Jamiyat | 19:55 / 13.08.2018
39385
5 daqiqa o‘qiladi

«Marg‘ilon mehribonlik uyi» sudlanuvchilari yengil jazo bilan qutuldimi?

​Ijtimoiy tarmoqlarda Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning Farg‘ona viloyatida yuz bergan mudhish voqea yuzasidan munosabati katta muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Foto: O‘zA

Unda aytilishicha, Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan hukm bilan sudlangan shaxslarga nisbatan yengil jazo tayinlangan. Kun.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida Jinoyat ishlar bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining sudyasi Rahmatjon Arapov bilan suhbatlashdi.

«Albatta, jinoyat qilgan shaxsga jazo muqarrar.

Sud Marg‘ilon shahar 1-sonli Mehribonlik uyi direktori lavozimida ishlagan Kamol Yakubovni JK 207-moddasining 1-qismi, 115-moddasining 1-qismi, 167-moddasi 3-qismining “a” bandi, 209-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topib, unga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi 207-moddasining (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat uchun, ushbu modda sanksiyasida, eng yuqori jazo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari etib belgilangan.

Kodeksda 115-moddaning (ayolni o‘z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlash) 1-qismida 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 209-moddaning (mansab soxtakorligi) 1-qismida 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, O‘zR JK 167-moddasining (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi ko‘rsatilgan», - deydi sudya.

Qonunda sudlanuvchi garchi kodeksning 167 moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan bo‘lsa-da, moddaning  4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi, deb ko‘rsatilgan.

Albatta, sud jarayonida o‘rinli savol tug‘ildi - mas'ul tarbiyachilar, direktor, shunday holatni yuzaga kelishida ishiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilyapti, ammo tuman va viloyatdagi mutasaddilar bu holdan xabardor emasmidi?

Sudya ushbularni inobatga olib, Mehribonlik uyi faoliyati ustidan vazifasiga ko‘ra nazorat qilishi zarur bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘rish, jinoyatga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish va ularga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish haqida xususiy ajrimlar chiqarilgani va taraflarga e'lon qilingani bildirildi.

Xalqning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, shu bilan mehribonlik uyi masalasiga yakuniy nuqta qo‘yildimi? Aslo, sudya Rahmatjon Arapovning Kun.uz'ga bildirishicha, Mehribonlik uyi xodimlari va rahbarlari tomonidan sodir qilingan og‘ir jinoyatlar–tarbiyalanuvchilarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishi jabrlanuvchilarning qadr-qimmatini asrash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 560-moddasiga ko‘ra alohida ish yurituviga ajratilgan va hozirda viloyat sudining yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda. Yopiq sud majlisi tartibida ko‘rib chiqilayotgan ayni sud majlislarining biri tugallangan, unda sudlanuvchiga 15 yil 6 oy qamoq jazosi tayinlangan, yana boshqa yurituvdagi yopiq sud majlisida ish davom etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Sayyora Xo‘jayeva aytganidek, sudlanuvchilar yengil jazo bilan qutulib qolgani noto‘g‘ri, ular ayblangan moddalar sanksiyasi doirasida qat'iy jazoga tortilgan.

Nomusga tegish, zo‘rlash va jinsiy ehtiyojini g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan qondirish hamda shu kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi yopiq sud majlisida davom etmoqda.

Mavzuga oid