O‘zbekiston | 17:34 / 18.08.2018
32917
16 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonning qo‘shma bayonoti

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon 2018 yilning 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.

TIV O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning qo‘shma bayonoti matnini e'lon qildi.

O‘zaro anglashuv, konstruktiv va ochiq muhitda o‘tgan muzokaralar davomida Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning hozirgi holatidagi dolzarb masalalarni, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarning barcha sohalarini qamrab oladigan ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollarini, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni batafsil muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari davlatlararo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning o‘sish sur'atini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va sermahsul munosabatlarning jadal va izchil rivojlanib borish tendensiyasini mamnuniyat bilan e'tirof etib,

do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga tayangan holda, shuningdek, ikki qardosh xalqlarning ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiyligidan kelib chiqib va 2000 yil 15 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma qoidalariga amal qilgan holda,

ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli asosda konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga yangi va katta turtki berishiga ishonch bildirgan holda,

butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni har tomonlama mustahkamlash, uning izchil rivojlanishi va ravnaq topishini ta'minlashda o‘zlarining yuksak mas'uliyatlarini anglagan holda,

quyidagilar to‘g‘risida bayonot berdilar:

1. Davlat rahbarlari tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnoma ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi an'anaviy do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini har tomonlama yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta'minlashga ko‘maklashishiga ishonch bildirdilar.

Shu o‘rinda Tomonlar o‘zbek-tojik munosabatlarini rivojlantirishning yuqori sur'atini saqlab qolish, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishni davom ettirishga qat'iy intilishlarini tasdiqladilar.

2. Davlat rahbarlari birgalikdagi sa'y-harakatlar vositasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasini do‘stlik va ahil qo‘shnichilik chegarasiga aylantirishga erishilganligini hamda bu ikki qardosh xalqning hayotiy muhim manfaatlariga javob berishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-tojik Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani bundan buyon ham amalga oshirishning muhimligini ta'kidladilar.

3. Davlat rahbarlari 15 martda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan, mintaqani rivojlantirishning dolzarb masalalari va mamlakatlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining konsultativ uchrashuviga yuqori baho berdilar. Mazkur uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishga tayyor ekanliklari tasdiqlandi. Tojikiston tomoni navbatdagi uchrashuvni 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining taklifini olqishladi va qo‘llab-quvvatladi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli va sermahsul ko‘p tomonlama hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadigan keng ko‘lamli o‘zgarish va islohotlar hamda muhim xalqaro tashabbuslarning ijobiy natijalarini e'tirof etdi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalarini hamda uning O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi salmoqli hissasini ijobiy baholadi.

5. Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish o‘ta muhim va alohida ahamiyatga egaligini yana bir bor tasdiqladilar.

Tomonlar so‘nggi yilda ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmi ikki barobarga oshganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda bu borada ijobiy o‘sish sur'ati va katta salohiyat mavjudligini hisobga olgan holda, yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish maqsadida birgalikdagi sa'y-harakatlarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu o‘rinda Tomonlar o‘zaro savdo nomenklaturasini yanada diversifikatsiya qilish, sanoat sohasida hamkorlikni amalga oshirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, eksport-import operatsiyalari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar ikki davlat hududlarida o‘tkazilayotgan milliy ko‘rgazmalarda O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining faol ishtirokini davom ettirish muhimligini hamda bu Tomonlarning biznes hamjamiyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlat rahbarlari Toshkent shahrida davlat tashrifi doirasida tashkil qilingan «Tojikistonda ishlab chiqarilgan» ko‘rgazmasi va O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma biznes-forumini mamnuniyat bilan qarshi oldilar.

Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatiga ijobiy baho berdilar.

Shu munosabat bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid barcha masalalarni muvofiqlashtirish va jadallashtirishda Komissiyaning samarali mexanizm sifatidagi muhim roli qayd etildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishda kuzatilayotgan ijobiy tendensiyani e'tirof etdilar.

Shu munosabat bilan 2018 yil 9 martda Dushanbe shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni izchil amalga tatbiq qilish muhimligi qayd etildi.

6. Davlat rahbarlari ikki mamlakatning transport-kommunikatsiyaviy imkoniyatlari va tranzit salohiyatini har tomonlama ishga solish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar hamda bu sohada erishilgan natijalarni qayd etdilar.

Shu munosabat bilan ikki davlat tegishli idoralariga yangi tranzit avtomobil, temir yo‘l, havo qatnovi yo‘nalishlarini ishlab chiqish va bu sohada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi temir yo‘llarida yuk tashish uchun amaldagi tranzit-transport yo‘laklarining samarali ish yuklamasi masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Prezidentlar ikki qardosh mamlakat va ularning xalqlari o‘rtasida madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga ko‘maklashadigan Dushanbe shahridan Buxoro va Samarqand shaharlariga aviaqatnovlar ochilganini olqishladilar.

7. Davlat rahbarlari ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiyligini ta'kidlagan holda, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga alohida ahamiyat beradilar.

Tomonlar ilmiy va ijodiy doiralar, jamoat tashkilotlari va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi boshqa muassasalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning o‘rnatilganligi va munosabatlarning yangilanganligini, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning madaniyat va san'at namoyondalari ishtirokida ko‘plab o‘zaro tadbirlar o‘tkazilganini, bu esa ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni yaxshilash va ularni yaqinlashtirishga ko‘maklashishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat prezidentlari ta'lim va fan sohalarida o‘zaro munosabatlarni kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratgan holda, tashrif doirasida imzolangan ta'lim haqida davlat namunasidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida hukumatlararo bitimning muhimligini tasdiqladilar.

Tomonlar bundan buyon ham o‘z davlatlari hududlarida istiqomat qilayotgan o‘zbek va tojik jamoatchiligi uchun ona tili, milliy madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishda qulay sharoitlar yaratib berishga ko‘maklashadilar.

8. Prezidentlar ikki mamlakat hukumatlariga o‘zbek tilini Tojikistonda va tojik tilini O‘zbekistonda o‘rganish va o‘rgatishni takomillashtirish, o‘zbek va tojik tillarida o‘qitiladigan umumta'lim o‘quv muassasalari tizimini kengaytirish, o‘quv va badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar bilan almashinuv bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, ikki mamlakatning mumtoz adabiyot vakillari va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriq berdilar.

9. Tomonlar o‘zbek-tojik Davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarining to‘laqonli faoliyati qayta tiklanganini mamnuniyat bilan e'tirof etdilar hamda insonlar, sarmoya, tovar va xizmatlarning harakatlanishi bo‘yicha qulay sharoitlar yaratish uchun tegishli chegaraoldi tuzilmalarining uyg‘un faoliyatini ta'minlash muhimligini ta'kidladilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining 30 kunga qadar o‘zaro safarlari uchun vizasiz rejim joriy qilinganligini, bu esa qisqa vaqt oralig‘ida o‘zaro safarlarni bir necha barobarga oshirish hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashish imkonini berganligini ijobiy baholadilar. Tomonlar viza rejimini yanada liberallashtirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishda davom etadilar.

10. Prezidentlar mintaqada xavfsizlikka oid xuruj va tahdidlarning kuchayib borishi Tomonlarning tegishli idoralari o‘rtasida birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish va uyg‘unlashtirishni talab qiladi, degan yakdil fikrdalar.

Shu o‘rinda ikki mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalari va xavfsizlik organlari yo‘nalishidagi sermahsul hamkorlik qayd etildi hamda O‘zbekiston va Tojikistonning tegishli tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida imzolangan bitimlarni amalga tatbiq qilish zarurligi ta'kidlandi.

11. Davlat rahbarlari harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar.

Shu munosabat bilan ikki mamlakat rahbarlari ikkala davlat o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganligini olqishladilar.

12. Prezidentlar ikki mamlakat chegaraoldi hududlarida muhandislik to‘siqlari uchastkalarini zararsizlantirish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma ishchi guruhi faoliyatini ijobiy baholadilar hamda mazkur ishni 2019 yil oxiriga qadar yakunlash zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.

13. Prezidentlar mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanish Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi, farovonligi va ravnaq topishiga erishishda muhim rol o‘ynashini yana bir bor ta'kidladilar. Mazkur sohalarda ochiq muloqot, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro maqbul, adolatli va oqilona yechimlarni topish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar Tojikiston hududida Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 megavatt bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiyani birgalikda qurish masalasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Ikki davlat rahbarlari Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaga Sarez ko‘lining chuchuk suvidan ikki mamlakatning ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji uchun foydalanish masalasini o‘rganishni topshirdilar.

Tomonlar 2018-2028 yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe shahri, 2018 yil 20-22 iyun) yakunlarini ijobiy baholadilar hamda Konferentsiyaning yakuniy deklaratsiyasi va boshqa yakuniy hujjatlarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Prezidentlar Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan va taqdim qilingan «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanganligi va 2018 yil 22 iyunda qabul qilinganligini mamnuniyat bilan e'tirof etdilar hamda xalqaro maydonda umumiy mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish va ro‘yobga chiqarishdagi hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.

14. Prezidentlar xalqaro masalalarda har qanday qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni faqatgina siyosiy yo‘l bilan, muzokaralar va boshqa tinch vositalar orqali hamda xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlangan prinsiplarga so‘zsiz rioya qilgan holda hal etish mumkin, degan yakdil fikrdalar.

Tomonlar xalqaro maydonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va formatlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda davom etadilar.

Prezidentlar «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Toshkent shahri, 2018 yil 26-27 mart) hamda Terrorizm va radikalizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe shahri, 2018 yil 3-4 may) yakunlarini ijobiy baholadilar.

15. Tomonlar Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan tarixiy xususiyatga ega davlat tashrifi natijalarini mamnuniyat bilan e'tirof etdilar hamda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va tashrif davomida imzolangan hujjatlar turli sohalarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki berishini, shuningdek, davlatlararo munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga salmoqli hissa qo‘shishini ta'kidladilar.

16. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va butun O‘zbekiston xalqiga Tojikiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik, iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qulay bo‘lgan vaqtda tashrif bilan Tojikistonda bo‘lishni taklif qildi.

Mavzuga oid