Sport | 15:30 / 04.09.2018
25762
6 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari sarhisobi. Kurashdagi yaqqol ustunlik

Osiyo o‘yinlarida ilk bor joriy etilgan o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqalarda 7 vazn toifasida (-52 kg, -63 kg va -78 kg vazn toifalarida ayollar, -66 kg, -81 kg, -90 kg va +90 kg vazn toifalarida erkaklar) medallar o‘ynaldi va bahslarda jami 28 nafar kurashchi sovrindor bo‘ldi.

O‘zbekiston ushbu musobaqaga 14 nafar polvon bilan tashrif buyurdi va jami 12 medal oldi. 7 oltindan 6tasi o‘zbekistonliklarga tegdi, yana 2 kumush va 4 bronza olindi. Bu orqali O‘zbekiston kurash jamoasi medal jamg‘arish bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi miqyosida birinchi o‘rinni egalladi, ikkinchi o‘rinni bokschilar band etishdi - 5 oltin, 2 kumush.

Ushbu sport turi turnirda ilk marta joriy etilgani e'tiborga olingan holda, o‘zbekistonliklar yaqqon ustunlikka ega bo‘lishi kutilgandi. Lekin aytish kerakki, O‘zbekistonlik 14 sportchi finalda ishtirok etib, oltin va kumush medallarni bo‘lib olishi kuzatilmadi, -81 kg vazndagi Muso Sobirov chorak finalda, -78 kg vazn toifasidagi Dilroza Bozorova esa nimchorak finaldayoq yutqazib, medalsiz qoldi. Shuningdek, +90 kg vazn toifasidagi Nurbek To‘rayev yarim finalda eronlik Jafar Pahlavoniyga, -52 kg vazn toifasidagi Oysuluv Abdumajidova yarim finalda hindistonlik Pinski Balharaga, -63 kg vazn toifasidagi Muxlisa Abdumalikova yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Bayarbat Basanjargalga, -81 kg vazn toifasidagi Sarvar Shomurodov yarim finalda eronlik Ilyos Ali Akbariga yutqazdi.

-81 kg vazn toifasida finalda O‘zbekiston vakili bo‘lmadi. Oltin medal eronlik Ilyos Aliga, kumush medal chorak finalda o‘zbekistonlik Muso Sobirovni, yarim finalda boshqa bir eronlik Omid Taztakni yengib finalga chiqqan tojikistonlik Xo‘jazoda Behruziga nasib etdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekistonlik 8 kurashchi finalda qatnashdi. Kurash bo‘yicha musobaqalarning ilk kunida -66 kg vazn toifasida Ma'ruf G‘aybulloyev va Ruslan Bo‘riyev oltin medal uchun o‘zaro gilamga chiqib, oltin va kumush medallarni bo‘lib olishdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

+90 kg vazn toifasidagi Muhsin Hisomiddinov finalda eronlik Jafar Pahlavoniyni mag‘lub etdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

-52 kg vazn toifasida turnirga kelgan Gulnora Sulaymonova finalda hindistonlik Pinski Balharaning kuragini yerga tekkizdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

-63 kg vazn toifasida Dildor Shermetova finalda mo‘g‘ulistonlik Bayarbat Basanjargalni yengib, Osiyo o‘yinlari oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Kurash bo‘yicha musobaqalarning uchinchi kunida yana ikki o‘zbekistonlik sportchi oltin medal uchun o‘zaro bahs o‘tkazdi. -90 kg vazn toifasida g‘olib nomini aniqlash uchun Shermuhammad Jandriyev va Yahyo Imomov o‘zaro gilamga chiqib, raqibi jarohat olganidan foydalangan Jandriyev g‘alaba qozondi.

-78 kg vazn toifasidagi Kumush Yo‘ldosheva finalda mo‘g‘ulistonlik Otgon Munktsetseg bilan bellashdi va g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha O‘zbekistondan keyingi ikkinchi o‘rindagi Eron bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza oldi.

Osiyo o‘yinlarida medallar hisobi bo‘yicha reyting:

1. O‘zbekiston 6 oltin 2 kumush, 4 bronza;
2. Eron - 1 oltin (-81 kg), 1 kumush (+90 kg), 2 bronza (-81 kg va -66 kg);
3. Mo‘g‘uliston 2 kumush (-78 va -63 kg);
4. Xitoy Taypey 2 bronza (-78 kg va-66 kg);
5. Hindiston 1 kumush (-52 kg), 1 bronza (-52 kg);
6. Tojikiston - 1 kumush (-81 kg);
7. Afg‘oniston 1 bronza (+90 kg);
8. Qozog‘iston 1 bronza (-90 kg);
9. Iordaniya 1 bronza (-90 kg);
10. Vetnam 1 bronza (-78 kg);
11. Indoneziya 1 bronza (-63 kg).

Turnirda medal ololmagan bo‘lishsada, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Tailand, Filippin, Kuvayt, Falastin, Pokiston, Suriya, Iroq va Yaman vakillari ham faol ishtirok etishdi.

Statistikadan ko‘rinib turibdiki, kurash bo‘yicha O‘zbekistonga Eron vakillaridan tashqari, mo‘g‘ulistonlik, tojikistonlik va hindistonlik kurashchilar ham jiddiy raqobat tug‘dirishmoqda. Keyingi turnirlargacha raqiblar bu sport turiga e'tiborni yanada kuchaytirishi va o‘zbekistonlik kurashchilar uchun Indoneziyadagi o‘yinlardagi natija eng yaxshisi bo‘lib qolishi ham mumkin.

Ma'lumot uchun, o‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlariga 2017 yili Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi bosh assambleyasi vaqtida 18-Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgandi. 2006 yili Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan 15-Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha ko‘rgazmaviy chiqishlar qilingandi. Keyinroq ikki marta, 2009 yilda Bangkokda bo‘lib o‘tgan Harbiy jang san'atlari bo‘yicha birinchi Osiyo o‘yinlarida hamda Yopiq inshootlardagi uchinchi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha bahslar o‘tkazilgandi.

1999 yilda Toshkent kurash bo‘yicha ilk jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. Unda Avstraliya, AQSh, Kanada, Boliviya, Chili, Paragvay, Germaniya, Ispaniya, Boltiq bo‘yi mamlakatlari hamda MDH vakillari bo‘lgan 50dan oshiq davlatdan yuzlab kurashchilar ishtirok etgan.

2017 yilda Turkiyaning Istanbul shahri kurash bo‘yicha XI jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Undan avvalroq, 2013 yilda Rossiyada, 2015 yilda esa Eronda kurash bo‘yicha jahon chempionatlari o‘tkazilgandi.

Hozirgacha o‘zbek kurashi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishilmagan.

Mavzuga oid