Jahon | 11:09 / 14.09.2018
4374
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon rahbari Trampni matbuotga zug‘um o‘tkazgani uchun tanqid qildi

Foto: AP

Amazon.com internet kompaniyasi, Blue Origin aerokosmik kompaniyasi asoschisi va The Washington Post nashriyot uyi egasi Jyeff Bezos AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma'muriyatini matbuot vakillariga zug‘um o‘tkazgani uchun tanqid qildi.

"Matbuotni yovuz qilib ko‘rsatish judayam xavfli… Demokratik yo‘l bilan saylangan hech bir amaldor, xoh u prezident yoki gubernator bo‘lsin, matbuot uni maqtashini va gazetalarda unga yoqadigan sarlavhalar bo‘lishini kutmasligi darkor", — dedi Bezos Vashingtondagi Iqtisodiy klubdagi chiqishida.

"Bilasizmi, u “meni tanqid qilishyapti, bu juda zo‘r, chunki aslida shunday bo‘lishi kerak", deyishi lozim”, — dedi Bezos. U Washington Post jurnalistlarini xolis bo‘lishga chaqirishini ta'kidladi. "Men ularga: hattoki ma'muriyat sizlar bilan urush holatida bo‘lsa ham sizlar u bilan urush holatida bo‘lmasligingiz kerak. Shunchaki o‘z ishingizni bajaring, deyman", — dedi biznesmen.  

6 noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar yaqinlashishi bilan keyingi vaqtda Tramp va uning ma'muriyati haqida tanqidiy chiqishlar soni oshib ketdi. AQSh ma'muriyati bunday chiqishlarga nisbatan muntazam ravishda raddiyalar beri kelmoqda. Trampning o‘zi esa OAVni "soxta xabarlari" uchun tanqid qiladi.

AQSh prezidenti matbuot bilan ancha oldin urush boshlagan. U prezidentlikka saylangandan buyon Amerika ommaviy axborot vositalari bilan kelisha olmayapti. AQSh prezidenti hatto o‘tgan yili eng yolg‘onchi OAV reytingini tuzishni va ularga mukofot berishni ham taklif qilgandi. 2018 yil boshida esa Donald Tramp o‘zining Twitter’dagi sahifasida ana shunday ro‘yxatni e'lon ham qildi.

 

Mavzuga oid