Xalqlar do‘stligi san'at saroyini ta'mirlagan ishchilarning «peshona teri» uchun haqi nega kechikmoqda?
Joriy yilning 3 may kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi 36-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada «Istiqlol» san'at saroyi, uning old qismi hamda «Bunyodkor» metro bekatiga uning avvalgi «Xalqlar do‘stligi» nomini qaytarish masalasi ko‘rildi. Shu bilan birga, mazkur san'at saroyini qayta ta'mirdan o‘tkazish rejaga kiritildi.
Mana bir necha oydan beri ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ishchilar havo harorati juda issiq bo‘lishiga qaramay tinmay mehnat qilmoqda. Biroq hozirda ba'zi muammolar paydo bo‘lgan. O‘sha yerda ishlayotgan ishchilardan «Kun.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish uchun ular bilan bog‘landik.
Murojaatchilar turli viloyatlardan kelgan oddiy aholi. Azim Toshkentga rizqini terish uchun kelgan insonlar so‘nggi vaqtda maosh muammosiga duch kelishgan. Ularning aytishicha, ta'mirlashni o‘z zimmasiga olgan qurilish firmasi «Art alians» ishchilarga bir muddatdan beri ish haqilarini bermay kechiktirmoqda. «Ana beramiz, mana beramiz» zaylida ish tutishmoqda.
Murojaatchilarning aksariyati chekka hududlardan kelgani va hayit bayramigacha uyga qaytishni rejalashtirishgan. Lekin ish haqini ololmagan ishchilar pulsiz qayerga ham borardi?! Ularning ham bayram uchun rejalari bor. Ular ham xonadoniga bayramlik qilib ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlariga sovg‘a ko‘tarib borishni niyat qilishgandi. Uzoq muddat farzandlari bilan uchrashmagan otalar bor. Hech bo‘lmasa ikkita non va mayda-chuydalar olib borishni istashadi.
Ular bor yo‘g‘i halol ishlab topgan peshana haqqini so‘rashmoqda.
«Nima qiladi firma egalari odamlarni norozi qilib. Pulini ololmaganlar ketdi qo‘l siltab. Ba'zilarimiz niyatlar qilganmiz. Pulimizni ololmasak, niyatlarimiz nima bo‘ladi? Oilamizga quruq qo‘l bilan qaytamizmi? Saratonni saraton demay, issiqda tepaga chiqib ishladik. Dam olmadik. Bayram yaqinlashgani sabab yo‘l kiralar ham oshib ketdi. Yana oshmoqda. O‘z vaqtida berganida, arzonligida yetib olardik. Boshqa davlatlardan nima kamimiz bor. Boshqa davlatlarda ishlaganmiz. Rossiyada. O‘sha davlatda bugun ishlagan bo‘lsak, ertasiga haqimizni olganmiz», - deydi murojaatchilar.
Ishchilar haqlari berilishini bir necha bor so‘rashgan. Oxiri muammoni yoritib berishimizni so‘rab bizga murojaat qilishgan.
Izoh olish maqsadida o‘sha yerdagi boshliqlardan biri Tohir aka bilan bog‘landik. Tohir aka vaziyatga izoh bergandek bo‘ldi.
«Qaysi biring pul olmagansan? Chiq bu yerga. Ha senmi? Xo‘p. Men necha pul oldim davlatdan? Oldin borib, bilib olgin... Menga ham hali bir so‘m berilmadi. Shu vaqtgacha o‘zimning yonimdan berib keldim o‘sha olgan pullaringni. Bor brigadiring bilan gaplash. Sen (o‘sha yerda haqini so‘ragan bir ishchiga qarata) bugun hisob-kitobingni qilda, yo‘qol bu yerdan. Basharangni ko‘rmay. Oliftagarchiligingni qilma menga....Bu «pretenziya»ngni borib «yuqoridagilar»ga qilasan. Qo‘lingdan kelganini qil...», - deya o‘z madaniyatini namoyish etdi u.
Biz vaziyatdan hayron qoldik. 50 darajadan ortiq issiqda ham ishlagan insonlarga shunday qo‘pol muomala qiladimi? Toshkentni obod qilish uchun kelgan bechora mehnatkashlar. Dardingni o‘z boshlig‘ing eshitmasaya?!
Murojaatchilarning tushuntirishlari bo‘yicha ularga berilayotgan taomlar ham juda sifatsiz. Mehnat uchun sarflagan energiyaga yarasha emas. Biror ishchi jarohat olgudek bo‘lsa, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmaydi.
Muammoning ildizini izlab Moliya vazirligiga yo‘l oldik. U yerda murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i kutib oldi. So‘zimizni eshitdi. Tegishli boshqarmaga zudlik bilan tegishli ko‘rsatma berilishini aytdi. Keyinroq (1 soatdan so‘ng) shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi xodimi aloqaga chiqdi. U mablag‘lar bugun soat 11:41da o‘tkazib berilganini ma'lum qildi. O‘ylaymizki, ishchilarga ish haqlari o‘z vaqtida yetkaziladi.
Sodda halq vakillari bizdan yuzini ko‘rsatmaslikni iltimos qilishdi. Bu holatni majburlikdan qilayotganligini aytishdi. To‘g‘ri, oson emas. Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Uning ustiga Toshkent shahrida katta qurilishlar ketmoqda. Birdaniga ulgurish qiyin. Byudjyet masalasi axir. Hamma yurakdan ishlashga harakat qilmoqda. Moliya vazirligiga bog‘lanishimiz bilan muammoni tezda hal qilishdi, baraka topishsin. Biz borgan kuni o‘sha yerdagi eng katta boshliq Isroil aka ham muammoni hal qilishga va'da berdi.
Vaziyatni bevosita kuzata turib menda bir necha savollar paydo bo‘ldi. Biz qachon shu kabi muammolardan qutulamiz? Ayrim tashkilotlarda oylik ish haqlari nega o‘z vaqtida berilmaydi? Kechiksa sababi tushuntirilmaydi. Xalqimiz sabrli tushuntirsa tushunadiku. Nega joylarda mehnat inspektorlari faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan? Mehnat qonunchiligiga amal qilish qachon to‘liq yo‘lga qo‘yiladi? Huquqni muhofaza qiluvchi organlar nega bunday holatlarning oldini olish choralarini ko‘rmaydi? Xalqning huquqiy ongi va madaniyatini oshirmay turib, qanday o‘ylagan maqsadlarimizga erishishimiz mumkin? Oddiy ish haqini talab qilgan xodimlarini kamsitadigan ish beruvchilar faoliyatiga qachon barham beriladi?
Umid qilamizki, bu jarayonni tegishli tashkilotlar o‘z nazoratiga oladi va ishchilarning oylik ish haqlari har biriga o‘z vaqtida tarqatiladi, xodimlariga bunday keskin muomala qilgan rahbarga ham tegishli tartibda chora ko‘riladi. Tegishli tashkilotlar yuqoridagi masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini ko‘rsatib, joylarda yana bunday holatlar paydo bo‘lmasligining oldi olinishiga xizmat qilishadi, deya ishonch bildiramiz.
Zafarbek Solijonov
Mavzuga oid
08:11 / 03.06.2021
O‘zbekistonda «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni ta'sis etildi
11:10 / 26.02.2021
2021 yilda 20 davlatdagi vatandoshlarga 50 mingta kitob yuboriladi
17:12 / 05.02.2021
O‘zbekistonda 30 iyul Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilanmoqda
12:00 / 05.08.2020