Oilaviy mehmon uyini qanday ochish mumkin?
8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bundan maqsad, turizm faoliyati sub'yektlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, mintaqalarning turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turizm xizmatlari ko‘rsatish sohasida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda aholining bandligi va farovonligini oshirishdir.
Oilaviy mehmon uyi nima?
Oilaviy mehmon uyi – mazkur mehmon uyida uy egasining oila a'zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy uy-joydir. Bunda mazkur joy har bir yashovchi shaxsga 3x2 m hisobidan to‘g‘ri keladigan turarjoy maydoniga ega bo‘lishi lozim.
Oilaviy mehmon uylari xizmatlari oilaviy mehmon uyi tashkil etish uchun yaroqli turarjoy binosiga ega bo‘lgan va unda yashovchi xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Oilaviy mehmon uyi qanday tashkil etiladi?
Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar joyga ega bo‘lgan shaxs Oilaviy mehmon uylarini ro‘yxatga olish va uning yagona reyestriga kirish uchun ariza berishi kerak. Mazkur reyestr Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.
Arizaga xususiy tadbirkor yoki oilaviy tadbirkorlik sub'yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi hamda bino va inshootga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi ilova qilinadi.
Qo‘mita hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni uch ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda natijalar yuzasidan dalolatnomani rasmiylashtiradi.
Ushbu dalolatnoma asosida uylar yagona reyestrga kiritiladi, reyestrga kiritilgandan so‘ng tegishli xizmatlarni ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish va ko‘chirma berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Reyestr elektron shaklda yuritiladi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Reyestr Internet axborot tarmog‘ida onlayn rejimida yangilab turiladi.
Mehmon uylari egalari qanday huquqlarga ega?
Mehmon uylari egalari turarjoy binosini o‘z ixtiyoriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining turarjoylar to‘g‘risidagi qonunchiligi va Nizomda belgilangan me'yorlar doirasida tasarruf etish;
ijarada turuvchilarni (turistlarni) mehmon uyiga ularni Internet tarmog‘i va axborot-turistik markazlari orqali, ular mavjud bo‘lmagan hollarda esa, bildirish tartibida hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga qo‘yish orqali ijara shartnomasini rasmiylashtirmasdan joylashtirish;
tashrif buyuruvchilar (turistlar) tomonidan jamoat tartibi me'yorlari buzilgan hollarda joylardagi huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro bog‘lanib harakat qilish;
turizm faoliyati sub'yektlariga berilgan imtiyozlardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish huquqlariga ega.
Mavsumiy bo‘lmagan davrda mehmon uylarining egalari ro‘yxatga olish va soliq organlariga mehmon uyi faoliyati vaqtincha to‘xtatish va ular o‘z faoliyatini vaqtincha amalga oshirmaydigan qayd etilgan davrga soliq hisoblanishini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida ariza berish yo‘li bilan vaqtincha o‘z faoliyatlarini to‘xtatish huquqiga ega bo‘ladilar.
Mehmon uylari egalarining majburiyatlari
Mehmon uylarining egalari faoliyatini qat'iy ravishda «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Nizom va turizm to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi;
sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlari, shuningdek, epidemiyaga qarshi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta'minlashi;
Mehmon uylari reyestriga kiritilgan ma'lumotlar o‘zgarganligi, shuningdek, o‘z faoliyatini tugatganligi to‘g‘risida uch ish kuni mobaynida vakolatli davlat organini yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishlari shart.
Oilaviy mehmon uylari qanday sharoitlarga ega bo‘lishi shart?
Oilaviy mehmon uylarida umumiy foydalanish uchun sanitariya-gigiyena uzeli, vanna yoki dush kabinasi;
kanalizatsiya (suv chiqarish) yoki (chiqindi to‘kiladigan o‘rani tashkillashtirish yo‘li bilan) mahalliy inshootlar;
yashash va jamoat joylarida tabiiy va sun'iy (shu jumladan fonarlar, shamlar va boshqa yoritish vositalaridan foydalanish hisobiga) yoritish;
suv ta'minoti (shu jumladan, suvni to‘plash uchun idishlar o‘rnatish yo‘li bilan);
o‘t o‘chirgichlar va tibbiyot dori qutisi;
shoshilinch yordam xizmatlarini chaqirish imkoniyati hamda umumiy foydalanish uchun mobil yoki statsionar telefon aloqasi;
tashrif buyuruvchilarni (turistlarni) joylashtirish xonalarida karavotlar yoki matraslar, karavotlar / matraslar soni bo‘yicha choyshab-jildlar majmui bo‘lishi lozim.
Tutash hududning qulay va shinam bo‘lishi, oilaviy mehmon uyiga borish yo‘llari qattiq qoplamaga (shag‘alli, yog‘ochli) ega bo‘lishi kerak.
Oilaviy mehmon uyining old tomonida «Oilaviy mehmon uyi», «Semeynyy gostevoy dom» va «G‘amily Guesthouse» so‘zlarini o‘z ichiga olgan, oilaviy mehmon uyining o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi nomi ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlar taxtasi (o‘lchami - eng kamida 60 sm x 80 sm) bo‘lishi talab qilinadi.
Shuningdek, Oilaviy mehmon uyiga kirishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida Oilaviy mehmon uylari yagona reyestridan ko‘chirma nusxasi, shoshilinch xizmatlarning va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Sall-markazining telefon raqamlari, ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar, joylardagi xavflar to‘g‘risida ma'lumotlar yozilgan ma'lumotlar taxtasi bo‘lishi kerak.
Internet tarmog‘iga ulanmagan holatda yashovchilarni ro‘yxatga olish eng yaqin joylashtirish vositalari yoki turizm- axborot markazlari orqali tegishli hududiy ichki ishlar organlariga murojaat etgan holda amalga oshiriladi.
Imtiyozlar
Qarorga muvofiq, Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan tadbirkorlar buyurtmalariga binoan eng kam ish haqining 300 barobarigacha miqdorda, besh yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratish tavsiya qilinmoqda.
Mavzuga oid
16:31
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi temiryo‘l sayohat dasturi boshlanadi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024