Jamiyat | 17:10 / 24.08.2018
14113
5 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi va «Xalq» banki, «Ipak yo‘li» banki, «Milliy» banki hamda «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki o‘rtasida bosh kelishuv imzolandi.

Hamkorlik aloqalari o‘rnatilganidan so‘ng, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasining faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, OAV vakillari, yosh tadbirkorlar va yoshlar qatnashdi.

Foto: Facebook /yoshlarittifoqi

Tadbirda «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasining ijro etuvchi direktori – Bunyodbek Bahrombekov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bo‘lim mudiri – Hakimjon Abdullayev, «Ipak yo‘li» ATIB boshqaruv raisi – Muzaffar Safarov, AT «Xalq banki» boshqaruv raisi o‘rinbosari – Nizomiddin Abbosov, TIF «Milliy bank» boshqaruv raisi o‘rinbosari – Abror Muxammedxonov, «Hamkor bank» ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari – Alisher Mirzayev spiker sifatida fikr bildirishdi.

Foto: Facebook /yoshlarittifoqi

Anjuman davomida Bunyodbek Bahrombekov yoshlarning biznes tashabbuslari, startap, g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga, ishsiz yoshlarni mutaxassislik va biznes yuritish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitishga doir amalga oshirilgan chora-tadbir va islohotlar yuzasidan batafsil ma'lumot berib, shtab faoliyatini sarhisob qildi.

Foto: Facebook /yoshlarittifoqi

Unga ko‘ra, joriy yilning 9 iyul kunidan boshlab hududlarda 140 nafar Respublika idoralari vakillaridan iborat 14ta ishchi guruhlari hududiy shtablardagi faoliyatining maqsad-vazifalari, o‘rganishlar, amaliy ko‘maklar va erishilgan natijalar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Foto: Facebook /yoshlarittifoqi

Barcha tuman(shahar) mahallalari kesimida 51030 nafar mahalliy deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va «Fidoyi yoshlar» otryadlaridan iborat 4861ta kichik guruhlar tuzilgan. Uyma-uy yurilib, yoshlar bilan so‘rovlar o‘tkazish, ularning muammo va qiziqishlarini o‘rganish, hududga «diagnoz» qo‘yish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar mobaynida Respublika bo‘yicha 823489 nafar ishsiz yoshlar aniqlanib, ularning 574032 nafari bandlik masalasida murojaat qilgan. 400867 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit so‘ragan bo‘lsa, 67459 nafar yosh o‘z biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yish uchun joy masalasida yuzlangan.

209544 nafari kasb-hunar o‘rganish, bepul kurslarda o‘qish istagini bildirdi. Mavjud muammolarning ijobiy hal etilishida ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani va Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi tajribalarga tayanildi.

Foto: Facebook /yoshlarittifoqi

Jumladan, tadbirkorlik sohasiga kirb kelayotgan 13261 nafar yoshlar mazkur soha bilan yaqindan tanishtirilib, biznes-rejalar tuzib berildi. 27381 nafari ish bilan ta'minlandi. 6893 nafar yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda.

53975 nafar voyaga yetmaganlar va yoshlar turli yo‘nalishdagi to‘garaklarga jalb etildi. Shuningdek, 3696 nafar yoshlar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, 146 nafar yoshga faoliyat ko‘rsatish uchun bino bilan ta'minlanib, 3032 nafari kasanachilikka jalb etildi.

O‘zbekiston Respublikasi «Markaziy bank» boshqarma boshlig‘i – Komil Ahmedov «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘laridan imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko‘rsatish hamda tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafilliklar berish tartibiga alohida to‘xtaldi. Muloqot davomida ishsiz yoshlarni kasblar va mutaxassisliklarga professional o‘qitish yuzasidan hamda qisqa muddatli kurslar sonini ko‘paytirish va sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Hakimjon Abdullayev fikr bildirdi.

«Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturining joylardagi ijrosi haqida Bosh prokuratura boshqarmasi katta prokurori – Rustam G‘iyasov ma'lumot berdi. Anjuman so‘ngida ishtirokchilar spikerlarga o‘z savollari, taklif-tavsiyalarini berishdi. Qizg‘in kechgan uchrashuvda «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi logotipi uchun tanlov ham e'lon qilindi.

Mavzuga oid