Jahon | 11:08 / 11.09.2018
22515
2 daqiqa o‘qiladi

Uzoq Sharqda Rossiya tarixidagi eng katta harbiy mashqlar boshlandi

Foto: tvzvezda

Uzoq Sharqda «Vostok-2018» harbiy mashqlari boshlandi, u zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik mashqlarga aylanadi. Bu haqda RIA «Novosti» Rossiya Mudofaa vazirligining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentiga tayanib xabar bermoqda.

«Vostok-2018» qo‘shinlarning harbiy mashg‘ulotlari Rossiyaning Uzoq Sharqida boshlandi», - deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Mashqlar 11-17 sentabr kunlari Rossiyaning Uzoq Sharqida va Tinch okeaniga qo‘shni suvlarda ushbu mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoygu rahbarligida o‘tkaziladi. Ta'kidlanishicha, ular so‘nggi 37 yil ichidagi eng katta harbiy mashqlar bo‘ladi. Ularda jami 300 ming harbiy, o‘n minglab zirhli mashinalar, vertolyotlar, samolyotlar va uchuvchisiz uchar qurilmalar qatnashadi. Shuningdek, Mo‘g‘uliston va Xitoydan kelgan harbiylar mashqlarga qo‘shilishi kutilmoqda.

Mudofaa vazirligidan xabar berishlaricha, «Vostok-2018»da Rossiya mudofaasini ta'minlash uchun qo‘shin guruhlarining turli usullari ishlab chiqiladi. Rossiya harbiy mahkamasidan aniqlik kiritishlaricha, mashqlar uzoq masofalarda qo‘shinlarning qayta guruhlanishini rejalashtirish va amalga oshirishda harbiy boshqaruv organlari tayyorgarligini tekshirish uchun zarurdir. Shuningdek, mashqlarda quruqlik guruhlari bilan harbiy-dengiz kuchlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni tashkil etishga e'tibor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin «butun dunyoga kuchli signal» bo‘lgan mashqlarga borishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid