O‘zbekiston | 23:31 / 11.08.2018
64335
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda: so‘nggi 20 yil ichida ilk bor

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon shu yilning 17–18 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Bu xabarni Kun.uz’ning o‘z manbalari tasdiqlashdi.

Ikki qardosh davlat munosabatlari tarixida muhim o‘rin tutadi, deya baholanayotgan mazkur tashrif ikki tomonlama muloqotning prinsipial yangi kun tartibini o‘rtaga chiqarishi taxmin qilinmoqda.

Tashrifning birinchi kunida — 17 avgust kuni poytaxtimiz Toshkentda o‘zbek va tojik san'atkorlari ishtirokida katta konsert dasturi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Imomali Rahmon tashrifining ikkinchi kunida Samarqand shahriga ham boradi.

Tojikiston Siyosatshunoslar milliy uyushmasi raisi Abdug‘ani Mamadazimovning fikricha, tashrif yakunlariga ko‘ra Toshkent huddi Moskva, Pekin, Ostona va Ashxobod bilan bo‘lgani kabi Dushanbening strategik hamkoriga aylanadi.

Asia-plus media guruhining Tojikiston hukumatidagi o‘z manbasiga tayanib yozishicha, Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, tomonlar jami 23ta yangi hujjat va bitimni imzolashi kutilmoqda.

Xavfsizlik sohasidagi kelishuvlardan tashqari, kinematografiya, gidrometeorologiya sohalarida ham hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, strategik sheriklik, ikki davlat chegaralarini to‘liq demarkatsiya va delimitatsiya qilish to‘g‘risida bitim imzolaydi.

Rahmonning tashrifi arafasida — 16–17 avgust kunlari Toshkentda «Tojikistonda ishlab chiqarilgan» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda qo‘shni respublika sanoatining yutuqlari namoyish etiladi. 17 avgust kuni ko‘rgazmaga Sh.Mirziyoyev va I.Rahmon tashrif buyuradi.

Imomali Rahmon so‘nggi marta 1998 yilning yanvarida O‘zbekistonga ikkitomonlama aloqalar doirasida tashrif buyurgan edi. Shuningdek, u so‘nggi marta 2016 yilning 3 sentabrida O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovning dafn marosimida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 9–10 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev Tojikistonga davlat tashrifi bilan borgan edi. O‘shanda Sh.Mirziyoyev I.Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga davlat tashrif bilan kelishni taklif etgan edi.

Mavzuga oid