O‘zbekiston | 23:10 / 30.08.2018
43242
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident 261 nafar mahbusni afv qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma yetti yilligi bayrami arafasida xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksak namoyon etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, Farmon bilan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi», deyiladi farmonda.

Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytariladi, shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 5 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmonga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid