Fan-texnika | 13:40 / 16.08.2018
30502
11 daqiqa o‘qiladi

Yirik avtosanoatlar tarixi: Xitoy

Shu yilning 30 iyul kuni Xalqaro Press klubda “O‘zavtosanoat” AJ rahbariyati ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomashinalar narxi o‘rtacha 14 foizga oshishi, o‘zbek avtosanoatida proteksionizm choralari qachongacha davom etishiga doir fikrlar bildirildi. 

Kun.uz dunyo avtomobil sanoatida yuksak natijalarga erishgan mamlakatlarning ushbu sohada rivojlanish tarixini o‘rganishga va uni o‘quvchilar e'tiboriga havola qilishga qaror qildi. Turkum maqolalarning uzviy qismi sifatida Janubiy Koreya va Germaniya avtomobilsozligi tarixiga doir maqolalar e'lon qilindi. 

Bu safar, avval va'da qilinganidek, ko‘pgina sohalarda bo‘lgani kabi qisqa vaqt mobaynida avtomobilsozlikda ham yuksak natijalarga erishgan Xitoy tajribasidan ayrim ma'lumotlarni taqdim etamiz. 

Foto: wikimedia

Xitoy avtomobilsozlik sanoati, aytish mumkinki, deyarli yarim asrlik tarixga ega. Biroq u 1990-yillar boshlaridan buyon yuqori sur'atlarda rivojlanmoqda. 2009 yili XXR dunyodagi eng yirik avtobozorga aylangan bo‘lsa, ayni vaqtda dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi davlati sanaladi. Uning o‘zi bir yilda AQSh va Yaponiya birgalikda ishlab chiqaradigan mashinalar sonidan ko‘p avtomobil yetkazib beradi. YeIda ishlab chiqilgan jami transport vositalari ham Xitoy ulushiga yeta olmaydi. Qiziq va o‘rinli savol tug‘iladi: Xitoy bunday natijaga qanday erishdi?

2013 va 2014 yillarda Xitoy dunyo avtosanoati tarixida ilk marotaba bir yilda 20 mln donadan ortiq mashina ishlab chiqdi, tegishli ravishda 22,1 mln va 23,7 millionta. Mamlakat bugungi kunda butun boshli avtomobil tizimini yo‘lga qo‘ygan davlatdir. XXRning eng yirik avtokompaniyalari esa, FAW, SAIC va Dongfeng hisoblanadi. Biroq, ma'lumot uchun aytish kerak, 2006 yil noyabr oyidayoq Xitoyda 6322ta avtomobil korxonasi bor edi. 

Foto: Karelskiye vesti

Xalq respublikasi 2006 yilda avtomobil ishlab chiqish borasida Yaponiyani quvib o‘tdi va Qo‘shma Shtatlardan keyingi ikkinchi davlat bo‘ldi. Uning dunyo avtosanoatida AQShni quvib o‘tib, eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanishi uchun 3 yilgina vaqt kifoya qildi. Shundan beri u hozircha maqomini qo‘ldan boy bergani yo‘q. 

Foto: dongfengmotor.ru

Ta'kidlash o‘rinliki, 2009 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobillarning deyarli yarmi, 44,3 foizi (BYD, Lifan, Chang’an, Geely, Chery, Hafei, Jianghuai, Great Wall, Roewe, FAW va b.) mahalliy brendlar edi. Bugungi kunga kelib, bu raqam yanada oshgani o‘z-o‘zidan ma'lum albatta. Shu bilan birga, Volkswagen, Mitsubishi, General Motors, Hyundai, Nissan, Honda, Toyota kabi dunyoga mashhur xorijiy kompaniyalar bilan tashkil etilgan qo‘shma korxonalar ham faoliyat yuritib keladi. Qayd etish kerak, mamlakatda ishlab chiqilgan avtomobillarning aksariyati ichki bozorda sotiladi. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2009 yilda ishlab chiqilgan 13,76 mln dona avtomobildan 369,6 mingtasi eksport qilingan. 

Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari soni 2009 yilda 62 mln.dan ortgan edi. 2020 yilga kelib bu raqam 200 mln.dan ortishi taxmin qilinmoqda. 2011 yili Xitoy milliy avtomobillar parki 100 mln.lik raqamni ortda qoldirdi va AQShdan keyingi o‘rinni egalladi. 

Keling, endi qisqagina Xitoy avtosanoati tarixiga to‘xtalsak.

Xitoy xalq respublikasi avtosanoatining ilk rivojlanish bosqichi 1928—1980 yillarga to‘g‘ri keladi. Chjan Syuelyan 1931 yili Ming Sheng deb nomlangan yagona yuk mashinasini ishlab chiqargan. 1953 yil 15 iyun esa, Xitoy avtosanoatiga asos solingan kun hisoblanadi. O‘shanda Pekinda FAW zavodi ishga tushdi. 1958 yil 10 martda NJ130 yuk mashinasi zavoddan chiqdi. Umuman, 1950 yillar oxiri va 1960 yillar boshida Nanjing, Shanxay, Tszinan va Pekin shaharlarida bir nechta avtomobil zavodlari tashkil etildi. Bular bugungi kunda Nanjing Automobile (Group) Corporation, Shanghai Automotive Industry Corporation, Beijing Automotive Industry Holding Corporation kompaniyalaridir. 1968 yilda keyinchalik Dongfeng Motor Corporation kompaniyasiga aylangan The Second Automobile Works zavodiga asos solingandi. 

Foto: truck-auto.info

1980-1992 yillar

Den Syaopin tomonidan 1978 yilda boshlangan islohotlar jarayonida avtomobil sanoatini rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilangan edi. 1990 yillarda shaharliklar va qishloqliklar daromadlarining tez sur'atlar bilan ortishi yengil va yengil tijorat avtomashinalariga bo‘lgan talabni kuchaytirdi. Ichki ishlab chiqarish juda cheklangan bo‘lgani bois, avtomobillarni import qilish hajmi keskin oshdi. Bu holat avtomobillar uchun import boji 260 foiz oshirilganiga qaramay ro‘y berdi. 
 
1985 yili Xitoy bir yilda 350 mingdan ortiq (106 ming yengil va 111 ming yuk mashinasi) turli avtomobillar importi uchun 3 mlrd dollar sarfladi. Import xarajatlari savdo balansida jiddiy defitsitni paydo qilgani uchun Xitoy hukumati bu jarayonni targ‘ibot-tashviqot ishlari, valyuta ayirboshlashni cheklash, bojlarni oshirish, aksiz soliqlarini joriy qilish, 1985 yilda esa, 2 yillik avtomobil importiga moratoriy joriy qilish bilan keskin choralar ko‘rdi. 

Xitoy avtoimportni cheklash orqali yengil avtomobillarni mahalliy zavodlarda ishlab chiqishni rag‘batlantirishga urindi va bu samara bera boshladi. 1983 yili American Motors Corporation (keyinchalik Chrysler Corporation tomonidan xarid qilingan) Pekinda (BAIC Group) Jeep Cherokee XJ modelini yig‘ish bo‘yicha 20 yillik shartnoma imzoladi. Kelgusi yilda Volkswagen AG Shanxayda (SAIC Group) Volkswagen Santana sedanini yig‘ish bo‘yicha 25 yillik bitimga imzo chekdi. Fransiyaning PSA kompaniyasi Guanchjouda Peugeot 504 yengil mashinasini yig‘ish loyihasini amalga oshira boshladi. Bularning bari zamonaviy Xitoy avtosanoatining poydevori bo‘ldi, deyish mumkin. 

1992 yilda Xitoy bir yilda 1 mln.dan ortiq mashina ishlab chiqishga erishgan bo‘lsa, 2000 yilda bu raqam 2 mln.dan ortdi. 2001 yili Xitoy Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lganidan so‘ngra, avtomobil bozorining rivoji yanada tezlashdi. 2002-2007 yillar oralig‘ida har yili avtomobil ishlab chiqish o‘rtacha 21 foizga yoki 1 mln donaga ortib bordi. 2003 yil, aytish mumkinki, Xitoy avtosanoati uchuun tub burilish davri bo‘ldi. Ichki va tashqi bozorga «BYD» (Build Your Dreams – O‘z orzularingni qur) kompaniyasi mahsulotlari chiqarildi. 2004 yilda bir yilda 5 mln donadan ortiq avtomobil ishlab chiqildi. 2009 yilda bu raqam 13,76 mln donaga yetdi. Shu bilan Yaponiya ortda qoldirildi va dunyoning ikkinchi avtomobil ishlab chiqaruvchi mamlakatiga aylandi. 

2010 yilda ishlab chiqarish va savdo hajmi 1/3 baravarga oshdi va 18 mln donadan ortdi. Dunyo avtomobilsozligi tarixida ilk marotaba yillik avtomobil ishlab chiqarish soni 15 mln.lik ko‘rsatkichdan oshdi. Shu yili 18,26 mln.ta mashina ishlab chiqildi, shundan 11,6 millioni yengil mashinalar edi. Bu esa, so‘nggi 40 yilda o‘zaro o‘rin almashib kelayotgan ikki yetakchi davlat AQSh va Yaponiya, shuningdek YeIni sezilarli ortda qoldirishga asos bo‘ldi. 

2011 yili Xitoy avtosanoati bir necha foizga o‘sdi. Jami ishlab chiqilgan avtomobillar soni 19,27 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 14,89 mln.tasi yo‘lovchilar uchun, 3,93 mln donasi tijorat maqsadiga xizmat qiluvchi transport vositalari edi. Mamlakatda 18,51 mln dona avtomobil sotildi. Lekin qayd etish o‘rinli, shu yildan hukumat avtobozorga turtki berishni ko‘zda tutuvchi davlat dasturlarini to‘xtatdi. Shunga qaramay, Xitoy avtokompaniyalarining moliyaviy ahvoli shunchalik kuchaydiki, Yevropaning mashhur Rover, Saab, Volvo Cars, LTI va LDV kabi brendlarini xarid qilishga muvaffaq bo‘lindi.

Foto: volvocars.com

2012 yildan Xitoyda transport vositalarini muqobil va tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha davlat dasturi amalga oshirila boshlandi. 2013 yili elektromobillarni xarid qilganlarga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etildi. 2010 yillar o‘rtalaridan elektrobuslar ishlab chiqarish kengaytirildi. 2016 yil 90,5 ming dona shunday avtobuslar yirik megapolislarga yetkazib berildi. Elektromobillar va quvvatlanadigan gibridlar soni 50 mingdan ortdi, bir yilda 777 mingtaga yetdi. 2017 yili Xitoyda 29 mln donadan ortiq avtomobillar ishlab chiqildi, bu butun dunyoda ishlab chiqarilgan transport vositalarining (96,4 mln) 30 foizini tashkil etdi. Qiyoslash uchun yana bir ma'lumot: O‘zbekistondek mamlakat aholisining har birini bittadan avtomobil bilan ta'minlashga Xitoy quvvati bir yil-u 2 oy kifoya qiladi. XXR yengil avtomobillar bozorida milliy brendlar ulushi 43,9 foizga, SUV rusumli mashinalar bozorida 60,6 foizni tashkil etdi. 

Bugungi kunda Xitoyda ko‘plab avtomobil kompaniya va firmalari mavjud bo‘lasa-da, ularning eng yiriklari quyidagilardir:
First Automotive Works (FAW), SAIC Motor, Beijing Automobile Works (BAW) Beijing Automotive Group Co. (BAIC), Chery Automobile, Changan, Brilliance China Auto, Dongfeng, Geely Automobile, Great Wall Motors, Lifan, Dadi Auto.

FAW korporatsiyasining binosi
Foto: wikimedia

Xullas, dunyo avtosanoatlari tarixi xususida tom-tom kitob yozsa bo‘ladi. Biz 3 maqoladan iborat turkumda atigi 3 davlat avtosanoati tarixiga qisqagina yondashdik. Biroq xulosamiz bitta bo‘ldi: ya'ni, o‘rganganimiz uch davlatda ham avtomobil sanoati rivojlanishi uchun avvalboshdanoq raqobat muhiti mavjud bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida bir xil toifada avtomobil ishlab chiqaruvchi bir necha kompaniya va zavodlar faoliyat yuritgan. 

Xitoy va J.Koreya tomonidan olib borilgan “proteksionizm” siyosati mamlakat ichkarisida bir necha avtokompaniyalar (xorijiy kompaniyalar ishtirokida ham) tashkil etilishiga to‘sqinlik qilmagan. Bu ikki davlatda ham dastavval Yevropa mashinalari yig‘ilgan, keyinchalik to‘liq ishlab chiqarish bosqichiga o‘tilgan. Ammo bu jarayon O‘zbekistonda bo‘lganidek, 20 yildan ortiq vaqtni olmagan. Aksincha, tarixan qisqa davrda yuksak natijalarga erishilgan. 

Mavzuga oid