O‘zbekiston moliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 10 sentabrdagi 3938-sonli qaroriga asosan Dilshod Shuhratovich Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i - vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Dilshod Sultonov 1980 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, iqtisodchi. 2002 yilda Toshkent temir yo‘llari va transport institutini tamomlagan.
Moliya vazirligi tizimida ish faoliyatini 2003 yildan boshlagan. 2003-2012 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Soliq siyosati boshqarmasi bosh iqtisodchisi, bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i. 2013-2017 yillarda Moliya Vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i, Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.
2017 yilning sentabr oyidan hozirgi kungacha Dilshod Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat byudjyeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moliya vazirligida yangi tayinlovlar yuz bergandi.