O‘zbekiston | 18:47 / 28.08.2018
10212
3 daqiqa o‘qiladi

Baliq ishlab chiqarish bo‘yicha EIZda qanday qatnashish mumkin?

Foto: uzchinassn.com

Vazirlar Mahkamasining 20.08.2018 yildagi 677-son qarori bilan Toshkent viloyatida «Baliq ishlab chiqaruvchi» erkin iqtisodiy zonasi investitsiya loyihalarini tanlab olish tartibi tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, «Baliq ishlab chiqaruvchi» EIZ 30 yil faoliyat yuritish muddati bilan Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida tashkil etilgan. 

Norma’ning yozishicha, EIZda investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal etish bilan uning direksiyasi, shuningdek Toshkent viloyati EIZ va KSZ Ma'muriy kengashi (bundan keyin – Kengash) shug‘ullanadi.

Quyidagilar investitsiya loyihasini joylashtirish mezonlari hisoblanadi:

• ijaraga beriladigan umumiy suv havza maydonining kamida 10% qismida intensiv usulda baliq yetishtirish va har bir gektar havzadan 8 tonnadan kam bo‘lmagan hosildorlikka erishish;
• yopiq suv aylanma tizimi inshooti qurish va har bir gektarida kamida 300 tonna baliq yetishtirish;
• suv tarmog‘i drenaj tizimlarining yaxlitligini saqlab qolish va umumiy foydalanishda bo‘lishini ta'minlash;
• yuqori mahsuldor naslli ona baliq to‘dalarini shakllantirish;
• tashkilotning ehtiyoji uchun talab etiladigan yuqori oqsilga boy ozuqa bazasini shakllantirish.
 
Investor ishtirok etish uchun EIZ direksiyasiga investitsiya buyurtmanomasini, sh.j. elektron shaklda, zarur hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi. 
 
Kengash buyurtmanomani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilgan ijobiy qaror investor bilan shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi. Investor tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yekti tegishli guvohnoma berilgan holda EIZ ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Qiymati ekv. 5 mln AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalari EIZ va KSZ ma'muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bilan majburiy tartibda kelishiladi. Kelishish chog‘ida Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi, tegishli tijorat banklarining loyiha bo‘yicha xulosalari ham inobatga olinadi.
 
Hujjat 20.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid