O‘zbekiston | 00:55 / 23.08.2018
22181
7 daqiqa o‘qiladi

Baxmaldagi maktablardan birida muammo: sinfxonalar yetishmayapti

Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi «G‘allakon» MFY, Udamali qishlog‘idan Kun.uz tahririyatiga quyidagi mazmunda murojaat kelib tushdi:

«Qishlog‘imizdagi 29-o‘rta maktab holati qoniqarsiz ahvoldaligi uchun sizga yordam berishingiz uchun murojaat qilyapman. Maktab 10-12 yil oldin qayta qurilgan, lekin qizig‘i — u 7 ta o‘quv xonasiga ega, ularning ham biri kompyuter xonasi. Hozir maktablar 11 yillik bo‘lgach, ko‘p noqulayliklar keltirib chiqmoqda. Sport zali bir necha yillar oldin xalq tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan, hozir avariya holatda bo‘lganligi uchun ishlamaydi. Ustaxona, ovqatlanish xonalariyam xaroba ahvolda. Hozir maktab 11 yillik bo‘lgach, «Chaqiruvgacha yoshlarni tayyorlash xonasi» talab qilinadi, lekin xona yo‘q. Sport jihozlarini qo‘yishga joy yo‘q. Iltimos, mazkur mavzu bo‘yicha shu ishga masul bo‘lgan tuman xalq ta'limi bo‘limi vakillarini uyg‘otsangiz. Qishloqqa sport zali, qo‘shimcha sinf xonalari, bolalar ovqatlanish joylari qurib berilishida o‘z yordamingizni ayamasangiz».

Biz tahririyat topshirig‘i bilan Baxmal tumanidagi Udamali qishlog‘ida joylashgan 29-umumta'lim maktabini borib ko‘rdik. Aytish joizki, qishloqni o‘rtasidan Sangzor daryosi yorib o‘tadi. Qishloqning yarim bolasi narigi qirg‘oqdagi 28-maktabga borishar ekan.

Ko‘rinib turibdi, maktab binosi yangi, hali binoyidek, ta'til vaqtida ham yaxshi ta'mirlangan. Yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni qabul qilishga taxt qilib qo‘yilgan. Tan olish kerak, udamalilik pedagoglar borini avaylab, ko‘z qorachig‘idek asrab yurishibdi.

Maktabga rasman dam olish kuni deb e'lon qilingan 22 avgust kuni bordik, yoshlar ittifoqi yetakchisi Azam Yaxshiboyevning bir o‘zi maktabda navbatchilik qilayotgan ekan. Biz direktor (Botir Do‘stbekov) ni qo‘ng‘iroq qilib ham topa olmadik. Shundan so‘ng ma'naviyat ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Abdujalil Egamberdiyevdan maktabga oid ma'lumotlar oldik.

A.Egamberdiyevning hikoya qilib berishicha, mazkur maktabga 1974 yili 8 yillik maktab sifatida asos solingan. Ko‘p binolar o‘shanda qishloq ahlining sa'y-harakatlari evaziga hashar yo‘li bilan solingan. 1980 yilda maktab 10 yillik maktabga aylantiriladi. Eski maktabda xonalar ko‘p bo‘lgan, hattoki darslar bir smenada tashkil etilgani eslab o‘tildi.

2005 yili maktab 180 o‘ringa mo‘ljallab, qayta qurilgan. Shu vaqtgacha 1-9 sinflar 2 smenada bemalol tahsil olib kelgan.

Bugungi kunda maktabda 6 ta (har biri maksimum 30 o‘quvchini sig‘dira oladi) sinfxona, bitta kompyuter xonasi va kichikroq kutubxona mavjud.

Direktor o‘rinbosarining aytishicha, maktablar 11 yillik ta'lim tizimiga qaytgach, maktabda sinf xonasi bilan bog‘liq muammo vujudga kelgan.

Gap shundaki, 2017/18 o‘quv yilida sinflar soni 12 ta bo‘lgan va 2 ta smenada jami 246 nafar o‘quvchini bemalol qamrab olish mumkin bo‘lgan. Joriy yilda 1-sinfga 18 ta bola qabul qilingan. Buyog‘da 11-sinflar ham bor. Sinflar soni 13 taga yetgan. Maktabda o‘qiydigan umumiy o‘quvchilar soni bu yil 264 nafargacha ko‘paygan.

Masalan, maktabda III va VII sinflar ikkitadan. Uchinchi sinfda 17 va 16 nafar, yettinchi sinfda 18 va 16 nafar bola tahsil oladi. Ularni qo‘shib, bir sinfga qo‘shib, sig‘dirishning imkoni yo‘q. Eng ko‘p o‘quvchi IV sinfda tahsil oladi — 29 bola.

«G‘allakon» MFY raisi Sarvar Tashanovning aytishicha, qishloqda 320 ta xonadonda 2222 nafar aholi istiqomat qiladi. Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, narigi qirg‘oqdagilar 28-maktabga boradi. Ortiqcha o‘quvchilarni o‘sha maktabga jo‘natishning imkoni yo‘q. Daryo kechib o‘tish kerak, yaqin ko‘prik esa 3 km uzoqlikda joylashgan.

S.Tashanov maktab hududida joylashgan Mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan bitta xonani vaqtincha sinf uchun ajratib berib turishga kelishishganini bildirib o‘tdi.

Maktabdagi sportzal chindan ham avariya holatida. Undan foydalanilmayapti. Direktor o‘rinbosari A.Egamberdiyevning ta'kidlashicha, direktor mazkur muammo bo‘yicha tuman xalq ta'limi bo‘limiga murojaat qilgan. Udamaliliklarni qiynayotgan muammo kelgusi yili hal bo‘ladigan ko‘rinadi — maktabga qo‘shimcha bino va sportzali qurilishi 2019 yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan.

Biz mazkur masala yuzasidan Baxmal tuman hokimligida ham bo‘ldik. Tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassislari Murod Isoqov va Sirojiddin Siddiqovning ta'kidlashcha, mazkur hududda qo‘shimcha maktab binosi qurilishi bo‘yicha chindan ham 2019 yilgi investitsiya dasturiga taklif kiritilgan.

Keyingi yillarda Baxmal tumanida maktablar, filiallar qurish, ularni kapital rekonstruksiya qilishga jiddiy e'tibor berilayotganini ta'kidlagan mutaxassis S.Siddiqov, ayni paytda tumandagi 12 ta maktabda yangi binolar qurish va kapital rekonstruksiya qilish ishlari tugallanayotganini aytdi. Viloyatda maktab masalasiga jiddiy e'tibor berilayotganiga urg‘u bergan mutaxassis, 29-maktab ham albatta yangi qo‘shimcha binoga ega bo‘lishini aytib o‘tdi.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi ekspluatatsiya xizmati boshlig‘i Madamin Bosimovning bildirishicha, 2019 yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan taklifga ko‘ra, 29-maktabda 120 o‘rinli qo‘shimcha yangi o‘quv binosi, 12×24 m o‘lchamli sport zali qurib beriladi.

Ha, taklif tumandan berilgan. Tumandan tushgan takliflar jamlanib, viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga uzatiladi. U yerdan respublika xalq ta'limi vazirligiga. Respublikadagi vazirliklar taklif loyihalarini tasdiqlab beradi va moliyalashtiradi. O‘ylaymizki, mutasaddilar udamaliliklarni qiynayotgan muammoni ijobiy hal qilib berishadi. Zero, bu maskanga chindan ham qo‘shimcha sinfxonalari kerak.

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid