Sport | 16:10 / 05.09.2018
12747
3 daqiqa o‘qiladi

Konstantin Tszyu Toshkentga keldi va yosh bokschilarga master-klass o‘tkazdi

Bugun, 5 sentabr kuni Toshkentdagi «Universal» sport saroyida boks bo‘yicha sobiq Yevropa va jahon chempioni, professional boksda o‘z vaqtida WBC, WBA, IBF yo‘nalishlarida chempionlik kamariga egalik qilgan Konstantin Tszyu ishtirokida master-klass tashkil etildi.

«Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbir yig‘ilganlar o‘rtasida katta qiziqishlarga sabab bo‘ldi. Mahorat saboqlari oldidan akrobatik shou namoyish etildi. So‘ngra tadbirning asosiy mehmoni Konstantin Tszyu davraga chiqib keldi va yosh bokschilar bilan mashg‘ulotlar olib bordi. O‘zbek boksining ertangi kun egalari o‘tkazilgan mahorat darslarida o‘zlari uchun yangi bo‘lgan bir qancha bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

Ushbu master-klass tadbirni tomosha qilish uchun tashrif buyurgan faxriylar va maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchilarida bir olam taassurot qoldirdi. Tadbir davomida muxlislar Tszyu bilan suhbatlashib, suratga ham tushishdi», deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Master-klassdan so‘ng ko‘ngilochar tomoshalar ham o‘tkazilgan.

Tadbir yakunida sobiq bokschiga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan maxsus sovg‘ani Bosh kotib Jasur Matchanov topshirdi.

«Yoshim ellikka yaqinlashib qoldi. Ammo, har kuni mashg‘ulot o‘tkazaman. Chunki, o‘zimga-o‘zim va'da berganman. Sizga ham maslahatim shu. O‘zingizga va'da bering va buni amalga oshiring. Mashg‘ulotlarni to‘xtatmang. O‘z maqsadingiz sari intilishda davom eting. Albatta orzuingizga erishasiz», – deydi Tszyu o‘zbekistonlik yosh bokschilarga qarata.

Ma'lumot uchun, Konstantin Borisovich Tszyu 1969 yil 19 sentabrida Rossiyaning Sverdlovsk oblastida tug‘ilgan. Hozirda Moskvada yashaydi. Rossiya va Avstraliya fuqaroligiga ega.

Professional boksda 33ta jang o‘tkazgan va 31 marta g‘alabaga erishib, 2 marta mag‘lubiyatga uchragan. Havaskor boksda esa 282 bor ringga ko‘tarilgan (270ta g‘alaba, 12ta mag‘lubiyat). U 1989 yili Moskvada o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza olgan, 1991 yil Sidneyda o‘tkazilgan jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan. U shuningdek, 1989 yil Afinada va 1991 yil Gyoteborgda o‘tkazilgan Yevropa chempionatlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid