O‘zbekiston | 14:25 / 05.09.2018
293643
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimi uchun to‘lov miqdori ma'lum qilindi​

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 5 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida paxta terim kampaniyasida 1 kg «oq oltin» uchun to‘lanadigan haq miqdorini ma'lum qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, paxta xom ashyosi mashinada terilganda, bir tonna uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha haq to‘lanishi belgilandi. 

Bunda, terimchilar birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 1 kg paxta xom ashyosini terganida 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so‘mdan ish haqi to‘lash belgilandi.

Shuningdek, , aholi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat xarajatlariga 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haqi to‘lanishi aytildi. Masalan, paxta terim mavsumining birinchi bosqichidanoq terimchilar yuqorida qayd etilgan hududlarda 1 kg paxta uchun 950 so‘mdan haq olishi nazarda tutilgan. 

Ushbu mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ta'minlanadi. Shu maqsadda jamg‘armadan 246 mlrd. 404 mln. so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid