Sport | 13:30 / 19.08.2018
8118
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash: Magomed Ibragimov va Behzod Abdurahmonov chorak finalda. Rashid Qurbonov nimchorak finalda raqibini kutmoqda

Bugun, 19 avgust kuni Jakartada Osiyo o‘yinlarida asosiy musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda.

Turnirga kelgan 5 nafar o‘zbekistonlik erkin kurashchi bugun bahslarni boshlashdi. 

Dastlab 57 kg vazn toifasidagi Maxmudjon Shavkatov saralashda ishtirok etib, pokistonlik Bilol Muhammadni 7:2 hisobida mag‘lub etdi va nimchorak finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyingi bosqichda unga filippinlik Lobregito Alvin raqiblik qildi. Shavkatov bu raqibini ham osonlik bilan mag‘lub etdi (11:2) va chorak finalga yo‘l oldi. Endi yarim final yo‘lida u mo‘g‘ulistonlik Erdenebat Bekbayarga qarshi gilamga chiqadi.

O‘zbekistonning 65 kg vazn toifasidagi vakili Sirojiddin Hasanov esa turnirdagi ishtirokini barvaqt yakunladi. U nimchorak finalda Hindiston vakili Bazirang Bazirangga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (3:13).

74 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Behzod Abdurahmonov jangsiz chorak finalga yo‘l oldi, uning nimchorak finaldagi raqibi yamanlik Muhammad Hasan gilamga chiqishdan bosh tortdi va O‘zbekiston vakiliga texnik g‘alaba yozildi. Endi Abdurahmonov chorak finalda Davlatmurat O‘razgaliyev (Turkmaniston) va Mustafo Husaynxon (Eron) juftligi g‘olibiga qarshi gilamga chiqadi.

86 kg vazn toifasida Rashid Qurbonov saralashdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U falastinlik Alhoji Vailga imkoniyat qoldirmadi (10:0). U endi nim chorak finalda yaponiyalik Shirai Shotaga qarshi bahs o‘tkazadi.

O‘zbekistonning 97 kg vazn toifasidagi vakili Magomed Ibragimov esa nimchorak finaldan osonlik bilan o‘tdi. U xitoylik Yang Chaoqiangni mag‘lubiyatga uchratdi (10:0) va chorak finalda hindistonlik Xatri Mavsamga qarshi bahsni kutmoqda.

Mavzuga oid