IKEA o‘z dizaynini turli mamlakatlarga qanday moslashtirmoqda?
O‘tgan haftada IKEA Hindistonda o‘zining ilk do‘konini ochdi. Uning assortimenti odatdagidan biroz farq qiladi. Aslida, bu kompaniya uchun odatiy amaliyot: ba'zi mamlakatlarda u tovar va do‘konlar dizaynini o‘zgartiradi. Maqsad – auditoriya talablariga javob berish.
IKEA do‘konlari assortimentining katta qismi turli mamlakatlarda o‘zgarishsiz qoladi. Mahalliy hayot tarzini inobatga olgan holda, kichik detallargina o‘zgaradi. Kompaniya o‘z vakillarini mahalliy uylarni o‘rganish va aholi bilan muloqot uchun yuboradi. Vakillar ehtiyojni o‘rganadi.
Butun dunyodagi IKEA do‘konlarida qanday o‘zgarishlarni uchratish mumkin?
Hindistonda issiq havo va namlikka chidamli mebel sotiladi
Qayta ishlanmagan qarag‘aydan ishlangan mebel Janubiy Hindistonning issiq va nam iqlimida uzoq xizmat qilmaydi. Hind bozori uchun kompaniya boshqa materiallardan foydalanishiga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, Hindistonda tozalashda suvdan ko‘p miqdorda foydalaniladi. Shuning uchun dizaynerlar mebelni namlikdan himoya qilish maqsadida qo‘shimcha tirgaklar qo‘yishdi.
Hindistondagi IKEA do‘konlarida yig‘ma stullar va taburetlardan ko‘p foydalaniladi. Chunki bu mamlakatda ko‘pchilikdan iborat oila a'zolari tez-tez yig‘ilib turadilar.
Xitoyda balkonlar shou-rumlari bor
Xitoydagi IKEA do‘konlarida balkonlarni jihozlashga bag‘ishlangan bo‘lim bor. Xitoyda balkonlar juda mashhur. Mamlakatning janubiy qismida uyning bu qismida kiyimlar quritiladi, shimolida esa oziq-ovqat uchun qo‘shimcha saqlash joyi sifatida foydalanadilar. Xitoyning turli qismlarida joylashgan do‘konlarda ushbu o‘ziga xoslikni kuzatish mumkin.
Koreyada kichik xonadonlar uchun karavotlar sotiladi
Turli mamlakatlardagi yotoqxona va karavotlar to‘g‘risidagi tushunchalar har-xil. Masalan, amerikaliklarda karavot va matraslarning o‘z standarti bor.IKEA Amerika bozoriga kirayotganida xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu yerda ishlatiladigan king va queen size o‘rniga o‘lchamni santimetrda berdi. Xato zudlik bilan to‘g‘rilandi. Xitoy bozoriga kirishda ham kompaniya shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgan: Gonkongga standart o‘lchamdagi karavotlarni olib kelgan, biroq u yerda kichikrog‘i talab etilardi. Keyinchalik IKEA u yerda mahalliy o‘lchamlarni yo‘lga qo‘ydi.
IKEA’ning Hindistondagi shou-rumlarida yotoqxonalarda kattalar yotog‘i yonida bolalar karavoti turganini ko‘rish mumkin. Bu an'analar bilan bog‘liq.
2014 yilda IKEA do‘konlarini Janubiy Koreyada ochishidan avval kompaniya mahalliy aholi bilan ularning uylarida 900 ta so‘rovnoma va uchrashuvlar o‘tkazdi. Natijada Koreya yotoqxonalari o‘lchamlarini hisobga olib, IKEA kichraytirilgan o‘lchamdagi karavotlar tayyorladi.
IKEA restorani menyusi ham o‘zgarmoqda
IKEA’ning Haydaroboddagi restoranida menyuda mashhur shved frikadelkalari qoldirildi. Biroq u yerda vegetariancha shakli sotiladi. Shu bilan birga, mahalliy oshxona taomlari samosa, biryani va mashhur desert gulab, jamunni ham uchratish mumkin. Janubiy Koreyada esa menyuda kimchi bibimbap va koreys barbekyusini tatib ko‘rish imkoniyati bor.
Hindistonda IKEA restorani maydoni boshqa mamlakatlardagiga qaraganda kattaroq. Unga ming kishi joylashadi. Hindlar bu yerga oila bilan tashrif buyurishlari hisobga olingan.
Amerikada suv uchun stakan – guldon o‘lchamiga teng
IKEA Hindistondagi oshxona mebellari balandligini mahalliy ayollar bo‘yiga moslab, qisqartirgan. Yana hind do‘konlarida to‘plamida pichoq mavjud bo‘lgan bolalar idish-tovoqlari yo‘q. Gap shundaki, hindlar pichoqqa qaraganda ko‘proq qoshiqdan foydalanishadi. Shuning uchun IKEA bu mamlakatda to‘rtta qoshiqdan iborat to‘plamni sotadi.
Xitoyda kompaniya guruch qaynatgich va tayoqchalarning keng assortimentini taklif etadi. Xitoydagi shou-rumlarda oshxona mebeli juda ixcham. Chunki Xitoyda oshxonalar maydoni odatda kichik.
IKEA o‘z mahsulotlari dizaynini Amerika auditoriyasiga moslab o‘zgartirgan. 1990-yillarda kompaniya Amerika bozoriga kirayotganida guldonlarga bo‘lgan katta talabni sezdi. Ma'lum bo‘lishicha, amerikaliklar guldonlardan suv ichish maqsadida xarid qilishar ekan. Chunki standart shved stakanlari ular uchun juda kichkina.
Mavzuga oid
13:26 / 28.06.2024
Gazeta: IKEA konserni Ukrainaga qaytyapti
10:43 / 30.10.2021
IKEA qanday qilib xaridorlarni ko‘proq pul sarflashga majbur qiladi?
14:53 / 16.09.2021
«Bu faqat taklif sifatida aytilgan» - Davron Hidoyatov prezidentga taqdim etilgan, lekin ochilishi rad etilgan IKEA mebel fabrikasi haqida
12:46 / 19.03.2021