Sport | 18:10 / 28.08.2018
48112
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Bugun kurashdagi barcha oltinlar O‘zbekistonga tegdi, delegatsiya umumiy reytingda 2 o‘rin ko‘tarildi

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Osiyo o‘yinlarida kurash jamoasi O‘zbekiston hisobiga yana bir oltin medal olib berdi.

Ayollar o‘rtasida -52 kg vazn toifasida turnirga kelgan Gulnora Sulaymonova finalda hindistonlik Pinski Balharaga qarshi gilamga chiqdi.

U raqib ustidan 10:0 hisobida g‘alaba qozondi va oltin medalga ega chiqdi.

Gulnora Sulaymonova finalgacha indoneziyalik Maya Sari Sembiring, qozog‘istonlik Akjo‘l Kayipxan va mo‘g‘ulistonlik Gerelma Erdenetsogtni mag‘lubiyatga uchratgandi.

Uning finaldagi oltin medali O‘zbekiston jamoasining to‘qqizinchi oltin medaliga aylandi. Bungacha kurash jamoasidan -66 kg vazn toifasida Ma'ruf G‘aybulloyev hamda +90 kg vazn toifasida Muhsin Hisomiddinov oltin medal olgandi.

-66 kg vazn toifasida finalda G‘aybulloyevga qarshi kurashgan Ruslan Bo‘riyev kumush medal bilan kifoyalandi. +90 kg vazn toifasida yarim finalda eronlik raqibiga yutqazgan Nurbek To‘rayev hamda -52 vazn toifasida yarim finalda hindistonlik Pinski Balharaga mag‘lub bo‘lgan Oysuluv Abdumajidova esa bronza medallar bilan kifoyalanishdi.

Endilikda O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida umumiy reytingda 38 medal bilan (9-15-14) Tailandni (9-10-33) ham quvib o‘tib, to‘qqizinchi o‘ringa joylashdi.

Mavzuga oid