Jahon | 20:30 / 10.08.2018
14355
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya iqtisodiy urushda mag‘lub bo‘lmasligini aytdi

Foto: Haber Günce

Turkiya milliy valyuta kursining  dollarga nisbatan rekord darajada pasayishi ortidagi iqtisodiy urushda mag‘lub bo‘lmaydi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an. Bu haqda NTV telekanali xabar bermoqda.

U fuqarolarni "yostiqlari ostidagi" dollarlarni liraga almashtirishga chaqirdi. "Dollar bizning yo‘limizni to‘sa olmaydi", — deb qo‘shib qo‘ydi Turkiya yetakchisi.

"Biz Eron, Rossiya, Xitoy va Yevropaning bir necha davlatlari bilan turli yo‘nalishlarda sezilarli siljishga erishdik",- qayd etdi Erdo‘g‘an.

AQSh moliya vazirligi amerikalik pastor Endryu Branson ishi sababli Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gyul va ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluga nisbatan sanksiyalar joriy etganidan so‘ng liraning dollarga nisbatan kursi pasaya boshladi.  

Branson 2016 yildan buyon Turkiyada hibsda saqlanmoqda, u hozirda AQShda yashovchi Fathulloh Gulen bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanmoqda.

Financial Times gazetasi Yevropa markaziy banki Turkiyadagi moliyaviy inqiroz mintaqadagi banklarga xatar solishi mumkinligidan xavotirda ekanligini yozganidan so‘ng liraning qiymati jadal sur'atlarda pasaya boshladi.

Mavzuga oid