Jamiyat | 14:58 / 01.09.2018
33902
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyshunos olima, O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Suyima G‘aniyeva 1932 yil Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Sharq fakultetida ta'lim olgan. 1956 yildan O‘zFA Til va adabiyot institutida, Toshkent Davlat konservatoriyasida, 1993 yildan Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida ishlab kelgan. 

Olima adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjimachilik sohasida yaratilgai 20ta kitob va risolalar, 300dan ortiq maqola va taqrizlar muallifi hisoblanadi.

Suyima G‘aniyeva Alisher Navoiy asarlarini nashrga tayyorlagan. Olima «Majolis un-nafois»ning ilmiy-tanqidiy matnini chop ettirgach, «Navoiy dastxati» kitobini o‘quvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami (20 tomlik)da u «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javoxir», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlangan.

Navoiyning nasriy merosini o‘rganish - Suyima G‘aniyeva ilmiy faoliyatining eng salmoqli, eng namunali qismini tashkil etgan.

1999 yilda Suyima G‘aniyeva «El-yurt xizmati» ordeni, 2008 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston qahramoni edi.

Suyima G‘aniyeva bugun, 1 sentabr kuni «Chig‘atoy» qabristonida dafn etiladi.

Kun.uz tahririyati marhumaning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Mavzuga oid