O‘zbekiston | 12:39 / 13.08.2018
53168
14 daqiqa o‘qiladi

«To‘rt chegara postidan o‘tib...». So‘x anklavining ikkita katta muammosi (2-qism)

Foto: KUN.UZ

Uzoq vaqtdan beri O‘zbekistonning anklav va eksklav, ya'ni  hududini yuz foiz boshqa mamlakat yeri o‘rab turuvchi Farg‘ona viloyati, So‘x tumaniga borib, o‘quvchilar uchun aholining turmushi, bugungi kuni va muammolari haqida maqola tayyorlashni rejalashtirgan edik. Niyatimiz yozning issiq kunlarida amalga oshdi.  

Keling, avval siz bilan “anklav” atamasiga oydinlik kiritib olsak... Anklav (frants. enclave, lot. inclavare — qulflab olish) – bir davlatning hamma tomondan boshqa davlat hududi bilan o‘rab olingan hududi yoki hududining bir qismi. Farg‘ona viloyatiga qarashli So‘x, Cho‘ng‘ara, Shohimardon, Qalacha hududlari O‘zbekiston eksklavlari bo‘lib, Qirg‘iziston Respublikasi uchun anklav hisoblanadi.

Aytib o‘tay, bu ikkinchi va yakuniy maqola. Sarhadlarimizdan yiroqdagi tuman haqidagi birinchi maqolamizda chegaradan o‘tishdagi yurakni siqadigan muammolar, Qirg‘iziston chegarachilaridan o‘tish uchun olinadigan “bilet”, Botken yo‘li mashmashalari va So‘xga yetib borganimizga to‘xtalgan edik.

Bugungi materialda esa anklav tuman aholisining hayot tarzi va ikki dolzarb muammosini yoritamiz.

Mo zodai ko‘hi balandem, ba mo pasti namezebad

80 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi So‘x tumanida faoliyat olib boradigan IIB xodimlariga ish deyarli kam topiladi. Sababi, hudud odamlari qadim-qadimdan turli jinoyatchilikdan yiroq yashashgan. O‘g‘rilik, firibgarlik deyarli kuzatilmas ekan.  Bu yerda: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqol haqiqatda amalda.

Tuman aholisi deyarli 100 foiz tojikzabon. Mahalliy gazeta shiori ham o‘zgacha: “Mo zodai ko‘hi balandem, ba mo pasti namezebad”. O‘zbekchaga baholi qudrat o‘girib ko‘rdim: “Baland tog‘liklar avlodimiz, past ketish bizga yarashmas”. So‘xlik deganining g‘ururi xuddi tog‘dek yuksak keladi.

«Boburnoma»da 1493 yil voqealari qalamga olinar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur taqdir taqazosiga ko‘ra «So‘x va Hushyor ko‘hpoyalariga kelib, bir yilcha yovuq» yashaganini orziqish ila xotirlaydi. O‘sha vaqtlarda ham So‘xda ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat rivoj topganini bilish mumkin.

Hozir So‘x tumani taraqqiyot yo‘lida.  Mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bor. Aholi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. O‘tgan gal aytganimizdek, bog‘dorchilik, sabzavot urug‘chiligi rivojlangan. Kartoshkaning eng zo‘rini So‘xdan topasiz.

Tuman mahalla Kengashi raisining keksalar va faxriylar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kamoliddin Azizov asli jurnalist. U kishi bilan har sohadan suhbat qurish mumkin. Uning mashinasida ko‘p joylarni aylanib chiqdik. 

Tog‘lik hudud bo‘lgani uchun bu yerda o‘riklar iyul oyining oxirlarida pishar ekan. So‘xning o‘rigi, turshagi ta'rifini butun dunyo biladi. Bog‘lardagi mevadan o‘z qo‘limiz bilan uzib tatish nasib qildi. 

So‘x daryosiga bordik. Daryo qirg‘og‘ida ikki O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisi yonma-yon yashab kelmoqda. Qayga borsangiz, mehnat qilayotgan kishilarni ko‘rasiz.

O‘sha mashhur So‘x chashmasiga ham bordik. Chashmaning shifobaxsh suvini “ming dardga davo”, deyishadi. Uning tarkibi kimyoviy natriy, sulfat, xlor, magniy, kaltsiy, oltin, kumush hamda yana boshqa bir qator inson tanasiga foydali moddalardan iborat bo‘lib, suvi rangsiz, hidsiz, yaxshi mazasi borligi aniqlangan. Chashma atrofdagi uch-to‘rt qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta'minlaydi. Bir daqiqada 200 litr suv chiqadigan buloqqa yoshi 90 ni qoralagan Keldiboy ota qarar ekan. U kishini uzoq suhbatini oldik. Qayerda kim bilan gaplashsak, gap borib So‘xning muhim muammosiga borib taqalaverdi. Shuning uchun go‘zal yurt ta'riflaridan uzoqlashib, asosiy mavzu bo‘lgan bir juft muhim va zarur muammolarga o‘tsak.   

Katta muammoning hal bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz..

So‘zning eng mag‘izligini, o‘sha yerdagi hayot tajribasiga ega yurt kattalari gapirgani ma'qul. Tog‘ yonidagi choyxona so‘risida So‘xning yoshi ulug‘, ilmli oqsoqollari gurunglashib o‘tirishgan ekan.  Muammoni to‘laqonli his etish uchun nuroniylar bilan suhbat qurdik. Ularning biri olim yana biri uzoq yillar hokimiyat tizimida ishlagani ayni muddao bo‘ldi.

“So‘x tumani respublikamizning chekka tumani. Bir tomoni Qirg‘iziston, bir tomoni Tojikiston. Shunday bo‘lsa-da, davlatimizda chiqarilayotgan har bir qaror, har bir yangilikni biz to‘laqonli ijro qilishga intilamiz. Bu borada mamlakatimizning boshqa tumanlaridan hech qanday kamimiz yo‘q. Biz davlatimizni har bir yutug‘idan faxrlanib yashaymiz va har sohada ilg‘or bo‘lishga intilamiz.

Biroq, 80 ming aholimizni qiynab kelayotgan katta muammo bor. Bu ham bo‘lsa O‘zbekistonga, viloyatimiz markaziga o‘tib-kelish muammosi. Farg‘onaga borish uchun So‘xdan ikkita yo‘l bor. Biri Rishton, ikkinchisi Vodil orqali. Biri yaqin, biri yiroq yo‘l. Xabaringiz bo‘lsa, besh-to‘rt yildan beri faqat bir tomondan qatnab kelyapmiz.  Boshlanishida yaxshi edi. Keyin o‘zgardi. Qo‘shni davlatning chegarasiga gapimiz o‘tmaydi. Chegaradan o‘tuvchilar sarson bo‘lib uzoq vaqt turadi. U yerdagilar na yoshni yosh, qarini qari deyishadi. 50-60 kilometr turli qiyinchilik va muammolar bilan Qirg‘iziston hududidan o‘tamiz.

Rishton tomonidan o‘tish uchun boshqa yo‘l bor. U yo‘lda qo‘shni davlat aholi punkti kam. Juda yaqin yo‘l. Nari borsa 6-7 kilometr Qirg‘iziston yeridan o‘tiladi xolos. Negadir ikki hukumat o‘rtasida mazkur masala ijobiy hal bo‘lmayapti. Rahbarlarimizdan shu muammoni tezroq hal qilib berishlarini kutyapmiz.

Yo‘lning ochilishi So‘xning rivojlanishiga juda katta ta'sir qiladi. Investitsiya kiradi. Yetishtirilgan meva, sabzavotlarni eksportiga katta imkoniyat tug‘iladi. Xalqimiz juda mehnatkash. Bizga Rishton tarafdagi yo‘lning ishga tushishi juda-juda zarur”, - deydi mehnat faxriysi Rahmonjon Zokirov. 

Aynan mana shu muammoni har bir so‘xlikdan eshitishingiz mumkin. Yuqorida aytganimizdek, kim bilan qaysi mavzuda gap boshlamaylik, mavzu borib yana chegara masalasiga borib taqalaverdi.

Ikkinchi muammo      

Navbatdagi suhbatdoshimiz esa fan kishisi, olim inson. Fan nomzodi, uzoq yillar ilmiy tajriba punktida ilmiy xodim, rahbar sifatida faoliyat yuritgan Mahmudjon ota Mamajonovning so‘zlariga quloq tutamiz:

“So‘x dengiz sathidan 1000-1100 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, ob-havosi salqin. Havo harorati yoz faslida  40 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Shuning uchun kartoshka va sabzavot yetishtirishga qulay hudud hisoblanadi. Tabiati, tuprog‘ining o‘ziga xosligi, suvining toza va shirinligi sabab bu yerda yetishtirilgan kartoshkaning dovrug‘i butun O‘zbekistonga ketgan. 

Tumanimiz avvallari asosan urug‘chilik bilan shug‘ullanar edi.  So‘x respublikamizning ayrim hududlari, Qashqadaryo, Jizzax, Farg‘ona vodiysining barcha viloyatlarini sifatli kartoshka urug‘i bilan ta'minlagan. So‘x kartoshkachilik maktabi yaratilgan. Hududlardan kelgan mutaxassislar tumanimizga kartoshka yetishtirishni o‘rgangani kelib, o‘qib, malakasini oshirib ketishar edi. Kartoshkaning asli besh xil turi bo‘ladi – ertaki, o‘rtacha ertapishar kartoshka, o‘rtapishar, o‘rtacha kech pishar va kechpishar kartoshka. Bular 60 kundan 150 kungacha bo‘lgan davr ichida pishib yetiladi. Eng avvalo, kartoshkachilikka bo‘lgan munosabatning asosi – agrotexnikasini bilish kerak. So‘xda shunga moslashgan va malakaga ega aholi va fermerlar bor.

Iltimosimiz shundaki, 1966 yilda tashkil bo‘lgan,  O‘zbekiston sabzavot, poliz va kartoshka ilmiy-tekshirish institutining “So‘x tajriba-tayanch punkti”ni qayta tiklash zarur. Ishlab turgan paytida punktda 20dan ortiq kartoshka navlarini sinovdan o‘tkazib, kartoshkani elita va super-elita navlarini ishlab chiqarganmiz.

Piyoz, sabzi, kashnich, qizilcha urug‘lari yetishtirilgan. So‘xda yetishtirilgan urug‘lar past hududlarda yetishtirilgan urug‘lardan 50 foiz yuqori hosil berishi ilmiy isbotlangan. Chunki, tabiatimiz toza. Navlarimiz kasallikka chidamli bo‘ladi. Yana bizda Shreder nomli ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining “So‘x tajriba-tayanch punkti” faoliyat yuritgan. Mazkur punktda bodom, yong‘oq, subhoni o‘rik, yigirmadan ortiq olma-o‘rik navlari yaratilgan. 1996-yili tajriba-tayanch punkti tugatilib ketdi. Agar har ikki ilmiy muassasalar qayta tiklansa, mamlakatimizga o‘zimizning sifatli urug‘ va ko‘chatlar yetkazib beriladi. Undan tashqari “So‘x kartoshkachilik va urug‘chilik maktabi” tiklanadi. Biz subhoni o‘riklarni payvandlab, yillar davomida ishlab chiqqanmiz. Hech qayerda So‘xnikidek subhoni o‘riklar bo‘lmaydi. 

Hozir yurtimizga milliardlab summaga kartoshka urug‘i olib kirilyapti. Bu juda tushunarsiz holat. Axir bu urug‘ sinalmagan. Bizning yerimizda bo‘ladimi-bo‘lmaydimi hech kim kafolat bera olmaydi. Har bir nav ekilishidan oldin sinovdan o‘tkazilishi kerak.  O‘sha paytlarda har bir navni sinovdan o‘tkazib, ilmiy Kengashda himoya qilar edik. Navlarni har bir hududga moslab, rayonlashtirib so‘ng tarqatilardi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga keltiradigan foydani hisobga olgan holda So‘xdagi har ikki tajriba tayanch punktlarini tiklash payti keldi, deb o‘ylayman. Bu bilan tumanimizning ham rivojlanishiga katta turtki berilgan bo‘lardi”.      

Ilm kishisining aniq faktlarga asoslangan so‘zlari bu muammoni ko‘tarib chiqishga arzigulik ekanini bildirar edi. Axir chetdan sifatli urug‘lik, ko‘chat olib kelgandan ko‘ra So‘xda yetishtirish afzalroq va iqtisodiy tomondan foydaliroq emasmi? 

Tog‘lar yurtidagi safar xulosasi

Tumanda boshqa yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas .

“Yurtimizdagi minglab fuqaroligi yo‘q vatandoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishga musharraf bo‘ldi. Ayrim ma'lumotlarga asosan 206 nafar so‘xliklarning hujjati oxirgi manzilini topolmay, idorama idora chang bosib yotibdi. Bularning orasida yoshlari saksondan oshgan qariyalar, nogironlar, xasta insonlar bor. Ushbu masalani ijrochilar diqqatiga yetkazishni ilojisi bormi?” - deydi oxirgi yillar sarson-sargardon bo‘lib yurgan Abdurahim Sarmiyev.

Bu masalaning tez kunlarda hal bo‘lishiga ishondik.

Tasvirchimiz bilan kun og‘ib, quyosh ufqqa yonboshlaganida yana o‘sha bizni So‘xga olib kelgan taksichi Savriddin aka bilan to‘rt chegaradan o‘tib Farg‘ona tomon yo‘l oldik. Kamoliddin akaga rahmat aytib xayrlashib, yana 70 kilometr mashinadan tushmay yana Qirg‘izistonning Botken viloyati, Qadamjoy tumanidan o‘tdik.

Bizga yo‘ldosh bo‘lgan so‘xlik yigit qo‘shni davlat chegarachilarining o‘tish chog‘ida har bir kishidan 5 ming so‘m, avtomashina egalaridan 200 ming so‘m, yuki bilan o‘tadigan yuk mashinalaridan 2 million so‘mgacha pul olishlarini aytib keldi. “Iltimos, chegaradan o‘tish azobi, soatlab navbat turish haqida albatta yozinglar. Aka, maqolangiz chiqsa So‘x muammolari hal bo‘larmikan?”, deydi yigit.

Vodiyning shimoliy tarafidagi chegaradosh Andijon va O‘sh viloyati mutasaddilari o‘rtasida aloqa juda yaxshi. O‘shliklar mehmonga keladi, Xonobodda har oyda o‘tov tikilib birgalikda tadbirlar tashkil etiladi. Ikki qo‘shni el bir-biri bilan inoq. 

Biroq, Farg‘ona va Botken o‘rtasida bunday iliqlikni ko‘rmadik. Bu Shohimardon, Cho‘ng‘ara, Qal'achaliklarga qiyinchilik tug‘dirayotgani aniq.  Qadamjoy tumanidan So‘xgacha bo‘lgan 70 kilometr yo‘l tranzit. Yo‘lovchi zaruriyat bo‘lsa ham to‘xtamay harakatlanishga majbur. Mutasaddilar ikki viloyat xalqi o‘rtasida madaniy-ma'rifiy tadbirlarni ko‘paytirishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

So‘xliklar uchun yechimini kutayotgan eng muhim muammo - Rishton chegara postini ochilishidir. Bu masalaning ijobiy yechim topishi tuman hayoti va taraqqiyoti uchun juda zarur.

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.
Farg‘ona-Botken-So‘x

Mavzuga oid