va guruh boshlig‘i Husayn Abdusamadov qo‘lga olingan. Guruhning yana to‘rt nafar a'zosi qo‘lga olish chog‘ida qurolli qarshilik ko‘rsatishgani sababli yo‘q qilingan.
Tergovda aniqlanishicha, jinoiy guruh terrorchilik harakatini Islom uyg‘onish partiyasining faol a'zosi bo‘lgan Nosirxo‘ja Ubaydovning buyrug‘i asosida amalga oshirgan.
Ushbu jinoiy guruhning «Islom davlati» terrorchilik tashkilotiga sodiqligi haqida qasam ichayotganligi tasvirlangan internetda tarqalgan videolavha esa mazkur terrorchilik harakatining asosiy buyurtmachisi bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasiga nisbatan gumon tug‘ilmasligi uchun uyushtirilgan.
Tergov jarayonida ushbu guruh bilan aloqadorligi aniqlangan yana o‘n kishi qo‘lga olingan.
Mavzuga oid
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024