O‘zbekiston | 20:09 / 06.08.2018
8867
2 daqiqa o‘qiladi

Integrallashtirilgan qo‘riqlash tizimlari Toshkent ​va Andijonda to‘liq ishga tushdi, navbat Qo‘qon shahriga

Foto: xdp.uz

Integrallashtirilgan qo‘riqlash tizimlari Toshkent shahrida to‘liq ishga tushdi, endilikda respublika bo‘ylab innovatsion qo‘riqlash modelini amaliyotga tatbiq ishlari boshlangan. Bu haqda IIV Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Toxiriddin Najimov xabar berdi. 

Boshliqning aytishicha, shu yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan tanqidiy fikrlardan so‘ng, xizmat faoliyati yanada jonlantirildi. 

«Birinchi navbatda, «Xavfsiz xonadon» maxsus rejasi ishlab chiqilib, butun respublika bo‘yicha amalga kiritildi. Natijada so‘nggi hafta ichida 400dan ortiq xonadon yangidan qo‘riqqa olindi», deydi u. 

Qo‘riqlash xizmatini ommalashtirish maqsadida, bir oylik xonadon qo‘rig‘i uchun narx 17 ming so‘m, tadbirkorlik obektlariga ko‘rsatiladigan texnik xizmat uchun soatiga 2355 so‘m narx belgilangan. Shuningdek, ushbu obektlarga signalizatsiya vositalari va boshqa jihozlar tekinga o‘rnatilishi aytilmoqda. 

«Toshkent va Andijon shaharlarida texnik qo‘riqlash tizimi to‘liq zamonaviy integrallashgan, innovatsion texnologiyalarga o‘tkazildi. Hozirda ular orqali 5202ta obekt va 1370ta xonadon qo‘riqlanadi», deydi Najimov. 

Uning aytishicha, ushbu qo‘riqlash tizimi tez kunlarda Qo‘qon shahrida ham amaliyotda joriy etiladi. Keyingi ikki yil davomida tizim butun respublika bo‘ylab yoyilishi bildirildi. 

Ushbu muddat ichida 140ta avtomatlashtirilgan markaziy kuzatuv va xabar uzatish tarmog‘ini yaratish rejalashtirilgan. Bulardan 15tasi monitoring markazi va 125tasi texnik qo‘riqlash punktlarini tashkil etadi. ​

Mavzuga oid