Jamiyat | 08:49 / 11.09.2018
20028
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva mardikor ayollar haqida gapirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi jamiyatning og‘ir nuqtalaridan bo‘lgan mardikor ayollar muammosi va ayollarni ish bilan ta'minlash masalalari haqida gapirdi, deb yozmoqda O‘zA.

“Ayollar borasidagi, umuman, aholidagi ijtimoiy muammolar ishsizlik oqibatida kelib chiqadi. Biz ishsizlikni hal etsak qolgan muammolar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi. Bu haqida Prezidentimiz ham ma'ruzalarida ko‘p bora ta'kidlab o‘tganlar. Biz uyma-uy yurib, muammolarni o‘rganishda shuni aniqladikki, hozirda ishsiz ayollar bandlik xizmatlari keltirgan raqamlardan uch barobar ko‘p. Biz uyma-uy yurib muammolarni aniqlar ekanmiz, asosan, ayollarni ish bilan ta'minlashga ko‘proq ahamiyat beryapmiz. 

Ayollarni ish bilan ta'minlash jarayoni uch yo‘nalishda amalga oshirilmoqda.

Birinchi yo‘nalishga ko‘ra, davlatimiz tomonidan ajratilgan bandlik bo‘yicha alohida dasturlar bor. U yerda ayollar uchun maxsus ajratilgan ish o‘rinlari mavjud bo‘ladi. Biz shu ish joylariga ayollarimizni jalb etyapmiz. Ikkinchidan, har bir korxona va tashkilotlarda bo‘sh o‘rinlar bo‘ladi. Mana shu ish o‘rinlarini biz mehnat bandlik xizmatidan olib mahallalarga borib, ishsiz o‘tirgan ayollarga taklif etyapmiz. Uchinchidan, korxona, tashkilotlarda davlatimiz tomonidan kvotalangan ish o‘rinlari bor. Bu kvotalangan ish o‘rinlari odatda ko‘p bolali ayollar, nogironligi bor fuqarolar, jazoni o‘tash hududlaridan qaytganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun ajratilgan bo‘ladi. 

Ko‘pincha korxonalar o‘ziga muammo orttirishni istamagan holda ushbu kvotalarni ajratmaydilar. Shuning uchun biz korxonalar bilan maxsus kvotalar haqida gaplashib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko‘p bolali ayollarni ana shu o‘rinlarga tavsiya etyapmiz. Undan tashqari, Xotin-qizlar qo‘mitasining tashabbusi bilan mahallalardagi bo‘sh yotgan joylarda turli sexlar tashkil etilib, u yerlarga ayollarni ishga jalb etyapmiz. So‘nggi olti oy yakunlariga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha jami 131 ming nafardan ortiq ayol ish bilan ta'minlandi. Undan tashqari, hozirda bir oygina pilla yetishtirish bilan shug‘ullangan, uyida ikkita sigir boqqan ayollarga mehnat daftarchasi ochishga ruxsat berilgan. Bu albatta, ayollarimizni ijtimoiy himoyalash uchun amalga oshirilmoqda”, deydi T.Norboyeva.

Mavzuga oid