Ishtixonlik fermerning haqiga chang solganlar javobgarlikka tortildi - tuman prokuraturasi
Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan Kun.uz saytida e'lon qilingan «Ishtixonda fermerning yeri tortib olindi: endi esa qarovsiz paxta egatlari orasida mosh o‘smoqda» sarlavhali maqola va fuqaro N.Qilichevaning tuman prokuraturasiga yozgan arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Bu haqda Ishtixon tuman prokuraturasi Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etgan.
Aniqlanishicha, tuman hokimining 20.01.2017 yildagi 145-Q-sonli qarori bilan fuqaro N.Qilichevaga fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun «Mitan istiqloli» MMTP hududidan 24,44 gektar yer maydoni ajratib berilgan bo‘lib, N.Qilicheva tomonidan «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligi tashkil etilgan.
2018 yil hosili uchun fermer xo‘jaligining 10,5 gektar yer maydoniga g‘alla ekilib, hosil yig‘ishtirib olingan.
2018 yil hosili uchun fermer xo‘jaligining 13,1 gektar yer maydoniga paxta ekilib, 8 gektar yer maydonida unib chiqqan g‘o‘za niholi o‘ta siyrak, dalani o‘t bosgan va qarovsiz qoldirilganligi aniqlangan.
Ushbu yer maydoni fermer xo‘jaligi rahbari N.Qilichevaning fermer xo‘jaligi yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi arizasiga asosan tuman hokimining 14.06.2018 yildagi 1831-Q-sonli qarori bilan fermer xo‘jaligining 24,44 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan.
Fermer xo‘jaligining yer maydoni 14.06.2018 yilda tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar qaytarib olingan yer maydoniga talabgorlar ishtirokida tanlov o‘tkazilmagan, boshqa fermer xo‘jaligiga berilganligi haqida hokim qarori mavjud emas.
Mazkur yer maydonlaridan «Mitan istiqloli» MMTP rahbari A.Rabbimov vaqtincha foydalanib kelib, ishchilariga g‘alladan bo‘shagan 10,5 gektar yer maydoniga takroriy ekin sifatida mosh ektirganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, «Mitan istiqloli» MMTP rahbari A.Rabbimov vaqtinchalik foydalanib kelayotgan «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligining 13,1 gektar yer maydoniga 2018 yil hosili uchun chigit ekilgan bo‘lib, ushbu yer maydonlarida o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmaganligi oqibatida, g‘o‘zaning tup soni siyrak bo‘lishiga, yer maydonlarini begona o‘t bosishiga va g‘o‘za nihollarini rivojlanishdan orqada qolishiga sabab bo‘lganligi aniqlangan.
Shuningdek, A.Rabbimov o‘zboshimchalik bilan paxta orasiga mosh, sabzi va makkajo‘xori ekkanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydonida «Mitan istiqloli» MMTP raisi A.Rabbimov tomonidan o‘zboshimchalik bilan paxta orasiga begona ekinlar ekkanligi hamda 13,1 gektar paxta maydonida g‘o‘zaga kerakli ishlovlar berilmasdan, yer maydonini o‘t bosishiga va g‘o‘zani rivojlanishdan orqada qolishiga yo‘l qo‘yganligi sababli, unga nisbatan 05.09.2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 107-moddasi 2-qismi va 200-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan.
Mazkur fermer xo‘jaligining 2017-2018 yillardagi shartnomaviy paxta-g‘alla rejasini bajarilishi o‘rganilganida, 2017 yilda paxta rejasini 110,9 foizga, g‘alla rejasini 100 foizga hamda 2018 yilda g‘alla rejasini 56,2 foizga bajarganligi aniqlangan.
«Agrobank» ATB Ishtixon filiali tomonidan «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligiga 2018 yil g‘alla hosilini yetishtirish uchun 9 mln. 278 ming so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan va 2018 yil g‘alla hosili yakuniy hisob-kitobidan qoplangan.
2018 yil paxta xom-ashyosini yetishtirish uchun 26 mln. 119 ming so‘mlik imtiyozli kredit resursi ajratilgan.
«Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligining 05.09.2018 yil holatiga byudjyet va byudjyetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan 450 ming 552 so‘mlik qarzdorligi mavjudligi aniqlangan.
Fermer xo‘jaligining balansida qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud emasligi hamda tuman DSIga topshirilgan hisobotlarida 1 nafar ishchi, ya'ni rahbari N.Qilichevaning borligi aniqlangan.
Maqoladagi fermer xo‘jalikka xizmat ko‘rsatuvchi bank «Agrobank» ATB Ishtixon filiali tomonidan 2017 yil 14 dekabr kuni fermer xo‘jaligi hisob raqamidan 2017 yil paxta hosili uchun ko‘rsatilgan texnika xizmati uchun 2 mln. so‘m miqdorda pul mablag‘larini asossiz ravishda ko‘chirish yo‘li bilan olib qo‘yilganligi holati yuzasidan fermer xo‘jaligining (tadbirkor) 2 mln. so‘mlik pul mablag‘larini asossiz ravishda «Odillik Quvonchbek dalasi» fermer xo‘jaligining hisob raqamiga ko‘chirish yo‘li bilan xususiy mulk huquqini qasddan buzganligi uchun «Agrobank» ATB Ishtixon filiali boshqaruvchisi Sh.Ibragimovga nisbatan 05.09.2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 241-1-moddasi bilan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.
«Agrobank» ATB Ishtixon filiali tomonidan 05.09.2018 yilda «Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligining asossiz ravishda olingan 2 mln. so‘mlik pul mablag‘lari hisob raqamiga qaytarilishi ta'minlangan.
Bundan tashqari, fuqaro N.Qilicheva 2018 yil 25 aprel kuni «Mitan istiqloli» MMTP raisi A.Rabbimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi A.Xalilov va tuman IIBning xodimlari B.Usanov va D.Usmonov yashash uyiga kelib, turmush o‘rtog‘i A.Boboyevga majburlab fermer xo‘jaligi yer maydonlarini topshirish haqida ariza yozdirganligini bayon qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tuman IIB boshlig‘i nomiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish tayinlanib, xizmat tekshiruvi xulosasida tuman IIB profilaktika inspektorlari B.Usanov va D.Usmonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi IIVning me'yoriy hujjatlari asosida olib borilganligi, ular tomonidan noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaganligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, «Mitan istiqloli» MMTP raisi A.Rabbimovning yer maydonlarini takroriy ekin ekish uchun sotganligi, fuqaro N.Qilicheva va A.Boboyevlarning tuman «Xalq qabulxonasi»ga murojaat qilganligi hamda ularga tan jarohati yetkazganligi holatlari aniqlanmagan.
O‘rganish jarayonida fuqaro N.Qilicheva va turmush o‘rtog‘i A.Boboyevlar 2018 yil hosili uchun fermer xo‘jaligining 13,1 gektar yer maydoniga ekilgan g‘o‘za maydonini aprobatsiya qilingandan so‘ng yer maydonini qayta olish yoki olmasligini bildirgan. Shundan keyin tegishli mutaxassislar ishtirokida g‘o‘za maydonini aprobatsiya qilib, gektariga o‘rtacha 5,5 sentnerdan hosil olinishini aytgandan so‘ng yer maydoni kerak emasligini bildirishgan.
«Quvonchbek Qo‘chqorov dalasi» fermer xo‘jaligining yer maydonlari tuman yer zaxirasiga qaytarilgan bo‘lsa-da, ammo tuman hokimligi mutassaddilari tomonidan o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi, natijada yer maydoni A.Rabbimov tomonidan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelinganligi bois, aniqlangan qonunbuzilishlari, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida tuman hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan.
Maqolada ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish natijasi bo‘yicha biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 2018 yil 6 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etilgan.
Tahririyatdan: Albatta, sansalorlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar tegishli jazosini (adolatlimikan?) olgani kishiga biroz taskin beradi. Lekin mazkur dala maydoni tuman prokurorining sektorida joylashgani, vaziyatga tuman prokuraturasi tomonidan nega bu qadar loqaydlik bilan qaralgani, fermerning murojaati faqatgina onlayn nashrda e'lon qilingach mutasaddilar javobgarlikka tortilgani kishini hayratga soladi, xolos.
Mavzuga oid
16:53 / 02.12.2024
Ishtixonda uch metrlik bo‘g‘ma ilon uyda saqlanayotgani aniqlandi
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
16:04 / 01.11.2024
Boyovut hokimi Dilfuza Uralova fermerni haqoratlab, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurdi
10:38 / 13.10.2024