O‘zbekiston | 13:24 / 05.09.2018
85494
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: qamoqqa olingan bozorqo‘mlar katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgan

Foto: Sputnik

 Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahridagi Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish departamenti va «Bek to‘pi savdo kompleksi», «Chorsu buyum savdo kompleksi», «Chilonzor buyum savdo majmuasi», «O‘rikzor savdo kompleksi» bozorlari, «Eski Jo‘va dehqon bozori», «Yunusobod dehqon bozori» dehqon bozorlari va «Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori» mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish tergov qilinmoqda. 

Avvalroq, Toshkentdagi yirik bozorlarning rahbarlari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, iqtisodiyot asoslariga qarshi qator jinoyatlar sodir etgan 7ta bozor rahbarlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Xususan:

- sifatsiz tovarlarni sotib olish va ularni yo‘q qilishga yo‘l qo‘yish bilan davlatga 27,7 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazilishi;

- bozorlar hududida pullik xizmatlar ko‘rsatilishidan tushgan 3 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ni inkassatsiya qilmaslik yo‘li bilan o‘zlashtirish;

- qayd etilmagan va noqonuniy qurilmalar (omborlar va yengil konstruksiyalar) faoliyatidan tushgan 2 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirish;

- savdo nuqtalari faoliyatidan olingan ijara to‘lovlarini topshirmaslik yo‘li bilan 1 mlrd. so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini o‘g‘irlash;

- savdo nuqtalarini realizatsiya qilishda tadbirkorlardan 2 mingdan 5 ming AQSh dollarigacha miqdorda noqonuniy pul mukofotlarini olish.

Ushbu holatlar bo‘yicha Savdo va bozorlar departamentining mansabdor shaxslariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab; g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) ayblov qo‘yildi va ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

«Yunusobod dehqon bozori» AJ bozori rahbarlari O.Mustayev va B.Yusupov tomonidan - taxminan 800 mln. so‘m, shuningdek, «Toshkent oziq-ovqat zaxira» DUK direktori R.Rasulov tomonidan - 3,9 mlrd. so‘m ularning miqdorida yetkazilgan zarar miqdori qoplangani inobatga olinib, ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Ish bo‘yicha tergov davom etyapti.

Mavzuga oid