Light | 20:10 / 23.08.2018
236712
5 daqiqa o‘qiladi

Oyoq-qo‘lingiz ko‘p muzlaydimi? Bu kasallik asorati bo‘lishi mumkin

Insonning oyoq va qo‘llari ko‘pincha muzdek turishiga qator sabablar bo‘lishi mumkin. WebMD ekspertlari ularni tizimlashtirib, kasallik asorati bo‘lishi mumkin bo‘lgan sabablarni keltiradi.

Anemiya

Organizmda qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) yetishmaganda anemiya yoki kamqonlik yuzaga keladi. Sabablar turlicha bo‘lishi mumkin, eritrotsitlar yetishmovchiligi esa birdek namoyon bo‘ladi - charchoq, holsizlik, bosh aylanishi, nafas qisishi va doimiy muzlash, ayniqsa, oyoq va qo‘llarning muzlashi.

Gipotireoz

Gipotireoz – qalqonsimon bez funksiyasining pasayishi, bunda gormon ishlab chiqarish kamayadi. Doimiy muzlash - qalqonsimon bez faoliyatidagi kamchiliklarga ishora qiladi. Kerakli miqdordagi gormonsiz metabolizm sekinlashadi va tana "issiqlik"ni tejay boshlaydi. Gipotireozning boshqa odatiy belgilari - sochlarning oqarishi, terining quruqlashishi va charchoq.

Foto: hpssociety.info

Reyno fenomeni

Shunday holatlar bo‘ladiki, oyoq-qo‘llarning qon tomirlari past harorat yoki stressga kuchli reaksiya namoyon qiladi. Odatda bir necha daqiqadan bir soatgacha davom etuvchi xuruj vaqtida qon tomirlari torayadi, buning natijasida qon ta'minoti buziladi. Bu barmoqlarning muzlashiga va qotib qolishiga olib keladi, ular oq yoki ko‘k tusga kirishi ham mumkin. Qon ta'minoti qayta tiklanganda ular hatto og‘rishi ham mumkin.

Buyraklar kasalligi

Buyraklar organizmdan mahsulotlarni chiqarishga doir funksiyasini yaxshi uddalay olmasa, zararli moddalar xavfli darajagacha to‘planib qolishi mumkin. Bu tana haroratini pasaytirishi va yana boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: shutterstock

II turdagi diabet

Diabetik nevropatiya deb ataluvchi diabet kerakli darajada nazorat qilinmasa, asab to‘qimalariga doimiy hujum muzlash, qotib qolishgacha olib kelishi mumkin, ba'zan esa qo‘l va oyoqlar og‘riydi. Diabetik nevropatiya sekin-asta rivojlanadi va bemor hatto uzoq vaqtgacha buni bilmasligi ham mumkin.

Periferik arteriyalar kasalliklari

Shifokorlar odatda bu kasalliklarni aterskleroz – yog‘ qatlamlarining rivojlanishi belgisi sifatida qayd etishadi, bu kasallik oyoqning periferik arteriyalarini toraytiradi. Agar bir oyoq ikkinchisidan sovuqroq bo‘lsa va ayniqsa, u uvishsa yoki zaiflashsa, bu kasallik belgisi bo‘lishi mumkin.

Asab anoreksiyasi

Bu kaloriyalarning keskin kamayishiga va haddan tashqari ozishga olib keluvchi ovqatlanish tizimining buzilishi. Organizmda yog‘ning yo‘qligi doimiy sovqotishga olib kelishi mumkin, bu ayniqsa oyoq va qo‘llarda yaqqol seziladi. Bunday holat hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Periferik neyropatiya

Periferik neyropatiya — periferik asablar buzilishining namoyon bo‘lishi. Bu alohida kasallik emas, organizmning eng uzun asab tolalarida muayyan patalogik jarayonni aks ettiruvchi belgilar kompleksi. Neyropatiya boshqa belgilar bilan bir qatorda oyoqlar muzlashi bilan ham namoyon bo‘ladi, aslida esa ular issiq bo‘ladi.

Foto: getty images

B12 vitamini yetishmasligi

B12 vitamini organizmga eritrotsitlarni ishlab chiqarish uchun kerak va uning tanqisligi anemiyaga, ya'ni ularning soni kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, insonning muzlashiga olib keladi. B12 vitamini tovuq go‘shti, tuxum, baliq va ba'zi don mahsulotlarida bo‘ladi.

Shuni inobatga olish kerakki, ba'zan hatto to‘g‘ri ovqatlanishda ham bu vitamin o‘zlashtirilmasligi mumkin – bunga kasallik yoki dorilarni qabul qilish sabab bo‘ladi.

Temir moddasi yetishmovchiligi

Organizmda temir moddasining kamligi – doimiy muzlashning eng ko‘p uchrovchi sabablaridan biri. Bu modda kislorodni to‘qimalarga yetkazish va bog‘lash jarayonlarida ishtirok etadi. Temir moddasining yetishmasligi yana shunisi bilan ham xavfliki, bunda qalqonsimon bez bo‘shashib qoladi va natijada gipotireoz yuzaga keladi.

Gipopituitarizm

Gipofiz tomonidan gormon ishlab chiqarishning pasayishi yoki to‘liq to‘xtashi bilan bog‘liq kasallik shu murakkab so‘z bilan qayd etiladi. Insonning muzlashga moyil bo‘lishi buning odatiy belgilaridan biri hisoblanadi, bu kasallikda tana haroratini issiq ushlab turish qiyin.

Uyqusizlik

Metabolizm uyqusizlikdan aziyat chekadi, tana harorati pasayadi, qon aylanishi sekinlashadi – inson doim muzlayveradi. Agar uyqusizlik spirtli ichimliklar iste'moli bilan bog‘liq bo‘lsa, vaziyat murakkablashadi, zero alkogol miyaning organizm haroratini nazorat qilishga javob beruvchi sohasiga salbiy ta'sir qiladi.

Mavzuga oid