Ular halok bo‘lganiga ishonmaymiz - Aqto‘beda mash'um avtobus ishi bo‘yicha sud boshlandi
Jinoiy ishlar bo‘yicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sudda Aqto‘be oblastidagi yo‘lda fojiali halok bo‘lgan 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘yicha ish yuzasidan jarayon boshlandi.
Sud jarayoniga O‘zbekistonning halok bo‘lgan 52 nafar fuqarosi qarindoshlari kelgan. Ularning bildirishicha, farzandlari hali tirik, deb xabar qilmoqda Vnews.kz.
Yulduz G‘aniyeva ushbu fojia oqibatida birdaniga ikki nafar yaqini - o‘g‘li va nabirasini yo‘qotdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning telefonlari hali ham ishlamoqda. U halok bo‘lganlar ro‘yxatiga tushgan yaqinlariga doimiy ravishda qo‘ng‘iroq qiladi, lekin ularning telefonlari javob bermaydi.
«Biz ular halok bo‘lganiga ishonmaymiz. Ular tirik. O‘g‘lim va nabiramning telefoni hali ham ishlamoqda, lekin javob bermayapti. Ko‘pchilikning telefonlari ishlayapti. Odamlar yonib ketdi, lekin telefonlar yonmagan. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Demak, ular tirik. Ular, ehtimol, qullikda bo‘lishi mumkin», - deya ma'lum qildi u sudda.
Boshqa jabrlanuvchilar ham xuddi shu fikrda. Bunday taxminlardagi asosiy dalil shundaki, ularga halok bo‘lgan yaqinlarining jasad qoldiqlari va o‘limni tasdiqlovchi tahlillar ko‘rsatilmagan. Fojiali o‘lim topgan o‘zbekistonliklarning qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, odamlarni yopiq tobutlarda olib kelishgan va dafn etishgan.
Darvoqe, jabrlanuvchilar jarayonga avtobusda kelib, Aqto‘bedagi ijaraga olingan kvartiralarda joylashdilar. Ular advokatlarni yollashmadi, biroq O‘zbekiston elchisidan sudga kelishni so‘rashgan.
«Biz elchixona vakilini talab qilamiz, u bizning huquqlarni himoya qilishi lozim. Biz advokatlarni yollamaganmiz. Alloh - bizning advokatimiz. Chunki faqatgina Alloh buni ko‘rdi», - deya ma'lum qilishgan ular.
Sudlanuvchilar o‘rnida Janubiy Qozog‘iston viloyatidan bo‘lgan uch nafar avtobus haydovchisi qatnashmoqda. Tergov organlari ularni transport vositasidan noto‘g‘ri foydalanish va yo‘l harakati qoidalarini buzishda ayblashmoqda.
Ammo ayblanuvchilar, xuddi ularning qarindoshlari kabi, aybni tan olishmayapti. Ularning fikricha, ular bilan birga dahshatli fojiada omon qolgan ikki nafar o‘zbekistonlikni ham sud qilish kerak.
«Mening akam Maksat Pernebekovni sud qilishmoqda, garchi u uxlab yotgan bo‘lgan. Fojia yuz berganida uyg‘ongan va avtobusdan sakrab tushib, tasodifan omon qolgan. U kuyish jarohatlarini oldi. Nima uchun faqat uch haydovchini ayblashmoqda? Nima uchun omon qolgan ikki nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinmadi?», - deydi sudlanuvchining opasi Nurshat Pernebekova.
Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning yaqinlari esa boshqacha fikrda. Ular sudlanuvchilar uchun eng og‘ir jazoni talab qilishmoqda. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning ota-onalaridan ikki nafari qayg‘uga bardosh bera olmay vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aqto‘be fojiasi bo‘yicha sud ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirgandi.
Mavzuga oid
15:04 / 10.11.2024
Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlikka chaqirildi
17:12 / 09.11.2024
Qozog‘istonda qattiq qo‘nishni amalga oshirgan harbiy vertolyot yonib ketdi
13:07 / 09.11.2024
Qozog‘iston Britaniya sanksiyalariga duchor bo‘lgan kompaniyalari haqida izoh berdi
20:38 / 06.11.2024